Bizning yosh aholimiz - bizning innovatsion mamlakatimizdir! - Vazir yoshlarga murojaat qildi

17:48 30 Iyun 2020 Jamiyat
296 0

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov yoshlarga murojaat qildi.

Qadrli yoshlar!

Avvalo, barchangizga oʻzimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etishga ruxsat bergaysiz.

Bugun sizlarning qalbingiz, yuragingizdagi oʻy-fikrlar, maqsad-muddaolar, kerak boʻlsa, ushalmay turgan niyatlar bilan yaqindan tanishish, shu asosda yoshlar siyosati boʻyicha olib borayotgan ishlarimizni baholab, tegishli qarorlar qabul qilishni men oʻz faoliyatim uchun gʻoyat muhim deb hisoblayman.

Oʻzbekiston yoshlar mamlakati.

Ozod va obod diyorimiz butun dunyo miqyosida ana shunday eʼtirof etilmoqda. Shunga monand kelajagimiz egalari kamoli, yosh avlodning har jihatdan yetuk, jismonan sogʻlom, intellektual salohiyatli, maʼnan barkamol ulgʻayishi uchun beqiyos imkoniyatlar yaratib berilmoqda.

30-iyun - “Yoshlar kuni” ham butun mamlakatimiz boʻylab ana shunday eʼtibor va gʻamxoʻrliklar ifodasi sifatida keng nishonlandi.

“Yoshlar kuni”ning mamlakatimizda keng nishonlanishi oʻsib kelayotgan avlodni Vatanga sadoqat ruxida tarbiyalovchi, ularni yuksak marralarga chorlovchi beqiyos ragʻbat boʻlib xizmat qilmoqda.

Taʼkidlab oʻtish joizki, hozirgi kunda kelajagimiz egalari boʻlmish yoshlarga alohida ahamiyat berib kelinmoqda. Yoshlarni qilgan mehnati, erishgan yutuqlariga yarasha ragʻbatlantirish, ular orasidan bilimli, halol va jonkuyar xodimlarni rahbarlik lavozimlariga tayinlash juda muhim vazifa sifatida eʼtirof etilmoqda.

Bir oy davom etgan “Yoshlar oyligi” chin maʼnoda yosh avlodni oʻylantirib kelayotgan koʻplab masalalar va muammolar yechimiga xizmat qiladigan, aksariyat savollarga amaliy javob beradigan, bir soʻz bilan aytganda, yoshlarni ezgu maqsadlar yoʻlida birlashtiradigan, ertamiz egalarining qalbida ishonch uygʻotadigan foydali tadbirga aylanmoqda.

“Yoshlar oyligi”ni keng nishonlashdan asosiy maqsad, mamlakatimizda istiqomat qiluvchi barcha yoshlarning qalbida shu yurtga nisbatan daxldorlik hissini uygʻotish, tashabbuskor va isteʼdodli yoshlarning uz iqtidorlarini namoyon etishiga imkon yaratish, ijtimoiy nofaol yoshlarni turli sohalarga yoʻnaltirgan xolda jamiyatda oʻzlarining munosib oʻrinlarini topishlari uchun koʻmaklashishdan iborat.

Oʻzbekiston aholisining 64 foizini yoshlar tashkil etishi xalqimiz, davlatimizning bebaho boyligiga aylantirgan. Ular uchun barcha shart-sharoit, imtiyozlar, imkoniyatlar va qulayliklar eshigi keng ochilib, yoshlarga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilmoqda.

2017-yilning 2-dekabrida yangi bino qayerda qurilishi kerakligi degan savol qoʻyilganda davlatimiz rahbari Olmazor tumaniga tashrif buyurganida, “Talabalar shaharchasida minglab talabalar, oʻqituvchilar bor, ularga sharoit yaratishimiz kerak. Innovatsiya yoshlardan chiqadi. Ularga bir maydoncha yarataylik. Yangi tashkil qilingan Innovatsiya vazirligi ham shu yerda joylashsin va bu yerda ilmiy-amaliy markaz, zamonaviy laboratoriyalar boʻladi”, deb topshiriq bergan edilar. Mana 3 yildan soʻng bu ixtirochilar uyi tayyor boʻldi.

Vazirlik bejiz Talabalar shaharchasiga joylashtirilmadi. Bu yerdagi oliy oʻquv yurtlarida minglab iqtidorli yoshlar, tadqiqotchilar, olimlar bor. Ularni jalb etib, qoʻllab-quvvatlab, har bir sohada yangilik yaratish kerak.

Vazirligimiz binosi Oʻzbekistonning yoshlari, ixtirochilari hamda yangi innovatsion gʻoya va texnologiyalarga qanday ochiq ekanligini koʻrsatadi.

Binoning yertoʻla qavatida aerokosmik tadqiqotlar va 3D prototiplashtirish boʻyicha ikkita yangi oʻquv laboratoriyasi, xodimlar uchun trenajyor va tibbiy xizmat koʻrsatish xonalari bor. Aerokosmik tadqiqotlar laboratoriyamizda esa oʻquvchilar yer sunʼiy yoʻldoshini oʻzlari yigʻib, uchirib koʻrishlari mumkin. Kutubxonamizda uch mingdan ortiq kitoblar, besh mingdan ziyod QR-kodli kitoblar, Alisher Navoiy nomidagi kutubxonadan toʻgʻridan-toʻgʻri 100 mingdan ortiq kitobni maxsus texnologiyalar yordamida koʻchirib olish imkoni bor.

1 qavatdan 3 qavatgacha boʻlgan koʻrgazmalar zali, robototexnika burchagi, ilgʻor laboratoriyalar, co-working markazlar yurtimizdagi olimlar, startapchilar hamda iqtidorli yoshlar ehtiyojlariga toʻliq topshirilgan.

Innovatsion rivojlanish vazirligi hamkor tashkilotlarni jalb etgan xolda chekka hududlarda yashovchi yoshlarning zamonaviy taʼlim yoʻnalishlarida bilim olish, ularning gʻoyalari asosida loyihalarni amalga oshirish, ularda innovatsion intellektual muhitni shakllantirish va ishlab chiqishga tatbiq etish maqsadida “TexnoBus” texnologik platformasi ishlab chiqildi. Mana bugun Yoshlar kuni bayrami munosabati bilan ushbu loyihaga start berildi.

Innovatsion faoliyat bilan shugʻullanuvchilar asosan yoshlar hisoblanadi, shu sababdan bizning yosh aholimiz - bizning innovatsion mamlakatimizdir!

Soʻzim yakunida yana bir bor siz aziz Yoshlarni bu bayram bilan tabriklab, mamlakatimizdagi barcha yoshlarni kelajakda davlatimiz rivoji uchun hissa qoʻshadigan loyihalar yaratishlarida, Oʻzbekistonni jahonning rivojlangan mamlakatlari qatoriga kiritishdagi saʼy-harakatlaringizga muvaffaqiyatlar tilab qolaman.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?