Bogʻdorchilik-uzumchilik shirkatlarida ahvol qanday?

18:03 20 Noyabr 2020 Siyosat
164 0

Oliy Majlis Senatining 2019-yilning avgust oyida boʻlib oʻtgan uchinchi chaqiriq yigirma birinchi yalpi majlisida bogʻdorchilik-uzumchilik shirkatlarining amaldagi faoliyati va ularning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborilgan edi.

Bugun, 20-noyabr kuni boʻlib oʻtayotgan Senatning toʻqqizinchi yalpi majlisida ushbu parlament soʻrovi natijalari koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, parlament soʻrovida bogʻdorchilik-uzumchilik shirkatlari faoliyatini toʻliq xatlovdan oʻtkazish, yer uchastkalari va bino-inshootlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatiga olish, oʻzboshimchalik bilan egallab olingan va samarasiz foydalanilayotgan resurslarni qonun hujjatlariga muvofiq zaxira yerlar toifasiga qaytarish va boshqa muammolar koʻtarilgan edi. Ushbu masalalarni hal qilish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi tomonidan amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanganligi yalpi majlisda alohida qayd etildi.

Shuningdek, bogʻdorchilik-uzumchilik shirkatlari faoliyatini tartibga solish mexanizmini yana-da takomillashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori loyihasi ishlab chiqilib, joriy yilning iyul–avgust oylarida regulation.gov.uz portaliga umumxalq muhokamasi uchun joylashtirilgan. Mazkur loyihada nazarda tutilgan vazifalar parlament soʻrovida koʻtarilgan masalalarni tizimli ravishda hal qilishga qaratilgan. Biroq bugungi kunga qadar mazkur qaror loyihasi qabul qilinmaganligi senatorlar tomonidan aytib oʻtildi.

“Bogʻdorchilik-uzumchilik shirkatlari” oʻtgan asrning 80 yillariga qadar shaharlar hududida joylashgan, koʻp qavatli uylarda istiqomat qilib kelgan yirik sanoat korxonalari, tashkilot va muassasalar ishchi-xodimlariga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish uchun ajratilgan yer maydonlarida tashkil etilgan.

Biroq keyingi yillarda ushbu xoʻjaliklar bu funksiyani deyarli bajarmay qoʻydilar. Bugun dala hovlilarning aksariyati avvalgidek dam olish kunlari borib, ekin ekadigan joylar emas, balki yil davomida yashab, roʻzgʻor tebratadigan joylarga aylanganligi taʼkidlab oʻtildi. Shuningdek, koʻpchilik dala hovlilardan, bu ayniqsa, Toshkent viloyati va boshqa hududlardagi togʻ va togʻ oldi hududlarda kuzatiladi, tijorat maqsadlarida foydalanilmoqda. Nomini soʻrasangiz, dala hovli, aslida esa mehmonxona, choyxona, kafe va boshqa shu kabi maishiy xizmat joylari ekanligi aytib oʻtildi.

Bundan tashqari, Adliya vazirligi maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda bogʻdorchilik uzumchilik shirkati aʼzoligiga qabul qilish va undan chiqarish tartibiga rioya qilinmayapti. Shirkat boshqaruvi bilan bogʻliq korporativ nizolar koʻpaygan.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan hujjat loyihasida nazarda tutilgan bogʻdorchilik-uzumchilik shirkatlari uchun ajratilgan yer uchastkalarida joylashgan bino va inshootlarga boʻlgan mulk huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazishga oid qoidalar qonun hujjatlariga zid ekanligi borasida jiddiy eʼtirozlar bildirilgan. Qolaversa, loyihaning ayrim bandlarini qayta koʻrib chiqish lozimligi hamda mazkur hujjat loyihasini taklif etilgan tahrirda qabul qilishning maqsadga muvofiq emasligi ham aytilgan. Bu esa mazkur masala yuzasidan joyiga chiqqan holda puxta va jiddiy oʻrganishlarni amalga oshirish zaruratini koʻrsatmoqda.

Yuqoridagilarga asosan bogʻdorchilik-uzumchilik shirkatlari faoliyatini kompleks oʻrganish, yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash, bartaraf etish va sohani tartibga solish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 13-noyabrdagi 490–f-sonli farmoyishi qabul qilingan.

Mazkur farmoyish bilan shirkatlar faoliyatini kompleks oʻrganish maqsadida respublika ishchi guruhi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tumanlar (shaharlar) ishchi guruhlarining namunaviy tarkibi tasdiqlangan.

Shu jihatdan yalpi majlisda bogʻdorchilik-uzumchilik shirkatlari hududida qurilgan imoratlarni turar-joy toifasiga oʻtkazishning ochiq va shaffof mexanizmlarini joriy etish lozimligiga alohida urgʻu berildi. Bunday shirkatlar joylashgan hududlarda ijtimoiy soha obyektlari faoliyatini aholining real soniga mutanosib ravishda rivojlantirish, shuningdek jinoyatchilikka qarshi kurashish chora-tadbirlarini kuchaytirish hamda huquqbuzarliklar profilaktikasini tizimli ravishda yoʻlga qoʻyish zaruratiga ham eʼtibor qaratildi.

Ushbu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?