Bizni qanday kelajak kutmoqda?.

12:48 16 Iyul 2019 Jamiyat
649 0

Mamlakatimiz jadal olib borilayotgan islohotlar tufayli dunyo siyosiy xaritasidan munosib oʻrin egallab bormoqda. Bugun koʻplab axborot portallarining “nigohi” Oʻzbekistonga qaratilgan. Internetdagi “qidiruv” orqali yuborilgan millionlab soʻrovlarga koʻzingiz tushsa, jahondagi eng ilgʻor davlatlar qatoriga kirish maqsadida tub oʻzgarishlarni amalga oshirayotgan Oʻzbekistonga qiziqish naqadar kuchayayotganiga amin boʻlasiz.

Nigoh

Uchta ssenariydan qaysi biri?

Kelajakni oldindan koʻra bilish qobiliyati azaldan qadrlangan. Chuqur bilim hamda unga asoslanib tahlil va bashorat qilish salohiyati zulmatni yorituvchi yogʻdu sifatida qabul qilingan.

Allomalar aytganidek, kelajakka nisbatan chinakam saxiylik, bu — butun borimizni bugungi kunga bagʻishlash demakdir. Mazkur soʻzlar ayni damda Oʻzbekistonda kechayotgan jarayonlarni aniq va toʻliq ifoda etadi. Xuddiki, Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida roʻyobga chiqarilayotgan islohotlar metin poydevor va unda saxovat hamda kelgusi avlodlarga mehr-oqibat ustun boʻlgani singari...

Xoʻsh, bizni qanday kelajak kutmoqda? Yaqinda Birlashgan Millatlar Tashkilotining ekspertlari tomonidan demografik prognozlar haqidagi maʼruza eʼlon qilindi. Unda olimlar 2100-yilgacha Yer yuzida aholi soni borasidagi oʻzgarishlarni bashorat qilishdi.

Bunda voqealar bir nechta ssenariy asosida rivojlanishi mumkin ekan. Taxminlarga koʻra, noxush ssenariy boʻyicha Oʻzbekiston aholisining eng koʻpaygan vaqti XXI asr oʻrtalariga toʻgʻri kelib, 39 million nafarni tashkil etarkan, soʻngra asta-sekin pasayish kuzatilib, 2100-yilga borib 26-27 million nafar, yaʼni hozirgidan yetti million kam inson qolar ekan. Navbatdagi ssenariyga koʻra, asr oxirida oʻzbekistonliklar 37 million nafarga yetadi. Va nihoyat, voqealar rivojining ijobiy variantiga binoan, 2057-2058-yillarda Oʻzbekistonda 50 millionga yaqin aholi yashaydi, XXII asr boshida esa koʻrsatkich 65 million nafarga yetadi.

Mazkur tadqiqot xulosalari fikrlash uchun qiziqarli maʼlumotlarni beradi. Koʻrinadiki, ayni vaqtda olib borilayotgan siyosat natijalari, hatto bundan bir necha oʻn yillar oʻtib tugʻiladigan avlodlar uchun ham nihoyatda muhim ahamiyatga ega. Siyosiy, iqtisodiy oʻzgarishlar, ijtimoiy sohaning taraqqiyot darajasi millionlab yangi insonlar dunyoga kelishi yoki kelmasligini belgilab beradi.

Shularni oʻylar ekanmiz, mamlakatimizda aynan hozir, shu pallada yuz berayotgan voqealarning qadr-qimmati koʻz oʻngimizda namoyon boʻladi. Shu bilan birga, barcha islohotlarning tashabbuskori — davlat rahbari zimmasiga tushayotgan ulkan masʼuliyat, qolaversa, har bir fuqaroning ana shu tarixiy jarayondagi daxldorligi nechogʻli zarur ekanini anglab yetamiz.

Loqaydlikka qarshi “emlash”

Bugungi inqilobiy texnologiyalar bundan oʻn, yigirma yillar oʻtib yoki XXI asr oxiriga borib hayotimizni qanchalik oʻzgartirib yuboradi — buni tasavvur qilishga ojizmiz. Ilm-fan taraqqiyoti shu qadar tezlashdiki, voqelikni butkul oʻzgartirib yubordi. Kelajakda nafaqat mehnat qurollari va usullari, bino, inshoot hamda transport, turmush tarzi, balki odamlarning oʻzi, qiyofasi, muloqot shakli, tafakkuri umuman oʻzgaradi.

