BMT: «Koronavirus tufayli dunyoda yana 176 mln kishi qashshoqlashishi mumkin»

20:55 13 Sentyabr 2020 Dunyo
256 0

Koronavirus pandemiyasining dunyoda qashshoqlik darajasining oʻsishiga taʼsiri kuchayishda davom etmoqda, eng yomoni hali oldinda. Bu haqda 11-sentyabr kuni BMT maʼruzasiga tayanib The Guardian xabar berdi.

BMTning qashshoqlik va inson huquqlari boʻyicha maxsus maʼruzachisi Olive de Shutterning aytishicha, agar bir kunlik yashash uchun zarur miqdor oʻrtacha 3,2 dollar deb olinadigan boʻlsa, dunyoda 176 million kishi qashshoqlar qatoriga qoʻshilishi mumkin.

U pandemiyaning iqtisodiy oqibatlari tinchlik davrida misli koʻrilmaganligini taʼkidlab, vaziyatni 30 yillardagi Buyuk depressiya bilan taqqosladi.

Uning aytishicha, turli mamlakatlarda davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasida kamchiliklar bor va u qisqa muddatli xarakterga ega, ajratilgan mablagʻlar esa yetarli emas. Oqibatda koʻplab fuqarolar rasmiylar eʼtiboridan chetda qolib ketmoqda. Shuningdek, koʻpchilik odamlar kompyuter savodsizligi yoki internetga kirish imkoniyati yoʻqligi sababli hukumatning yordam dasturlaridan foydalana olmayotganini qoʻshimcha qilgan.

Olive de Shutter, shuningdek, sentyabr oyida BMT Bosh assambleyasida yigʻiladigan dunyo rahbarlariga qashshoqlikni yoʻq qilish va dunyodagi tengsizlikni kamaytirish uchun yana-da qatʼiy qadamlar koʻrishga chaqirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?