BMT Maxsus maʼruzachisi tashrifining yakunlari: tafsilotlar, taassurotlar, tavsiyalar

18:33 27 Sentyabr 2019 Siyosat
262 0

(Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov bilan suhbat)

 BMT Inson huquqlari kengashining sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisi Diyego Garsiya-Sayan shu yil 19 — 25-sentyabr kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda boʻldi. Avvalo, ushbu tashrifning muhim xususiyatlari haqida qisqacha soʻzlab bersangiz?

— Fikrimcha, BMT Maxsus maʼruzachisi Diyego Garsiya-Sayan mamlakatimizdagi davlat hokimiyati organlarining barcha birinchi rahbarlari bilan uchrashib, yuzma-yuz muloqotda boʻlgani mazkur tashrifning asosiy xususiyatlaridan biri hisoblanadi.

Ayniqsa, u Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qabulida boʻlganida mamlakatda 2016-yildan buyon izchil amalga oshirilayotgan noyob islohotlar dasturi haqida atroflicha fikrlashish imkoniga ega boʻlganidan mamnunligini izhor qildi. Davlatimiz rahbarining yetakchilik salohiyatini, milliy va xalqaro darajadagi tashabbuslari, xususan, sud-huquq tizimida amalga oshirayotgan islohotlarini eʼtirof etishini bildirdi.

Oʻzbekiston Konstitutsiyasi 11-moddasiga muvofiq, mamlakatimiz davlat hokimiyati tizimi — hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga boʻlinishi prinsipiga asoslanadi. Shu maʼnoda, sud tizimining faoliyatiga qonun chiqaruvchi hokimiyat ham, ijro etuvchi hokimiyat ham aralashishi mumkin emas.

Xuddi shu prinsip BMT Maxsus maʼruzachisining Oʻzbekistonga tashrifidan koʻzlagan maqsadi bilan chambarchas bogʻliq. Shuning uchun u qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati mutasaddilari bilan koʻplab uchrashuvlar oʻtkazdi.

Xususan, qonun chiqaruvchi hokimiyat tizimini oladigan boʻlsak, Oliy Majlis Senati Raisi, Qonunchilik palatasi Spikeri va Ombudsman bilan muloqotda boʻldi.

Ijro etuvchi hokimiyat tizimidan — Tashqi ishlar vaziri, Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz direktori, Adliya vaziri, Ichki ishlar vaziri, Bosh prokuror, shuningdek, Samarqand va Fargʻona viloyatlaridagi ichki ishlar, adliya hamda prokuratura organlari rahbarlari bilan muloqotda boʻldi. Har ikki viloyatda Prezident Xalq qabulxonalari mutasaddilarining ishlari bilan tanishdi.

Sud hokimiyati tizimini olib qaraydigan boʻlsak, Oliy sud raisi, Konstitutsiyaviy sud raisi, Sudyalar oliy kengashi raisi va Sudyalar oliy maktabi rahbari, bundan tashqari, Samarqand va Fargʻona viloyatlari, shahar, tumanlararo sudlar rahbarlari va sudyalar bilan uchrashganini aytish lozim boʻladi.

BMT Inson huquqlari kengashining sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisi yurtimizdagi fuqarolik jamiyati institutlarida ham uchrashuvlar oʻtkazdi. Advokatlar palatasida advokatlar bilan muloqotda boʻldi. Bundan tashqari, huquq himoyachilari bilan suhbatlashdi. Nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining davra suhbatida ham ishtirok etdi.

Shuningdek, janob Diyego Garsiya-Sayan bilan Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universitetida beshta oliy taʼlim muassasasidan jam boʻlgan 100 nafardan ziyod huquqshunos talaba-yoshlar oʻrtasida juda qiziqarli uchrashuv boʻldi. Bu uchrashuvda Xalqaro Vestminster universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi hamda Bosh prokuratura akademiyasi tinglovchilari ishtirok etdi.

