BMT doirasidagi xalqaro tashabbuslarda yangi tendensiyalar

13:19 23 Sentyabr 2020 Siyosat
204 0

Birlashgan Millatlar Tashkiloti(BMT) Bosh Assambleyasining 75-yubiley sessiyasi jahonda vujudga kelgan epidemiologik vaziyat munosabati bilan tarixda ilk bor videoanjuman shaklida boʻlib oʻtkazilyapti. Prezidentimiz joriy yil 23-sentyabr kuni mazkur yubiley sessiyasining yuqori darajadagi umumsiyosiy munozaralarida ishtirok etadi. Davlatimiz rahbari sessiyaning yalpi qismida soʻzga chiqib, xalqaro hamjamiyat eʼtiboriga mintaqaviy va global ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan oʻz nuqtayi nazarlarini taqdim etadi hamda Oʻzbekistonni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab beradi.

Shu oʻrinda shuni taʼkidlash joizki, Yurtboshimiz 2017-yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida boʻlib oʻtgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqlarida ham qator muhim taklif va fikr-mulohazalarini bayon etgan edilar. Jumladan, tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, mintaqaning suv resurslaridan oqilona foydalanish, Orol fojiasidan jabr koʻrgan aholiga amaliy yordam koʻrsatish boʻyicha bildirgan fikrlari, dengiz kartasini qoʻliga olib, donor davlatlar bilan xalqaro tashkilotlarning eʼtiborini qaratganlari – bu xalqimiz tomonidan hech qachon unutilmaydigan tarixiy voqealardan sanaladi.

Albatta, davlatimiz rahbari tashabbuslari barcha jabhalar qatori global ekologik muammolarning oldini olish va bartaraf etishda ham muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda. Xususan, 2018-yilning noyabr oyida BMT shafeligida Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida trast fondi tashkil etildi. Mazkur fondga shu kunning oʻzida Xitoy, Norvegiya, Qatar singari bir qator davlatlardan donorlik mablagʻlari kelib tushgani, bularning barchasi Orol muammosining chin maʼnodagi butunjahon muammosi sifatida tan olinganligidan dalolat beradi.

Mazkur jamgʻarmaning maqsadi – xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va donor hamjamiyatining mablagʻlarini Orolboʻyi mintaqasidagi ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilashga qaratilgan murakkab chora-tadbirlarni amalga oshirishga safarbar etishdan iborat. Tashkil etilganidan buyon donorlar tomonidan Jamgʻarmaga 11,2 million dollar miqdorida mablagʻ ajratilgan.

Joriy yil iyul oyida Trast jamgʻarmasi Boshqaruv qoʻmitasining videokonferensiya tarzidagi boʻlib oʻtgan 4-yigʻilishida Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha Koʻpsheriklik Trast jamgʻarmasining 2019-yil dekabr oyida oʻtkazilgan birinchi qabuli doirasida loyihaviy moliyalashtirish uchun taqdim etilgan talabnomalarni baholash natijalari koʻrib chiqildi. Talabnomalarning birinchi qabuli doirasida umumiy qiymati 3,1 million dollarga teng boʻlgan 2 loyiha tasdiqlandi va moliyalashtirildi.

Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik Trast jamgʻarmasiga Finlyandiya 1 million yevro, shuningdek, Yevropa Ittifoqi 5 million yevro miqdorida mablagʻ yoʻnaltirdi. Koreya Respublikasi hukumati bilan Jamgʻarmaga 1 million yevro miqdorida hissa qoʻshish toʻgʻrisida bitim imzolanishi kutilmoqda.

Mamlakatimizda ham Orol inqirozining salbiy oqibatlarini yumshatish chora-tadbirlariga alohida eʼtibor berilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2018-yil 15-16-noyabr kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashriflari davomida berilgan topshiriqlari asosida hududda ekologik muhitni yaxshilash hamda Orolboʻyi mintaqasining barqaror rivojlanishini taʼminlash boʻyicha mahalliy ijro hokimligiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining birinchi oʻrinbosari, Moʻynoq, Qoʻngʻirot, Taxtakoʻpir, Qoraoʻzak hamda Kegeyli tumanlari hokimlarining ekologiya va Orolboʻyi hududini rivojlantirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari lavozimi joriy etildi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasini 2019-2021-yillarga moʻljallangan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturida sogʻliqni saqlash tizimi, qurilish, toʻqimachilik, farmatsevtika, oziq-ovqat, sayyohlik va kimyo sanoatini rivojlantirish boʻyicha umumiy qiymati 1,5 milliard dollarlik mingdan ortiq loyihani oʻz ichiga oladi. Shu barobarida, Oʻzbekiston Respublikasining 2020-2022-yillardagi Investitsiya dasturi doirasida Qoraqalpogʻistonda umumiy qiymati 3,4 milliard dollarlik 28 ta loyiha amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.

