BMT Bosh kotibining insoniyat xavfsizligi bo‘yicha maxsus maslahatchisi O‘zbekistonga keladi

18:11 01 Iyun 2018 Siyosat
438 0
Foto: CA-News

Joriy yil 8 iyun kuni Toshkent shahrida “Orol halokati asoratlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikdagi faoliyat: yangi yondashuvlar, innovatsion yechimlar, investitsiyalar” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston Ekologik harakati matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, bundan ko‘zlagan maqsad Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi faoliyati doirasida mintaqa davlatlari tomonidan Orolbo‘yidagi muammolarni hal etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar bo‘yicha kelishuvga erishishdir.

Unda Orol falokati asoratlarini yumshatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan dasturlar tahlil etiladi, mintaqadagi ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash bo‘yicha ro‘yobga chiqarilayotgan loyihalar bo‘yicha hamkorlik yo‘llari aniqlab olinadi.

Forumda Markaziy Osiyo davlatlari parlamentlari deputatlari, vazirlik va idora, jamoatchilik tashkilotlari vakillari, 20dan ortiq mamlakatlardan ekspertlar, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar ishtirok etadi.

BMT Bosh kotibining insoniyat xavfsizligi bo‘yicha maxsus maslahatchisi Yukio Takasu anjumanning yuqori martabali mehmoni bo‘ladi. U BMT Bosh kotibi tabrik so‘zini o‘qib beradi.

Nufuzli tadbir qatnashchilari 7 iyun kuni Orolbo‘yi hududiga, jumladan, Nukus va Mo‘ynoqqa tashrif buyuradi, Orolning qurib qolgan tubidagi kemalar qabristonini borib ko‘radi, hududdagi ekologik holat bilan tanishtiriladi, mahalliy aholi, davlat organlari va jamoatchilik tashkilotlari vakillari bilan suhbatlashadi.

Forum Ekoharakat, tashqi ishlar, innovatsion rivojlanish vazirliklari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tomonidan tashkil etiladi. Bu borada bir qator xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar ham hamkorlik qiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?