Bundan tashqari, BMT Maxsus maʼruzachisi tashrifining yakunida ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida matbuot anjumani oʻtkazdi. Mazkur tadbir toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatildi.

Shunday qilib, nufuzli xalqaro tashkilotning martabali eksperti oʻzini qiziqtiradigan barcha masalalar boʻyicha birlamchi va ishonchli manbalardan maʼlumot olish imkoniga ega boʻldi.

Bu fikrlarni janob Diyego Garsiya-Sayanning oʻzi ham eʼtirof etdi. “Kimlar bilan uchrashishni istagan boʻlsam, barchalari bilan muloqotda boʻlish imkoni yaratilganidan minnatdorman”, dedi mehmon tashrifi yakunida.

Darvoqe, u mazkur tashrifga tayyorgarlik koʻrishiga qadar Oʻzbekiston haqida umri davomida faqat bir martagina, oʻshanda ham 1966-yili Toshkentda zilzila sodir boʻlgani toʻgʻrisida eshitgan ekan, xolos. Endi esa “Oʻzbekistonda atigi bir hafta yurgan boʻlsam-da, xuddi yarim yil shu yerda yashagandek oʻzimni emin-erkin his etdim”, deb aytdi safar yakunida janob Diyego Garsiya-Sayan.

— BMT Inson huquqlari kengashi sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisining ushbu tashrifidan koʻzlangan asosiy maqsad nima edi? Va shu maqsadga erishildimi?

— Bu savolingizga asosli javob berish uchun, oldin Diyego Garsiya-Sayanning mandatiga, yaʼni uning lavozimi bilan bogʻliq vakolatlariga eʼtibor qaratish oʻrinli, deb oʻylayman.

Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachi instituti BMT Inson huquqlari boʻyicha komissiyasi (hozirgi — BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi) 1994-yilda qabul qilgan rezolyutsiya asosida taʼsis etilgan. Oʻtgan 25 yil davomida Maxsus maʼruzachilar qariyb 40 ta mamlakatga tashrif buyurishgan.

Maxsus maʼruzachi — inson huquqlari boʻyicha muayyan mamlakatdagi vaziyat yoki aniq bir mavzuni oʻrganish va bu haqda maʼruzalar taqdim etish uchun BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi tomonidan tayinlanadigan mustaqil ekspertdir. Bugungi kunda BMT tizimida inson huquqlarining turli sohalariga ixtisoslashgan 44 nafar maxsus maʼruzachi mavjud.

Maxsus maʼruzachi faxriy lavozim hisoblanadi. Yaʼni, u BMT xodimlari sirasiga kirmaydi va unga ish haqi toʻlanmaydi. Maxsus maʼruzachi faoliyatining xolisligi va begʻarazligini taʼminlashda bu omil muhim ahamiyat kasb etadi.

Diyego Garsiya-Sayan asli Lotin Amerikasi mintaqasidagi Peru mamlakatida tugʻilib-oʻsgan taniqli yurist, malakali sudya va mohir diplomatdir. U BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisi lavozimiga 2016-yili dekabr oyida tayinlangan va keyingi chorak asr ichida shu lavozimda ishlayotgan beshinchi ekspertdir.

Endi bevosita Diyego Garsiya-Sayanning mamlakatimizga tashrifidan koʻzlangan asosiy maqsadga toʻxtalamiz.

Maʼlumki, oʻtgan uch yil davomida hayotimizning barcha sohalari qatori sud-huquq tizimida ham shiddatli islohotlar amalga oshirildi. Keyingi davrda Oʻzbekiston sud-huquq tizimiga xalqaro standartlarni joriy qilish orqali sudya va advokatlarning mustaqilligini taʼminlash Harakatlar strategiyasining asosiy vazifalaridan biri etib belgilangan.

Bu borada muayyan natijalarga erishilgani xalqaro ekspertlar tomonidan eʼtirof etilmoqda. Diyego Garsiya-Sayanning taʼkidlashicha, ana shu tub yangilanishlarning mohiyati, jumladan, sudyalarning mustaqil qaror qabul qilishiga xalal beradigan siyosiy taʼsirlarni kamaytirishga qaratilganida yaqqol namoyon boʻlmoqda.

