BMT Bosh kotibining Yoshlar masalalari boʻyicha elchisi Oʻzbekiston yoshlariga tabrik yoʻlladi

11:08 30 Iyun 2020 Siyosat
198 0

Oʻzbekistonda 2017-yildan boshlab 30-iyun – Yoshlar kuni sifatida nishonlab kelinmoqda. Shu munosabat bilan, BMT Bosh kotibining Yoshlar masalalari boʻyicha elchisi Jayatma Vikramanayake mamlakatimizdagi yigit-qizlarga samimiy tabrik yoʻlladi, deb xabar berdi “Dunyo” AA.

“Assalomu alaykum!

Mening ismim Jayatma Vikramanayake va men BMT Bosh kotibining Yoshlar masalalari boʻyicha elchisiman.

Sizlar bilan ketma-ket ikkinchi yil Oʻzbekistonda Yoshlar kuni munosabati bilan yuzlashayotganimdan xursandman.

Mamlakatingiz tobora barqaror va rivojlangan davlatga aylanib borar ekan, bu jarayonda Oʻzbekistonning gender tengligini taʼminlashga sodiqligi va yoshlarni rivojlantirish masalalariga doimiy eʼtibor berayotgani bizni chin maʼnoda quvontirmoqda.

Yoshlar mamlakat kelajagi uchun katta imkoniyatlarni anglatadi. Oʻzbekistonda aholining uchdan ikki qismini oʻttiz yoshgacha boʻlganlar tashkil qiladi. Shu bois yoshlar salohiyatini oshirish, ular uchun munosib ish oʻrnilari va boshqa daromad manbalarini yaratishga davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida qaralishi, ushbu jihatga investitsiyalarning keng jalb qilinishi mamlakatda taraqqiyot va barqarorlikka erishish garovi boʻlib xizmat qiladi.

BMT doirasida va milliy platformalar yordamida yoshlar talab hamda ehtiyojlariga yoʻnaltirilgan dastur, shu bilan birga, tashabbuslarni uygʻunlashtirish maqsadida mamlakat yoshlari bilan muloqotlarning kuchaytirilayotgani mamnuniyat baxsh etadi.

Hamkorlikni kengaytirish, jonli innovatsion investitsiya ekotizimini yaratish, yoshlarning tashabbuslari va innovatsiyalarini kengaytirish, shu jumladan davlat bilan xususiy sektor oʻrtasida uygʻunlik yaratilishi – natijalarni tezlashtirishning ishonchli yoʻlidir.

Yoshlar sohasidagi oʻz majburiyatlarini bajarish uchun mamlakat oldinga intilayotgan ushbu kunda islohotlarning barcha jabhalarni toʻliq qamrab olishini, hech kimni, shu jumladan yoshlarni orqada qoldirib ketmaslik kabi shiorimizni hayotda amaliy taʼminlash muhimdir.

Aholining zaif qatlamlari muammolariga alohida eʼtibor berish juda muhimdir. “Yoshlar – 2030” bu Birlashgan Millatlar Tashkilotining yoshlar boʻyicha qoʻyilgan maqsad va natijalarga erishishda barkamol avlod va hukumat bilan birgalikda ishlash, turli manfaatdor tomonlarning kuch va salohiyatini birlashtirish imkoniyatidir.

Shu oʻrinda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oʻzbekiston yoshlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanini taʼkidlashni istardim.

Fursatdan foydalanib, sizlarni milliy bayram – Yoshlar kuni bilan tabriklaymiz!

Eʼtiboringiz uchun rahmat!”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?