BMTning Oʻzbekistondagi xalqaro tashkilotlari bilan onlayn davra suhbati oʻtkazildi

21:50 14 Sentyabr 2020 Siyosat
155 0

Yaqinda Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tashabbusi bilan BMTning Oʻzbekistondagi bir qator xalqaro tashkilotlari vakillari bilan onlayn davra suhbati oʻtkazildi.

Muloqotdan koʻzlangan asosiy maqsad BMT va Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti bilan oʻzaro hamkorlik hamda dunyodagi yoshlar holatini oʻrganish, ular duch kelayotgan muammolarni muhokama etish kabi dolzarb yoʻnalishlarda birgalikdagi harakatlarni amalga oshirish etib belgilandi.

Onlayn tadbirda Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari D.Tashmuxamedova, YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mammadzoda, Birlashgan millatlar tashkilotining Taraqqiyot dasturi, Aholishunoslik jamgʻarmasi, Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash boshqarmasi vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi va boshqalar ishtirok etdi.

Davra suhbatida Yoshlar parlamenti va xalqaro tashkilotlarning oʻzaro faol hamkorligi xususida fikr bildirildi. Xususan, YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Yoshlar parlamenti bilan doimiy hamkorlikka tayyorligi, ular bilan koʻplab muhim loyihalarni amalga oshirish mumkin ekanligi taʼkidlandi.

Shuningdek, Yoshlar parlamenti aʼzolari bilan treninglar tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilishi, qolaversa, “Birlashgan millatlar tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarida – Yoshlar parlamentining oʻrni” mavzusida trening hamda BMTning 75 yilligiga bagʻishlab, gender va notiqlik mahorati yoʻnalishlarida motivatsion sessiyalar tashkil etilishiga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?