Bobur Alixonov: «Quruq axborotlar emas, chuqur tahliliy materiallar ustida ishlayapmiz...»

01:12 02 May 2018 Siyosat
1211 0

Ayni paytda mazkur markaz respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish, noto‘g‘ri ma’lumotlardan buzg‘unchi va boshqa g‘ayriqonuniy maqsadlarda foydalanish imkoniyatini bartaraf qilish uchun yuz berayotgan voqealar haqida aholini o‘z vaqtida xabardor etish, jamiyatda yuksak huquqiy madaniyatni, qonunga hamda inson huquqlariga hurmat munosabatlarini shakllantirish bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligini oshirish yo‘lida izchil faoliyat yuritib kelmoqda. Muxbirimiz shular va sohaga doir boshqa masalalar xususida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Axborot-tahlil multimediya markazi direktori, qator yirik medialoyihalar muallifi Bobur ALIXONOV bilan suhbatlashdi.

— Avvalo, mazkur Axborot-tahlil multimediya markazi ish faoliyatini yo‘lga qo‘yishda yondashuv qanday bo‘lgani haqida gapirib bersangiz.

— Mutlaqo boshqacha, ya’ni kreativ, innovatsion hamda pragmatik. Markazga professional prodyuser, muharrir, muxbir, operator va boshqa texnik xodimlar, ya’ni mohir ijodkorlar ishga qabul qilindi. Amaldagi idoraviy matbuot xizmatlaridan farqli ravishda, ishlash prinsipi ham o‘zgardi. Ya’ni bu yerda barcha televizion ishlab chiqarish texnologiyalariga asoslangan ijodiy jarayonda yakuniy mediamahsulot tayyorlanadi. Markazimiz davlat muassasasi sifatida shakllantirilib, unga Bosh prokuratura boshqarmasi maqomi berilgan. U boshqa boshqarmalar bilan yaqin hamkorlikda faoliyat yuritadi. Masalan, axborot yoki matbuot xizmatlari faqat ma’lumot yoki yangilik berish bilan cheklansa, Multimediya markazi asosiy urg‘uni tahlilga, mavzularni ekspertlar fikr-mulohazalari bilan taqqosda yoritishga qaratadi. Zero, bizning vazifamiz zamonaviy texnologiyalar hamda yondashuvlardan foydalangan holda, axborot-tahliliy va turli formatdagi mediamateriallar, shu jumladan, teleko‘rsatuvlar, videosharhlar, ijtimoiy reklamalar, voqea joyidan reportajlar tayyorlash hamda efirga, shuningdek, internetga uzatishdir.

— Tizimdagi islohotlar prokuratura organlari xodimlari dunyoqarashi, faoliyatida qanday aks etmoqda?

— Hamkasblarim bilan Bosh prokuratura tizimida deyarli yarim yildan buyon ishlab kelayotganim bois shuni aniq aytishim mumkinki, soha xizmatchilarining nafaqat dunyoqarashi, ishga yondashuvi, faoliyat uslubi, balki timsoli ham o‘zgardi. Bugungi prokuratura bir paytlardagi hammani zirillatadigan, jazolovchi organ emas, balki xalqning ichiga kirib borib, odamlarga yaqindan yordam berayotgan idoraga aylandi. Xodimlar “Oddiy insonlarga qanday ko‘mak bersam ekan, jamiyatga qanday naf keltirsam ekan?!” degan tafakkur bilan yashashayapti, mehnat qilishmoqda. Nafaqat prokuratura, balki boshqa huquq-tartibot organlarining psixologiyasi, ishga munosabati, davlat va jamiyatdagi o‘z o‘rnini to‘g‘ri aniqlab, ravon yurishi bo‘yicha nuqtai nazari tamomila o‘zgarmoqda. Binobarin, Prezidentimiz aytganidek, ular adolat posboni, haqiqat hamda odamlarning himoyachisi bo‘lishi kerak. Ayni ushbu tamoyillar huquq-tartibot organlari vakillarining chinakam hayotiy mezoniga aylanib borayotganini kuzatish mumkin. Masalan, oldinlari ular odamlar bilan suhbatlashganda yoki fuqarolarni qabul qilganda, asosan, rasmiy gaplashgan bo‘lsa, endilikda xalq bilan sayyor uchrashuvlarda, bevosita ochiq muloqotlarda, telekamera oldida samimiy, oddiy va xalqchil muloqotga kirishishga o‘rganishmoqda.

— Qayd etib o‘tganingizdek, bugun jamiyat hamda odamlar hayotida salbiy ma’nodagi qoliplar, qotib qolgan aqidalar yo‘qolib borayapti. Xususan, Multimediya markazi bu boradagi ishlar samaradorligini yuksaltirishda qanday ishlarni amalga oshirayapti?