Xoʻsh, yangi tamaddun vakillari orasida oʻzbekistonliklar nimasi bilan ajralib turishi mumkin? Ular yillar osha qaysi anʼanalarni kelajakka olib oʻtadilar? Robotlar va kosmik sayohatlar olamida ularni qaysi qadriyatlar birlashtirishga qodir?

Davr oʻzgarishlariaro sinchkov nazar tashlasak, yuqoridagi savollarga javob topa olamiz. Yaʼni bular — xalqimizga xos insonparvarlik, saxovat va muruvvat, oʻzaro hurmat! Ushbu fazilatlarga hatto globallashuv, yangi texnologiyalar ham salbiy taʼsir koʻrsata olmasligiga shubha yoʻq.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari azaliy qadriyatlarni unutish emas, aksincha, mustahkamlash, har bir inson qalbiga, yoshlarga singdirishni oʻrgatmoqda. Ayniqsa, muammoli, murakkab vaziyatga tushib qolganlarga davlat tomonidan koʻmak koʻrsatilayotgan sharoitda bu juda zarur.

Masalan, ehtiyojmand insonlarni uy-joy bilan taʼminlash tizimli ravishda davom etyapti. Nogironligi bor shaxslar, ota-onasi yoʻqlar, yolgʻiz onalarga davlat bu masalada yordam bermoqda. Shunday ekan, ular qalbida paydo boʻlgan umid uchquni oʻsha azaliy qadriyatlarimiz, mehr-muruvvat va saxovatni yanada kuchaytirishga olib keladi.

“Mehr” degan soʻz yaqinda davlatimiz tomonidan amalga oshirilgan yangi xayrli tadbirning ramziy nomiga aylandi. Muborak Ramazon oyida Prezidentimiz topshirigʻiga koʻra, 156 nafar oʻzbekistonlik ayol va bola Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar oʻchogʻidan maxsus aviareys bilan Vatanga qaytarildi. Yot gʻoyalarga ishonib yurtini tark etgan va taqdirning ogʻir sinovlarini boshidan kechirgan yurtdoshlarimizga tibbiy, ruhiy, moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatildi. Ularning tinch-osoyishta hayotga qaytishi, jamiyatga moslashib ketishi, taʼlim va boshqa ijtimoiy dasturlarda ishtirok etishi uchun sharoit yaratildi. Uy-joy, ish bilan taʼminlash choralari koʻrildi. Bularning barchasi xalqaro tashkilotlar eʼtirofiga sabab boʻldi.

— YUNISEF Oʻzbekiston rahbariyatining shu mamlakat fuqarolari va ularning farzandlari boʻlgan bolalar uchun javobgarlikni zimmasiga olish haqidagi qarorini, ular fuqaroligi yoʻq shaxs boʻlib qolmasligi choralarini koʻrganligini olqishlaydi, — dedi ushbu xalqaro tashkilotning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann.

Bu — bir martalik aksiya emas. Oʻzbekiston oʻz fuqarolarini tashlab qoʻymaydi. Davlat adashganlarni jazolash emas, aksincha, ularga koʻmak berishini boshqa insonparvarlik tadbirlari ham tasdiqlaydi.

Mana, yaqinda xorijdan toʻrt nafar yetim qolgan bola qaytarib kelindi. Ularni ekstremistik taʼsirga tushib qolgan ota-onalari olib chiqib ketishgan. Qanchalik murakkab boʻlmasin, ana shu bolalar Vataniga qaytarildi. Endi esa davlat gʻamxoʻrligi ostida boʻlishadi.

Tan olish kerak, ayrim kishilar chet elga chiqib ketganlarni qaytarish uchun nega shuncha mablagʻ va kuch sarf qilish kerak, axir mamlakat ichkarisida ham muhtojlar koʻp-ku, degan fikrga ham borishdi. Bu esa, yuksak insonparvarlik namunasining chuqur mazmunini anglamaslik natijasidir. Odamni xatosi uchun kechirish, unga taʼna qilmasdan, yaxshilikka undashning yosh avlod tarbiyasidagi ahamiyati juda katta. Bu — goʻzal anʼanalarimizni yana bir bor eslatish, obrazli qilib aytadigan boʻlsak, loqaydlikka, inson taqdiriga nisbatan beparvolikka qarshi “emlash” deganidir. Xalqimizda kechirimlilik fazilatlari shakllangan va u, albatta, keyingi avlodlarga ham oʻtadi.

