BMT Bosh kotibi: navqiron insonlarning huquqlari va orzu-umidlarini himoya qilish va qoʻllab-quvvatlash ishiga sodiq boʻlib qolaylik

19:35 12 Avgust 2020 Siyosat
237 0

“Yoshlar 2020: global miqyosdagi birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusida oʻtkazilayotgan inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish oʻz fikrlarini bildirdi.

Bu haqda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati xabar bermoqda.

– Forumning “Yoshlar 2020: global miqyosdagi birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” deb nomlangani yoshlar vakillarining ijtimoiy hayotda va qarorlar qabul qilish jarayonlarida yana-da keng ishtirok etishi uchun koʻmaklashishga qaratilgan, – dedi BMT Bosh kotibi. – Siyosiy jarayonlarning adolatparvarligini oshirish, yana-da sifatli va barqaror siyosatni ishlab chiqish hamda yoshlar oʻrtasida jamoat muassasalariga nisbatan ishonchni tiklash uchun bu juda muhimdir.

Shu munosabat bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti hukumatlarning yoshlarga doir siyosatni ishlab chiqish borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlaydi, chunki bu navqiron insonlarga ijtimoiy va siyosiy qarorlar qabul qilish hamda rivojlanishning yoshlar manfaatlarini ham koʻzda tutadigan strategik maqsadlarini belgilashda mustaqil ishtirok etish imkoniyatini beradi.

Navqiron insonlarning saʼy-harakatlari iqlim inqirozi, inson huquqlari himoyasi, nizolarni bartaraf qilish va hal etish kabi oʻta muhim global muammolarga yechim topishning ustuvor omili hisoblanadi.

Bugungi dunyoning holatini koʻp jihatdan COVID-19 inqirozi belgilab berayotgan sharoitda pandemiya dunyo talabalarining 90 foizdan ortigʻini taʼlim olishdan uzib qoʻydi va oqibatda taʼlim sohasidagi shusiz ham mavjud boʻlgan tengsizlik yana-da qaltislashdi hamda global inqiroz murakkab tus oldi.

Antoniu Guterrish taʼkidlashicha, garchi taʼlim pandemiyaning yaqqol qurboni hisoblansa-da, u uzoq muddatga moʻljallangan tiklanish va barqaror rivojlanishning kalitiga ham aylanmoqda. Shu munosabat bilan BMT Bosh kotibi murojaatidan mazkur forumning barcha ishtirokchilarini va butun dunyodagi jami yoshlarni “Kelajagimizni asrab qolaylik!” nomli taʼlim kampaniyasiga qoʻshilishga chorlov oʻrin olgan.

Istiqbolga nazar solgan holda, keling, dunyodagi barcha navqiron insonlarning huquqlari va orzu-umidlarini himoya qilish va qoʻllab-quvvatlash ishiga sodiq boʻlib qolaylik, deyiladi BMT Bosh kotibining Samarqand forumi ishtirokchilariga murojaati yakunida.

“Dunyo” AA

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?