Moʻtabar mehmon sud-huquq tizimini isloh qilish, sudlar mustaqilligini taʼminlash, odil sudlov tamoyillarini qaror toptirish borasida Oʻzbekistonda qisqa fursatda erishilgan bir qator ijobiy oʻzgarishlarga eʼtibor qaratdi.

Birinchidan, yangi konstitutsiyaviy organ — Sudyalar oliy kengashi tashkil etilgan boʻlib, u sud tizimi va sudyalar mustaqilligini taʼminlash borasida keng vakolatlarga ega.

Ikkinchidan, Sudyalar oliy kengashi qoshida Sudyalar oliy maktabi ochilgani, oʻz navbatida, sudyalarni oʻqitish va malakasini oshirish ishlarining muntazamligini taʼminlashga qaratilgan.

Uchinchidan, oʻz xizmat vazifalarini bajarayotgan sudyalarning xavfsizligini taʼminlash boʻyicha zarur choralar koʻrilgan.

Toʻrtinchidan, sudlov maʼmuriyatiga taalluqli bir qator maʼmuriy va texnik funksiyalar Adliya vazirligi tasarrufidan chiqarilib, Oliy sud huzurida yangi tashkil etilgan Sudlar faoliyatini taʼminlash boʻyicha departament vakolatiga oʻtkazilgan.

Beshinchidan, Oliy sud veb-saytida sud qarorlari muntazam eʼlon qilib borilmoqda, odil sudlovdan foydalanish shaffofligi va qulayliklarini taʼminlash maqsadida sud tizimiga raqamli axborot texnologiyalari izchil tatbiq etilmoqda.  

Oltinchidan, Advokatlar palatasi ijro etuvchi hokimiyatdan mustaqil faoliyat yuritishini taʼminlashga doir kafolatlar yaratilgan.

Yettinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatini joriy etish sohasida bir qancha taʼsirchan qadamlar qoʻyilgan, jumladan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilingan va uning ijrosini taʼminlash mexanizmlari ishlab chiqilgan.

BMT Maxsus maʼruzachisi Oʻzbekistonda keyingi uch yilda oqlov hukmlari keskin koʻpayganini sudlarning prokuraturadan mustaqil, erkin faoliyat olib borishlarini taʼminlash borasidagi amaliy ishlarning yaqqol natijasi, deb baholadi. Soʻnggi yillarda mamlakatimizda jinoyatchiliklar soni 2,5 barobar kamayganini ham eʼtirof etdi.

BMT Maxsus maʼruzachisi Samarqand va Fargʻona viloyatlariga safari paytida yana ikkita muhim yangilikni kashf etganini aytdi.

Birinchi yangilik — sudlarga tatbiq etilgan “E-sud” milliy tizimidir. Mazkur milliy elektron sudlov axborot tizimi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi, BMT Taraqqiyot dasturining “Oʻzbekistonda qonun ustuvorligi yoʻlida hamkorlik” qoʻshma loyihasi doirasida ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan.

Diyego Garsiya-Sayan ushbu tizim fuqarolik ishlarini sudlarda koʻrib chiqish muddatlarini qisqartirish, sud xabarnomalari va hujjatlarini taraflarga yetkazish mexanizmlarini takomillashtirish, bu borada sansalorlik va byurokratizm holatlariga yoʻl qoʻymaslik kabi maqsadlarga xizmat qilayotganini Samarqandda ham, Fargʻonada ham oʻz koʻzlari bilan koʻrdi va qoyil qoldi.

Mehmon “E-sud” milliy tizimi sudyalarning ishini juda osonlashtirishi va yengillashtirishi bilan birga, atrof muhitni himoya qilish va daraxtlarni asrab-avaylash imkonini ham berishiga eʼtibor qaratdi.“Chunki mazkur yangi tizim joriy etilishi tufayli sudlov ishlari jarayonlarida qanchadan-qancha qogʻozlar isrof boʻladigan avvalgi ish uslubidan voz kechilmoqda”, dedi u.