Milliondan 18 nafar

Davrlar oʻtaveradi, lekin “Jaholatga qarshi maʼrifat” iborasida mujassam boʻlgan jiddiy tashabbus oʻz ahamiyatini yoʻqotmaydi. U ikki yil avval BMT Bosh Assambleyasi minbaridan yangragan edi. Qisqa vaqt ichidayoq uni hayotga tatbiq etish oʻz mevasini bera boshladi. Natijalar shuni koʻrsatmoqdaki, shunday yondashuv nafaqat respublikamiz, balki butun jahon uchun foydali.

Shavkat Mirziyoyev Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashning beshinchi sammitida maʼruza qilar ekan, dinlararo hamjihatlik, maʼrifat va oʻzaro madaniy almashinuv masalalari boʻyicha tizimli muloqotni yoʻlga qoʻyish taklifini kiritdi. Bunda Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Toshkentdagi Oʻzbekiston islom sivilizatsiyasi markazi samarali poydevor boʻlib xizmat qiladi.

Poytaxtimizdagi ana shu maʼnaviyat maskanida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishar ekan, davlatimiz rahbari Islom sivilizatsiyasi markazi mazkur mavzuda tadqiqot yurituvchi muassasalar uchun fundamental baza boʻlishi, u orqali biz xalqimizning fan, maʼrifat va madaniyat rivojiga qoʻshgan hissasini aks ettirmoqchi ekanimizni aytdi.

Maʼnaviyat, din va uni oʻrganishning naqadar muhimligiga batafsilroq toʻxtalish joiz. Ayrim faylasuflar maʼrifatni oʻz fikridan kimningdir koʻrsatmasisiz foydalana olmaslikka qarshi vosita, yaʼni mustaqil, biror gʻoyaga qaram boʻlmagan tafakkur, deb taʼriflashadi. Shunday ekan, maʼrifat johiliyat va radikalizmga, tarkidunyochilik va bir tomonlama fikrlashga qarshi tura oladi.

Bunday yondashuv qanchalik taʼsirchan? Undan keng foydalanish katta ijobiy natija beradi va baʼzi OAV hamda soxta tahlilchilarning Markaziy Osiyoni aholisi radikallikka, zoʻravon ekstremizmga berilgan hudud sifatida baholashlarini rad eta oladi. Aslida vaziyat butunlay boshqacha-ku.

Internet-siyosat fuqarolik tashabbusi tashkiloti Yevropa Ittifoqi loyihasi doirasida aholisi radikalizmga eng ruju qoʻygan mamlakatni aniqlash boʻyicha tadqiqot oʻtkazdi. Natijalar shuni koʻrsatdiki, Belgiyada har million nafar aholidan 689 nafarida ekstremistlar taʼsiriga tushib qolish ehtimoli kuchli ekan. Bunday koʻrsatkich Buyuk Britaniyada 204 nafarni tashkil etsa, Oʻzbekistonda har milliondan faqat 18 kishi oʻta radikallar “toʻri”ga ilinishi mumkin ekan.

Bundan kelib chiqadiki, oʻrta hisobda diniy taʼlimot masalasida Antverpen yoki Bryuggeda yashovchi odamlarga nisbatan oʻzbekistonlik 25-marta koʻproq bilimga ega ekan. Yoki qaysi taʼlimot toʻgʻri-yu, qayerda ekstremistik qarashlar mavjudligini ajrata olish qobiliyati bizda Britaniya fuqarolaridan koʻra 8 barobar ortiq ekan.

Ushbu koʻrsatkichlar AQSH Davlat kotibi Maykl Pompeoning yaqinda bergan bayonotida yanada yaqqol aks etdi. Yaʼni u Oʻzbekiston diniy erkinlik sohasidagi vaziyatni yaxshiladi va alohida tashvish uygʻotuvchi mamlakatlar roʻyxatidan chiqarildi, deb aytdi.

Qoʻshma Shtatlar tashqi siyosat idorasining rahbari Oʻzbekistonning bu boradagi yutuqlarini sanar ekan, oʻtgan yili mamlakatimizda diniy eʼtiqod erkinligini rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” qabul qilingani, shuningdek, bir yarim ming diniy mahbuslar ozod qilingani va diniy qarashlari sababli “qora roʻyxat”da turgan 16 ming kishi mamlakat tashqarisiga chiqish uchun ruxsat olgani kabi dalillarni keltirdi.

Oʻzbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida keyingi vaqtda inson huquqlari sohasida sezilarli rivojlanishga erishgani toʻgʻrisida Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha Oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Federika Mogerini ham aytib oʻtdi.

Koʻrib turganimizdek, taqiqlar vositasida emas, balki bilimlarni kengaytirish, oʻz ustida ishlash uchun imkoniyatlar yaratish orqali koʻproq natijaga erishish mumkin ekan.