— Albatta, so‘nggi ikki yilda muayyan stereotiplar barham topayotganini ko‘rayapmiz. Shu nuqtai nazardan, bevosita faoliyatimizga to‘xtalib o‘tsak, yaxshi bilasiz, ilgarilari Prezidentning Farmon va qarorlari oynai jahonda suxandon tomonidan o‘qib berilar hamda shu bilan cheklanilardi xolos. Lekin “Tomoshabin bunday muhim hujjatlarni qanday qabul qilayapti, qay darajada anglamoqda, tushunmoqda?!” degan savollar ba’zida ochiq qolardi.

Ma’lumki, har bir inson rasmiy uslubdagi matnni tinglar ekan, ma’lum vaqt o‘tib miyasi uni qabul qilmay qo‘yadi. Bu tabiiy fiziologik jarayon. Shunday ekan, har qanday mediamahsulot, avvalo, odamlar ruhiyati, psixologiyasi, hissiyotlariga ta’sir etishi lozim. Binobarin, markazimiz shu kabi muhim hujjatlar sharhini tayyorlashda aynan mazkur jihatlarga, jumladan, neyrolingvistik omillarga, kompyuter grafikasiga, infografik tasvirlarga ham alohida e’tibor qaratayapti.

Yurtboshimiz tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlar mohiyatini xalqqa yetkazishda hayotiy misollar, kundalik turmushimizdagi jarayonlar, holatlar, tendensiyalar, insonlar taqdiri va faoliyati orqali, soha mutaxassislari fikrini inobatga olib, oddiy, ammo matn mazmunini boyitadigan mediashakllardan foydalanishga alohida ahamiyat bermoqdamiz. Zero, har qanday Qonun, Farmon yoki qarorning amaliyotga to‘g‘ri joriy qilinib, samarali ishlashi hamda ijro etilishida mana shunday noan’anaviy va o‘ziga xos targ‘ibot usullari nihoyatda muhim o‘rin tutadi. Mohiyatni yetkazish qanchalik samarali bo‘lsa, amalda vazifalarni bajarish hamda shu yo‘lda jamiyatni safarbar qilish shuncha oson kechadi. Bu boradagi telesharhlarimiz, mediamateriallarimiz “qotib qolgan” muayyan qarashlarni yo‘qqa chiqarib, o‘z kutilgan natijasini berayotganini teletomoshabinlar, internet auditoriyasi tomonidan bildirilayotgan ijobiy fikrlar misolida o‘rganib bormoqdamiz.

Kezi kelganda aytish kerakki, Multimediya markazi rasman 8 yanvardan ish boshlagan bo‘lsa, o‘tgan davr ichida ana shunday innovatsion usullarda televideniye kanallari orqali sharhlar, lavha va reportajlar, ko‘rsatuv hamda davra suhbatlari, ijtimoiy roliklar kabi turli formatdagi 200 dan ortiq mediamahsulotlarni efirga uzatdik. Ayni chog‘da internet, xususan, bugun omma ongu shuuriga juda katta ta’sir ko‘rsatib kelayotgan va nafaqat ichki, balki tashqi axborot makonida ham keng qamrovga ega ijtimoiy tarmoqlarga o‘z mahsulotlarimizni muntazam joylashtirib borayapmiz. Misol uchun, Farg‘onadan tayyorlangan, eshak go‘shti bilan bog‘liq fosh qilingan jinoyat ishi bo‘yicha materialimizni “Facebook” hamda “Youtube” sahifalarida jami yarim milliondan ziyod foydalanuvchilar ko‘rdi. U virtual mediamaydonda ham juda katta aks sado berdi.

Yana bir bor qayd etishni istardimki, materiallarni tayyorlashda shunchaki axborot yetkazish emas, balki tahlil, tahlil va yana bir bor tahlilga jiddiy e’tibor qaratayapmiz.

