Bobur Alixonov: OAVga haqiqiy va fidoyi jurnalistlar kerak. U oʻz sohasini ipidan ignasigacha bilsin...

17:24 14 Dekabr 2018 Jamiyat
624 0

Foto: XPK

Ayni paytda Bosh prokuratura huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazi taniqli rejissyor va kinoijodkorlar ishtirokida badiiy va hujjatli filmlar tayyorlamoqda.

Uning dastlabki qismi Markaz tashkil etilgan kun arafasida efirga uzatilishi kutilyapti. Filmlarda Markazning yil davomida amalga oshirgan ishlari, prokuratura organlari tomonidan ochilgan jinoyatlar va boshqa masalalar qamrab olinadi.

Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida oʻtkazilgan seminarda maʼlum qilindi. Unda qatnashgan mahalliy va xorijiy ekspertlar, davlat idoralari vakillari, jurnalistlar mavzu doirasida oʻz munosabatlarini bildirdilar.

Bugungi kunda ommaviy axborot vositalari — matbuot, tele va radio, internet saytlari orqali huquqiy mavzularni yoritish borasida oʻsish kuzatilgan. Jurnalistlarning davlat idoralari va boshqa muassasalari matbuot xizmatlari bilan hamkorligi ham faollashgan. Ammo buni soha rivoji uchun yetarli, deb boʻlmaydi. Ayrim muammo va kamchiliklar ham yoʻq emas. 

Xoʻsh, ular nimalarda koʻrinadi?

Bobur ALIXONOV,
Bosh prokuratura huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazi direktori:

— OAVga haqiqiy va fidoyi jurnalistlar kerak. U oʻz sohasini ipidan ignasigacha bilsin. Lekin afsuski, hamma joyda ham bunday emas. Ular orasida jurnalistikada oʻqimagan, sohani yaxshi tushunmaydigan boshqa soha vakillarini ham koʻrasiz. Bu holat soha taraqqiyotiga putr yetkazadi.

Bugungi kunda Markazda nafaqat huquqiy hujjatlarga sharhlar, sodir etilgan jinoyatlarga oid, balki agrar tarmogʻi boʻyicha ham alohida yoʻnalish ochilib, tahliliy materiallarni tayyorlayapmiz. Shu kungacha Markaz tomonidan 500 dan ortiq turli mavzudagi sharhlar eʼlon qilindi. Bunda “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari va boshqa nashrlar, axborot agentliklari bilan tuzilgan hamkorlik memorandumlari ularning yanada kengroq yoritilishida muhim oʻrin tutmoqda.

Sherzodxon QUDRATXOʻJAYEV,
Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, “Xalqaro press-klub” raisi:

— Tezkorlikda birinchi boʻlaman, deb xolislik va haqqoniylikni qoʻldan boy berish, bu — jurnalistika qonun-qoidalari hamda etikasiga ham toʻgʻri kelmaydi. Axborot ortidan quvish kerak, lekin jurnalistikaning oltin qoidalarini chetlab oʻtmaslik lozim. Bugun yurtimizda faoliyat yuritayotgan baʼzi ijtimoiy tarmoqlar, xususan, internet saytlarida ana shunday holatlar kuzatilyapti. Jurnalistlar malakasini oshirishni tizimli yoʻlga qoʻyish kerak. Shu maqsadda universitetimiz qoshida huquqiy va jurnalistikaning boshqa yoʻnalishlarida malaka oshirish kurslarini tashkil etmoqchimiz. Qolaversa, harbiy jurnalistlarni tayyorlaydigan yoʻnalishni ham ochishni rejalashtirganmiz.

— Yurgen BЕKЕR, YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori loyihalar boʻyicha katta maslahatchi:
— Oʻzbekistonda soʻz erkinligi taʼminlangan. Ayniqsa, bu borada OAVda sezilarli oʻzgarishlar kuzatilyapti. Davlat organlari, xususan, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar esa OAV uchun ochiq. Biz ushbu yoʻnalishda huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda oʻzaro tajribalar almashish, yangi loyihalarni tatbiq etishdan manfaatdormiz.

Konstruktiv tarzda oʻtgan seminarda muammo va kamchiliklar yechimiga doir takliflar, fikr-mulohazalar bildirilib, shu asosda hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlari belgilab olindi.
Rahim ShЕRQULOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?