Mintaqani yana-da rivojlantirish boʻyicha kompleks ishlarning ustuvor yoʻnalishlari sanoatni rivojlantirish, turli sohalarda katta va kichik ishlab chiqarish obyektlarini tashkil etish, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratish, qishloq xoʻjaligiga ilgʻor texnologiyalarni keng joriy etish, aholi va ishlab chiqarish korxonalari uchun qulay zamonaviy infratuzilma yaratish, shuningdek, Orolboʻyi aholisining yashash darajasi va turmush sifatini yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlar qabul qilish hisoblanadi.

Prezidentimizning 2018-yil 16-oktyabrdagi tegishli qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi tashkil qilindi. Markazning asosiy vazifalari Orol dengizi qurigan tubida shoʻrlangan yerlarda ekotizim va barqaror turmush darajasini taʼminlash, xalqaro tashkilotlar bilan innovatsiya va yerlarning shoʻrlangan hududda ekologik muammolarni hal qilish boʻyicha hamkorlikni tashkil etish, tajriba uchun eksperimental maydonlarni yaratish, texnologik transfer va shoʻrlanish sharoitida tadqiqotlar oʻtkazish, shuningdek, ushbu sohada davlat-xususiy sektorlar hamkorligini rivojlantirish borasidagi xalqaro innovatsion tashkilotlar bilan hamkorlikni tashkil etish hisoblanadi.

Markaz huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda “Orolboʻyi hududida innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash” jamgʻarmasi tashkil etildi.

Markaz tomonidan bugungi kunda mahalliy va xorijiy ilmiy tadqiqot institutlari, oliy taʼlim muassasalari va bir qator xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro anglashuv, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish va hamkorlik qilish boʻyicha jami 23 ta memorandum imzolangan. Hozirgi kunda Markaz tomonidan Yaponiyaning “OYO Corporation” korporatsiyasi, «Qurgʻoqchil yerlar (arid) ilmiy-tadqiqot Markazi» (Tottori universiteti, Yaponiya), Yaponiyaning Kioto universiteti, Rossiya Federatsiyasining I.M.Gubkin nomidagi davlat universiteti va boshqa qator xalqaro tashkilotlar va mahalliy oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlikda turli sohalar boʻyicha tajriba-sinov ishlari olib borilmoqda. Kanadaning mahalliy tashabbuslar fondi (CFLI) bilan hamkorlikda “Orolboʻyi aholisining atrof-muhit va iqlim oʻzgarishlariga moslashish masalalari boʻyicha xabardorligini ommaviy axborot vositalari yordamida oshirish” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning 2020-yil 12-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazining faoliyati samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” qaroriga koʻra “My garden in the Aral Sea” (“Oroldagi bogʻim”) agro va ekoturizm loyihasi amalga oshirilishi belgilangan. Qarorda asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazining moliyaviy va moddiy-texnik taʼminotini yana-da yaxshilash, uning tajriba-sinov maydonlarini kengaytirish hamda tuzilmasini takomillashtirish, Orolboʻyi hududida innovatsion va ilmiy ishlanmalarni yana-da kengroq joriy etish masalalariga katta diqqat qaratilgan.

Yurtboshimiz tashabbuslari bilan ekologiya sohasida amalga oshirilayotgan, jumladan, Orol dengizining qurigan maydonlaridan koʻtarilayotgan tuzli qumlar uchun “yashil qoplamalar” — himoya oʻrmonzorlarini barpo etish maqsadida 2019-2020-yil faqat qish-bahor davrida 1,2 million gektar maydonga saksovul, qandim hamda choʻlga chidamli boshqa oʻsimliklar ekildi..

Oʻrmonlashtirish tadbirlari dengiz chekingandan keyin, yaʼni oʻtgan asrning 80 yillarida boshlangan boʻlib, qariyb 40 yil davomida atigi 400 ming gektar maydon oʻrmonlashtirilgan edi. 2018-yilgacha, yaʼni yangi oʻrmonlashtirish davri boshlangunga qadar, Moʻynoqda oʻrmonlashtirish tadbirlariga atigi ikkita traktor (T28 markali) va 10-15 ishchi jalb qilingan boʻlsa, bugungi kunda bu koʻrsatkich bir necha yuz barobarga oshgan.

