Blogerlar chempionati yakunlandi. G‘oliblar ertaga taqdirlanadi

18:40 13 Iyun 2018 Jamiyat
472 0

Shu yilning 12 aprelida boshlangan O‘zbekiston blogerlari chempionati yakuniga yetdi. Uchinchi bor o‘tkazilayotganiga qaramasdan, ilk bor asl vazifasi bo‘lmish jamoatchilik fikrini shakllantirish, jamiyatimizdagi illat va kamchiliklar, muammolarga nafaqat xalqimiz, balki mutasaddilarning ham e’tiborini qaratishga xizmat qilgan mazkur o‘ziga xos musobaqa xususida batafsil ma’lumot olish uchun chempionat tashkilotchilaridan biri, xabar.uz portali ma’muri Jamshid NIYOZOV bilan bog‘landik.

— Chempionat uch bosqichda bo‘lib o‘tdi, — deydi suhbatdoshimiz. — O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi shafeligida xabar.uz portali tomonidan uyushtirilgan, 387 nafar ishtirokchi qatnashgan ushbu “turnir”da jami qariyb 500 ga yaqin ijodiy ishlar ko‘rib chiqildi. Xususan, 3 — 10 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan final bosqichiga 21 ijodiy ish kelib tushdi.

Aytish joizki, bu galgi chempionat bir nechta jihatlari bilan avvalgilaridan tamomila farq qildi. Eng avvalo, bu ishtirokchilar sonining ko‘pligidir. Ko‘rinib turibdiki, yurtdoshlarimizning biron vaziyat yuzasidan o‘zining xolis fikrini bildirishda madaniyat darajasi ancha o‘sgan. Ikkinchidan, blogerlar chempionatida yuborilgan ishlarning aksariyatida ilgarigidek oddiy maishiy mavzularga emas, Prezidentimiz tomonidan 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan vazifalarning bugungi kundagi ijrosi joylarda qanday bajarilayotganiga e’tibor qaratilgan. Bizni quvontiradigani, bir nechta blogpost muammo yoritilgan sohaning mutasaddilari tomonidan o‘rganilib, ularni bartaraf etish borasida amaliy sa’y-harakatlar ham boshlab yuborilibdi. Bu ham chempionat jamoatchilik orasida katta rezonans berganini yaqqol namoyon qiladi.

Uchinchi o‘ziga xoslik shundaki, joriy tanlovda ishtirokchilarni baholashning yangi tizimi qo‘llanildi. Ya’ni oldingi chempionatlarda umumiy miqdorda ko‘p ovoz olgan blogpost muallifi g‘olib chiqqan bo‘lsa, bu gal ijodiy ishlar tarkibidan turli sohalar vakillari, tajribali blogerlar va hatto Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati o‘rin olgan maxsus hakamlar hay’ati tomonidan o‘ta jiddiylik bilan baholab borildi. Yakunda bloger Shahnoza To‘raxo‘jayeva “Bizga turli ittifoqlar kerak” blogposti bilan birinchi o‘rinni, blogerlar Xushnudbek Xudoyberdiyev “Mehnatning tagi mehnat. Rohat qachon?”, Muzaffar Qosimov “Ortda qolib bo‘lmaydigan poyga” maqolalari bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Yana to‘rt nafar blogerning ijodiy ishi uchinchi pog‘onaga munosib ko‘rildi.

Bundan tashqari, o‘ndan ziyod nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanadi. Nominatsiyalar g‘oliblari homiylar tomonidan esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Ularning kim ekanligini taqdirlash marosimidan so‘ng bilishingiz mumkin.

Eslatib o‘tamiz: blogerlar chempionatining g‘olib va sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi ertaga, 14 iyun — Xalqaro blogerlar kunida poytaxtimizdagi “Lotte City Hotel” mehmonxonasida soat 19:00 da bo‘lib o‘tadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?