Shu o‘rinda bir misolni keltirmoqchiman. Ayni vaqtda matbuot hamda efir to‘lqinlarida tomorqadan foydalanish masalasi haqida ko‘p gapirilmoqda. Biroq bizning nazarimizda, bu vazifani to‘la ado etishga faqat targ‘ibot va tashviqot yoxud kampaniyabozlik bilan erishib bo‘lmaydi. Insonlarimiz ongiga ta’sir etishning eng samarali usuli — qiyosiy tahlil hamda ko‘rgazmali taqqos. Mana, o‘zingiz tasavvur qiling: rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra respublikada 440 ming gektar maydon shaxsiy tomorqalar ixtiyorida. Aniqlanishicha, aholi ularning 20 foizidan deyarli foydalanmayapti. O‘z navbatida, muxbirimizning Parkent tumanidagi oddiy xonadonlarning biridan tayyorlagan lavhasiga ko‘ra, oila a’zolari 2 sotix yerga ekilgan pomidor va bodring hisobidan 5 million so‘m sof foyda olar ekan. Demak, shu asnoda hisoblansa, bir gektar maydondan o‘rtacha 250 million so‘m daromad olish mumkin. Endi buyog‘i oddiy arifmetika: mamlakat miqyosida 88 ming gektar ishlatilmayotgan yerlardan ko‘riladigan foyda 22 trillion so‘mni tashkil qilishi mumkin ekan. O‘t bosib yotgan tomorqa egalari qancha mablag‘dan bebahra qolayotganlarini bir o‘ylab ko‘rsalar, foydadan xoli bo‘lmasdi.

— Studiyangiz mo‘’jazgina ekan.

— Mo‘’jaz bo‘lgani bilan shinam, barcha shart-sharoitga ega. Moddiy-texnika bazasi mustahkam. Bu yerda LED-ekranlar, kameralar, yoritish, ovoz berishning yagona innovatsion tizimi ko‘p funksionallik xususiyatlarini o‘zida uyg‘unlashtirgan. Davlatimiz rahbari qaroriga muvofiq, televizion uskunalar jamlamasi, xususan, turli effektlar beradigan tasvirga olish, kompyuter, dasturiy ta’minot, aloqa hamda boshqa texnika vositalari, raqamli uskunalar, transport, uchuvchisiz parvoz qiladigan tasvirga olish apparatlari (dronlar) olindi. Endilikda internetdan keng foydalanish sharoitlari yaratildi. Bularning barchasi AKTdan oqilona foydalanish, ishga tezkor va samarali yondashish imkoniyatini berayapti. Albatta, har qanday texnologiyani boshqarish o‘z-o‘zidan inson omiliga borib taqaladi. Bu yerda ishlaydigan mutaxassislar yetuk, istalgan vazifani qisqa muddatda sifatli bajara olishi lozim. Zero, OAVga mediamahsulot berar ekanmiz, u, albatta, boshqa muqobillariga nisbatan har tomonlama sifatli bo‘lishi kerak. Shunga yarasha xodimlarimizning moddiy-maishiy ahvolini muntazam oshirib borish, ularning ijodiy kamoloti hamda bardavomligini ta’minlash Bosh prokuratura rahbariyatining doimiy diqqat-e’tiborida.

Studiyamizda “Kun mavzusi — dolzarb muammo” ruknida intervyular, davra suhbatlari, uchrashuvlar o‘tkazamiz. Ularda mutaxassislar ishtirokida to‘ylardan tortib, sement narxigacha bo‘lgan mavzular muhokama qilinayapti. Hali hech kimga aytilmagan bir yangilikni siz bilan bo‘lishaman. Yaqin kunlarda mamlakatimizning to‘rtta hududi — Nukus, Samarqand, Farg‘ona va Termizda muxbirlik punktlari ochiladi. Bu dastlabki qadamlar. Keyinchalik boshqa viloyatlarda ham ana shunday barcha texnik vositalarga ega bo‘lgan bo‘linmalarimiz tashkil etiladi. Muxbirlar, operatorlar bevosita o‘ziga biriktirilgan mintaqalardan viloyat prokuraturalari bilan hamkorlikda materiallar tayyorlab uzatadi.

Asosiy xulosalardan biri shuki, biz izlanmasak, joyimizda depsinib turaversak, hech qachon oldinga siljimaymiz. Bir qadam bo‘lsa ham, faqat oldinga yurish kerak. Ayniqsa, jamiyat ko‘zgusi hamda eng ilg‘or vakillari bo‘lgan bizning kasb xodimlari uchun bu o‘ta zarur. Chunki jamiyat hayoti tez ildamlab ketayapti. Men to‘la mas’uliyat bilan aytamanki, bugun jurnalist uchun hech qanday chegara yoki taqiq yo‘q. Har qanday mavzu bo‘lsa, uni qonun doirasida va umummilliy manfaatlar yo‘lida bemalol ko‘tarib chiqishimiz mumkin. Kimki ma’lumotni birinchi bo‘lib bersa yoki dolzarb materiali bilan o‘z muxlislarini topsa, bu faqat birgina OAVning emas, balki barchamizning, umuman, jamiyatimizning yutug‘i. Zero, barchamiz bitta mamlakat, yagona yurt ravnaqi uchun ishlayapmiz.

«Xalq so‘zi» muxbiri
Saidjon MAXSUMOV suhbatlashdi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?