Taraqqiyot uchun tinchlik zarur

Ayni vaqtda ham, XXI asr oxirida ham Oʻzbekiston taqdiri qoʻshni mamlakatlar bilan chambarchas bogʻliq boʻladi. Rivojlanish tinchlikni talab qiladi. Shu bois respublikamiz atrofda tinchlik va xotirjamlik hukm surishidan manfaatdor.

Prezident Shavkat Mirziyoyev SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining iyun oyidagi majlisida hudud barqarorligi koʻp jihatdan Afgʻonistondagi vaziyat bilan belgilanadi, deb taʼkidladi. Yaqinda Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Doxada boʻlib oʻtgan anjumanda Afgʻonistondagi osoyishtalik boʻyicha qabul qilingan Tinchlik haqidagi qoʻshma rezolyutsiyani qoʻllab-quvvatlashini bildirdi. Bunda mamlakatda uzoq kutilgan tinchlik oʻrnatilishi faqat afgʻonistonliklar tomonidan, Afgʻoniston xalqi rahbarligi ostida amalga oshirilishi lozim, deb eʼtirof etildi.

Oʻzi va mintaqa kelajagi haqida qaygʻurayotgan Oʻzbekistonning janubiy qoʻshnisi — Afgʻonistonda vaziyat oʻnglanishi, tinchlik jarayoni boʻyicha tashabbuslari, shuningdek, mintaqadagi boshqa davlatlar bilan hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan saʼy-harakatlari jahon hamjamiyati tomonidan yuqori baholanmoqda.

Mintaqamiz tobora barqaror, iqtisodiy jihatdan ishonchli va kelajakni bashorat qilish imkoniyati boʻlgan hududga aylanib bormoqda. Shavkat Mirziyoyev qayd etganidek, bu holat keng doiradagi hamkorlik uchun, eng muhim mintaqaviy loyihalarni ilgari surish uchun qulay va noyob imkoniyatlarni ochib beradi. Britaniyaning “The Economist” nashri mamlakatimizda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi maqolada Oʻzbekistonning zamonaviy taraqqiyotidagi ijobiy siljishlarni eʼtirof etib, ularning har biri aholi farovonligiga erishish uchun yoʻnaltirilganligini qayd etdi.

Darhaqiqat, Prezidentimizning Oliy Majlis Senati yigirmanchi yalpi majlisidagi maʼruzasida taʼkidlanganidek, iqtisodiyot sohasida bozor mexanizmlarini tobora chuqur joriy qilish, xususiy mulk va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun keng sharoitlar yaratish, zamonaviy ishlab chiqarish obyektlari va infratuzilmani tashkil etishga ustuvor ahamiyat qaratiladi. Yangi ish oʻrinlari yaratish, zamonaviy uy-joylar, yoʻl va koʻpriklar, bolalar bogʻchalari, maktab hamda oliy taʼlim muassasalari qurish, shifoxonalar, madaniyat, sanʼat va sport inshootlarini bunyod etish — xullas, xalqimiz farovonligi, hayot tarzini yaxshilash maqsadida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari barcha darajadagi rahbar va masʼul xodimlar faoliyatining bosh mezoniga aylandi.

Amerikaning siyosiy jurnalistikaga yoʻnaltirilgan “The Daily Signal” yangiliklar veb-saytining yozishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev va uning jamoasi qonun ustuvorligini oʻrnatgan holda oʻzgarishlarni amalga oshirish, iqtisodiyotni erkinlashtirish, ijtimoiy rivojlanish, ochiq va konstruktiv tashqi siyosat olib borish maqsadida “Yoʻl xaritasi”ni roʻyobga chiqarmoqda. Nashrda qayd etilishicha, Oʻzbekiston yetakchisi respublikaning gullab-yashnashi uchun poydevor boʻlib xizmat qiluvchi islohotlarni amalga oshirayapti.

Yurtimizda hukm surayotgan bunyodkorlik shiddatiga eʼtibor berilsa, taraqqiyot muqarrarligini yaqqol tasavvur qilish mumkin. Mamlakatdagi tinchlik muhiti, barqarorlikka erishish uchun intilish, dunyoga ochiqlik siyosati, iqtisodiyot va ijtimoiy sohada uch yildan kamroq muddat ichida qoʻlga kiritilgan yutuqlar zamonaviy Oʻzbekistonning tashrif qogʻoziga aylandi. Hech shubhasiz, mamlakatimiz kelajagi haqidagi eng dadil va optimistik ssenariylar bir kun kelib real voqelikka aylanadi.

Oʻtkir RAHMAT.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?