“BMTda ilk bor Navoiy tilida”

15:23 23 Sentyabr 2020 Jamiyat
367 0

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning videoanjuman tarzida oʻtkaziladigan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 75-yubiley sessiyasidagi chiqishini, yuksak minbarda turib ona tilimizda maʼruza qilishini vatandoshlarimiz qatori men ham ilhaq boʻlib kutyapman.

Muhtaram Prezidentimizning eng nufuzli xalqaro anjumanda oʻzbek tilida maʼruza qilishi ona tilimizga davlat tili maqomi berilganining 31 yilligiga munosib tuhfa boʻladi. Oʻzbek tilida soʻzlangan nutqning jarangi, ohang va jozibasi har bir vatandoshimizga gʻurur va iftixor tuygʻusini berishi shubhasiz.

Turkiyaning eng nufuzli nashrlaridan biri “Jumhuriyat” gazetasida “BMTda ilk bor Navoiy tilida” deya davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning oʻzbek tilida nutq soʻzlashi haqida olqishlangan maqola chop etilgani ham bejiz emas. Maqolada Oʻzbekiston Markaziy Osiyodagi “turkiy davlatlar orasida” eng koʻp nufusga ega davlat ekani, mamlakat aholisi asosan oʻzbeklardan iboratligi, qoʻshni davlatlar ham koʻp sonli oʻzbeklar yashashi qayd etilgan. Mamlakatimizda boshqaruv tizimi yangilanayotgani, qoʻshni va mintaqadagi davlatlar bilan ishonchli hamkorlikka intilishlari diqqatga sazovorligi eʼtirof etilgan. Yurtboshimiz boshchiligida “Yangi Oʻzbekiston”da OAV ochiqligi, gender tengligi, majburiy mehnatni tugatish, inson huquqlari, kambagʻallikka qarshi kurashish kabi yoʻnalishlarda katta natijalarga erishayotgani, Turkiya Oʻzbekistondagi yangi va keng koʻlamli oʻzgarishlarga yana-da koʻproq eʼtibor berishi, oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligi, mamlakatning tinchlikparvar siyosati ilk bor Navoiy tilida dunyoga xitob qilinishi ezgu maqsadlar yoʻlidagi eng muhim amaliy harakatlardan biri ekani taʼkidlangan.

Bugun Prezidentimizning maʼruzasi ilk bor ona tilimizda butun dunyo xalqlariga qarata yangraydi. OAV, ijtimoiy tarmoqlar orqali milliardlab insonlar tomosha qiladi, tinglaydi. Bundan ortiq baxt, quvonch boʻladimi, men oʻzbekman, oʻzbek farzandiman, buyuk ajdodlarning qoni oqadi tomirimda degan har bir insonda. Xalqimga, ayniqsa, yoshlarga qarata aytamanki, bu tarixiy voqea ona tilimizga boʻlgan cheksiz hurmat, milliyligimizni, oʻzligimizni qadrlashga boʻlgan ehtirom belgisidir.

Bugun mana shu muqaddas tuproqni bizga Vatan qilib tashlab ketgan ota-bobolarimizning ruhlari shod boʻlmoqda. Jannatmakon Oʻzbekistonda inson qadr topayotgani, barcha ezgu va xayrli ishlar xalqning baxtli yashashiga, dunyoda azizu mukarram boʻlishiga qaratilganining yorqin ifodasidir. Zotan, vatanparvar avlodlar ajdodlar ruhlarini shod qilish uchun ularga loyiq boʻlish qobiliyatini namoyon etmoqda.

Mana shunday betakror yurtda yashayotganimdan baxtiyorman. Muhtaram Prezidentimizning odilona siyosatiga, xalq manfaati, yurt taraqqiyoti yoʻlida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarimizga koʻz tegmasin. Shu Vatanda yashayotgan har bir fuqaro bundan-da baland marralar zabt etilish uchun bor kuch-gʻayratini ishga solib, amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirok etmogʻi har qarz, ham farzdir.

Tursinoy MURATOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?