BMT Maxsus maʼruzachisi: “Men Perudagi sudlar bilan aloqa oʻrnatib, vatanimdagi sudyalarni ham mazkur tizimdan foydalanishga oʻrgatishingizni taklif etaman”, degan fikrlarni bildirdi.

Mehmonni hayratga solgan ikkinchi yangilik — Xalq qabulxonalari faoliyatidir. U Xalq qabulxonalari boshqa aksariyat mamlakatlar amaliyotida uchramaydigan tamomila yangi tajriba ekanini taʼkidladi. “Bunday samarador muassasani ilk bor koʻrib turibman va Xalq qabulxonasi faoliyati menda katta taassurot qoldirdi”, dedi D.Garsiya-Sayan.

Chindan ham, Xalq qabulxonalari mavjudligi tufayli endi kishilar oʻz muammolariga yechim izlab poytaxtga ovora boʻlib qatnamaydi. Binobarin, ularning oʻz uylariga yaqin manzillarda davlat muassasalariga murojaat qilishlari uchun eng oson va qulay imkoniyatlar muhayyo etilgan.

Bu tizim, BMTning martabali eksperti qayd etganidek, xalq bilan davlat oʻrtasida mustahkam muloqot va doʻstona munosabat oʻrnatilishiga xizmat qiladi. Afsuski, bunday hayotiy va demokratik muassasalar Lotin Amerikasi mamlakatlarida hali mavjud emas. Oʻzbekiston xalqini ushbu ulkan yutuq bilan qutlayman”deya oʻz samimiy tilaklarini bildirdi moʻtabar mehmon.

Uning fikricha, Oʻzbekiston Prezidentining Xalq qabulxonalari timsolidagi noyob muassasalar barcha mamlakatlarda tashkil etilishi lozim. Chunki ular davlat rahbari bilan xalq oʻrtasida ishonchli muloqot oʻrnatish uchun imkoniyat yaratadi, dedi janob D.Garsiya-Sayan.

Muxtasar aytganda, mazkur tashrifdan koʻzlangan maqsad, bir tomondan, BMT Maxsus maʼruzachisining oʻz vakolatlariga taalluqli sohalar doirasida Oʻzbekiston tomoni bilan muloqotlar olib borish, boshqa tomondan, oʻzaro hamkorlik istiqbollarini oʻrganishdir.

— BMT Maxsus maʼruzachisining dastlabki xulosa va tavsiyalari nimalardan iborat boʻldi?

— Jamiyatimiz ham, jahon jamoatchiligi ham bir masalada yakdil hamda hamjihat, deb oʻylayman. Yaʼni, mamlakat sud tizimining tom maʼnoda mustaqilligi va odil sudlov erkinligini taʼminlash sohasida Oʻzbekiston Prezidenti boshlab bergan demokratik islohotlarning qaytmasligini taʼminlash zarur.

Bu, oʻz navbatida, mazkur sohada yangi, yanada muhim vazifalarni bajarishni taqozo etadi. Janob Diyego Garsiya-Sayan bu haqda fikr yuritar ekan, baʼzi bir masalalar yuzasidan oʻzining dastlabki tavsiyalariga toʻxtaldi.

Ushbu tavsiyalar asosan:

  • sudyalarni saylash va tayinlash;
  • sudyalarning lavozimida ishlab qolishini kafolatlash;
  • sudyalarni professional asosda tayyorlash;
  • sud raislarini tayinlash tartibi va ularning vakolatlari koʻlamini qayta koʻrib chiqish;
  • sudyalarga intizomiy chora koʻrish tartib-taomillarini mukammallashtirish;
  • Oliy sud kengashi aʼzolarini saylash va tayinlash tizimini takomillashtirish;
  • prokuratura tizimi vakolatlarini qisqartirish;
  • advokatlar sonini oshirish va yosh huquqshunoslarni ushbu kasbga qiziqtirish uchun targʻibot ishlarini kuchaytirish istiqbollari bilan bogʻliq.