2018-2019-yillarda Orol dengizining qurigan maydonlarida 1500 ga yaqin ishchi (jumladan mahalliy aholi) kuchi yordamida 1532 tonna choʻl oʻsimliklari urugʻi (saksovul urugʻidan 1459 tonna va qorabaraq urugʻidan 73 tonna) tayyorlangan edi. Keng qamrovli obodonlashtirish ishlarida 2 ta samolyot (AN-2) va 500 ga yaqin maxsus texniklardan foydalanilgan. Shu texnikalar yordamida 1 million 126 ming gektar maydonda qariq (borozda) tortish ishlari olib borildi va 461 ming gektar maydonda saksovul urugʻlari ekildi, koʻchatlari oʻtqazildi.

2019-2020-yillarda dengizning qurigan maydoniga, yaʼni Vozrojdeniye va Aqpetkey hududlariga 700 ming gektar maydonda “yashil qoplama” – himoya oʻrmonzorlari barpo qilish uchun choʻl oʻsimliklarini ekish belgilangan edi. Mart oyi oxirlarida belgilangan rejalar ortigʻi bilan bajarildi – Orolning suvi qurigan 706 ming 401 gektar maydonida oʻrmonlashtirish ishlari olib borildi. 40 ming 284 gektar maydonda koʻchatdan ekildi, 663 ming 103 gektar maydonga texnikalarda (samolyot, deltaplan va traktorlarda) urugʻ sepildi. Mavsum davomida qariyb 167 ming gektar yer maydoni ekishga tayyorlandi.

Oʻrmonlashtirish tadbirlari uchun 2 ming 770 tonnaga yaqin choʻl oʻsimliklari urugʻlari tayyorlandi. Shundan 600 tonnaga yaqini Moʻynoq tumani aholisi tomonidan toʻplandi. Ekishga asosan saksovul urugʻlari, undan tashqari qorabaraq, qandim, cherkez va boshqa choʻl oʻsimliklari tayyorlandi va ekildi. Orolning qurigan tubida oʻrmonlashtirish tadbirlariga 850 ta texnika (jumladan 4 ta samolyot) va 2500 dan ortiq ishchilar jalb qilindi.

Orolboʻyi hududida oʻrmonzorlar barpo etishga koʻmaklashish, shuningdek, dolzarb ekologik muammolarni hal qilishga keng jamoatchilikning eʼtiborini qaratish maqsadida Oʻzbekiston Ekologik partiyasi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanida ekologik aksiyalar oʻtkazildi.

Ushbu aksiyalarda doirasida Moʻynoq tumanida “Doʻstlik ekobogʻi”ni barpo etish boʻyicha ekologik hashar tashkil etdilar. Ekologik partiya faollari tomonidan olib kelingan 5 mingga yaqin manzarali va mevali koʻchatlar oʻtkazilib, ekobogʻning tevarak atroflari obod qilindi.

Oʻzbekiston Ekologik partiyasi xodimlari “Orol dengizi hududi - ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi” konsepsiyasini ishlab chiqishda ishtirok etdi.

2019-yilning 17-22-oktyabr kunlari Oʻzbekistonda ilk bor Oʻzbekiston Ekologik partiyasining tashabbusi bilan “Biz kelajak uchun javobgarmiz” shiori ostida “ARAL MARATHON” xalqaro ekologik marafoni oʻtkazildi. Ekologik marafon Oʻzbekistonning 6 ta shahrida, yaʼni Toshkent, Samarqand, Buxoro, Urganch, Nukus va Moʻynoqda 30 ming kishi ishtirokida boʻlib oʻtdi. Ushbu marafonda nufuzli xalqaro tashkilotlar, BMTTD, YEXHT va boshqa xalqaro tashkilotlarning vakillari ishtirok etdilar. Marafonning asosiy maqsadi – Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb eʼlon qilinishiga, Orol fojiasi haqiqatdan ham global miqyosdagi muammo ekanligiga jamoatchilik eʼtiborini jalb qilishdir.

Oʻzbekiston Ekologik partiyasi 2020-yil 16-21-fevral kunlari partiyaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar partiya tashkilotlari tomonidan “Orolga madad” aksiyasi aksiyasi tashkil etilib, saksovul urugʻlarini yigʻish ishlari amalga oshirildi. Partiyaning barcha hududiy tashkilotlari tomonidan 3000 kg yaqin saksovul urugʻlari toʻplanib, Orol boʻyiga yetkazib berildi.