BMT Maxsus maʼruzachisi bir hafta davomida mamlakatimizdagi davlat tashkilotlari, vazirlik va muassasalar rahbarlari, fuqarolik jamiyati institutlari faollari, sudyalar, prokurorlar, advokatlar, talaba-yoshlar bilan oʻtkazgan qariyb 40 ta uchrashuvi yakunlari asosida milliy huquqiy tizimni yanada takomillashtirishga doir ana shu dastlabki xulosa va tavsiyalarini matbuot anjumani orqali jamoatchilik eʼtiboriga havola etdi.

Albatta, Oʻzbekistonga tashrif yakunlari boʻyicha Maxsus maʼruzachi xulosa va tavsiyalarining BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashiga taqdim etilishi koʻzda tutilgan.

— Tashrifning ahamiyati nimada? BMT Maxsus maʼruzachisining xulosa va tavsiyalari davlatimiz taraqqiyoti va jamiyatimiz ravnaqiga qanday hissa qoʻshadi? Sodda qilib aytganda, bundan odamlarimizga nima foyda tegadi?

— Toʻgʻri va loʻnda savol. Xuddi shunday javob qaytarishga harakat qilaman.

Avvalambor, nufuzli xalqaro tashkilotning katta vakolatlarga ega moʻtabar vakilining mamlakatimizga tashrifi biz uchun, taʼbir joiz boʻlsa, kompas vazifasini oʻtadi.

Yaʼni, biz sud-huquq tizimida uch yildan buyon toʻgʻri va asosli yoʻnalishda — xalqaro standartlar hamda ilgʻor xorijiy tajribaga mos holda izchil islohotlarni amalga oshirayotganimizni tekshirib, aniqlab, bunga yana bir bor amin boʻlib oldik. Natijada:

Birinchidan, bu ishonch islohotlarning ortga qaytmasligiga boʻlgan qatʼiy irodamizni mustahkamlaydi.

Ikkinchidan, bizni islohotlarning yangi, yanada yuksak va masʼuliyatli bosqichlari sari ilhomlantiradi, bu yoʻlda bizga katta kuch hamda azmu shijoat bagʻishlaydi. 

Uchinchidan, mamlakatimizda qonun ustuvorligini taʼminlash va yurtdoshlarimizning sudlarga boʻlgan ishonchini oshirishga xizmat qiladi.

Toʻrtinchidan, jahon hamjamiyatining Oʻzbekistonga boʻlgan ishonchi yanada ortadi, natijada dunyo boʻylab imijimiz yuksaladi.

Beshinchidan, Oʻzbekistonning xalqaro nufuzi va obroʻ-eʼtibori yuksaladi, natijada bizga doʻst insonlar, xayrixoh xalqlar hamda hamkor davlatlar soni koʻpayib boraveradi.

Oltinchidan, jahon miqyosidagi ishonch, obroʻ-eʼtibor va yuksak imij Oʻzbekistonning jozibadorligi bundan ham oshishini taʼminlaydi. Oʻz navbatida, milliy iqtisodiyotimizga xorijiy investitsiyalarning jalb etilishi ortadi.

Yettinchidan, dunyoning turli mamlakatlaridan oqib keladigan investitsiyalar, albatta, yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini taʼminlashda gʻoyat muhim oʻrin tutadi.

Xulosa qilib aytganda, BMT Inson huquqlari kengashining sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisi Diyego Garsiya-Sayanning mamlakatimizga rasmiy tashrifi tom maʼnoda tarixiy ahamiyatga egadir. Bunday muhim tashriflarning odamlarimiz baxtli va toʻkis yashashlari uchun nafi nihoyatda katta, deb hisoblayman.

“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?