Yurtboshimiz mamlakatimizning barcha hududlari qatori Moʻynoq tumani va markaziga ham tashrif buyurib, shaharni rivojlantirish, aholini qiynayotgan muammolarni bartaraf etish choralarini koʻrishga koʻrsatma bergan edi. Shundan soʻng dastlab uzoq yillar davomida aholi uchun tuman markazidagi eng katta muammolardan biri boʻlgan ichimlik suvi masalasi yechildi. 2017-yilda Qoʻngʻirot tumani markazidan Moʻynoq shahrigacha boʻlgan 101 kilometrlik hududga ichimlik suvi tortib kelindi va aholi toza ichimlik suvi bilan taʼminlandi.

Prezidentimizning 2018-yil noyabr oyida tumanga tashriflaridan soʻng moʻynoqliklar turmushi butunlay oʻzgardi. Kichik shaharda katta-katta bunyodkorliklar amalga oshirila boshlandi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil yil 16-yanvarda “Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ham qabul qilindi. Mazkur qaror bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi ham hayotga tatbiq etildi. Dasturga koʻra, 2019 – 2021-yillarda keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilandi. Jumladan, Moʻynoq tumanining «Bozatau» ovul fuqarolar yigʻini hududida boʻsh yotgan 12,7 ga yer maydonda “Oq kema” nomli zamonaviy bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi ishga tushdi. Oromgoh Yurtboshimizning 2018-yilning noyabr oyidagi Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashriflari davomida Moʻynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha bergan topshiriqlari asosida bunyod etildi. “Oq kema” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohiga mavsum davomida 4 smenada jami 600 bolani sogʻlomlashtirish rejalashtirilgan. Markazda bolalar yotoqxonalari barcha jihozlar bilan taʼminlangan. Jismoniy tarbiya mashgʻulotlari uchun futbol, basketbol, voleybol maydonchalari va bolalar suzish basseyni bor. Stol tennisi, shaxmat-shashka oʻyinlari uchun joylar ajratilgan. Madaniy tadbirlarni tashkil qilish uchun amfiteatr, kutubxonalar mavjud. Tibbiyot xonalari, oshxonalari zamonaviy uskunalar bilan taʼminlangan. Oromgohda 50 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratildi. “Oq kema” oromgohi atrofiga bogʻ yaratish maqsadida 5 gektar yer maydoniga uch mingga yaqin mevali va dekorativ daraxtlar ekilgan.

Shuningdek, Moʻynoq aeroportini yangitdan qurib bitkazildi. Moʻynoq markaziga havo kemasi orqali nafaqat respublikamiz poytaxti va boshqa viloyatlardan yoʻlovchilar, balki xorijlik turistlarning ham kelib ketishiga ham xalqaro talablarga mos sharoit yaratildi. Mazkur aeroport Orol dengizini koʻrish uchun kelgan sayyohlar katta qulaylik boʻldi.

Yangi aeroport Nukus – Moʻynoq – Orol dengizi marshruti boʻyicha ham samolyot va vertolyotlar qatnovini yoʻlga qoʻyishga imkon beradi. Kelgusida ushbu aeroport orqali nafaqat shaharlaralaro, balki xalqaro yoʻnalishlarda ham yoʻlovchi samolyotlarini qabul qilish va joʻnatish rejalashtirilgan.

Alohida eʼtirof etish joiz, Oʻzbekiston jahonning koʻplab mamlakatlari va yirik xalqaro tashkilotlari bilan turli sohalarda hamkorlik qilishi asnosida uning faoliyati doirasidagi geografik hududi, koʻlami yana-da kengayib bormoqda. Prezidentimiz 2020-yil 24-yanvar kuni Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida «Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy kengash va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar doirasida koʻp tomonlama hamkorlikni jadallashtirishni davom ettirishimiz zarur. Orol muammosini hal etishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida Orol dengizi mintaqasida inson xavfsizligini taʼminlash boʻyicha BMT bilan tuzilgan Trast fondiga katta ishonch bilan qaraymiz. Biz Oʻzbekistonning 2021-2023-yillar mobaynida BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga aʼzo boʻlishi masalasini izchil ilgari surish niyatidamiz», deb alohida koʻrsatib oʻtganligi Oʻzbekistonning BMT doirasidagi xalqaro tashabbuslarida yangi tendensiyalarni namoyon qildi. Albatta, Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan barcha tashabbuslar jahon hamjamiyati tomonidan keng qoʻllab-quvvatlanib, amaliyotga tatbiq etilayotgani barchamizga faxr va gʻurur bagʻishlaydi.

Abdurahim QURBONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,|
Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?