Biznes vakillari bilan yelkama-yelka ishlash – birinchi galdagi vazifamizga aylanishi kerak

12:11 28 Sentyabr 2020 Siyosat
353 0

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik iqtisodiyotning oʻsish nuqtalaridan biri, aholi bandligini taʼminlashning eng muhim manbai hisoblanadi. Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga boʻlgan eʼtibor tufayli bu soha yildan-yilga rivojlanib bormoqda.

Soʻnggi yillarda yurtimizda sohani rivojlantirishga qaratilayotgan katta eʼtibor, biznes subyektlariga berilayotgan imtiyoz va yengilliklar sababli bu tarmoq oʻzining iqtisodiyotimizdagi oʻta muhim va salmoqli hissasi bilan davlatimiz va jamiyatimiz taraqqiyotida tobora muhim oʻrin egallamoqda.

Toʻgʻri, karantin talablari joriy etilishi natijasida mamlakatimizda 72 ming 500 ta sanoat korxonasidan 16 ming 700 tasi oʻz faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan edi. Lekin davlatimiz rahbari boshchiligida oʻz vaqtida koʻrilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida 16 ming 600 ta korxonada ishlab chiqarish jarayoni tiklandi.

Ayni paytda ham bu bora iqtisodiy islohotlar jadal davom ettirilmoqda. Biznesni yuritish uchun qulay muhit yaratish, tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash sohasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotir.

Soliq tizimi tubdan isloh qilingani, ruxsat beruvchi hujjatlarni olish tartibi sezilarli darajada soddalashtirilgani, tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy-xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan rejali tekshirishlar bekor qilingani nafaqat aholi turmush darajasini oshirish, balki koʻplab ish oʻrinlarini yaratish imkonini berdi. Bu bejiz emas, albatta. Agar yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiya va biznes muhitini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilmaganda, hozirgi ogʻir sharoitda odamlarni yangi kasb-hunarlarga oʻrgatish va bandligini taʼminlash juda ogʻir kechishi mumkin edi.

Eʼtibor bering, davlatimiz rahbarining joriy yil 1-maydagi tegishli qaroriga asosan, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimi joriy etilgan edi. Shunga muvofiq, birinchi marta tuman va shaharlardagi iqtisodiy koʻrsatkichlar, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash muhiti, infratuzilma va mavjud resurslardan foydalanish darajasi oʻrganildi.

Tahlillar asosida ulardagi tadbirkorlik rivoji holati “yaxshi”, “oʻrta” va “qoniqarsiz” hududlarga ajratildi. Xususan, 48 ta tuman va shahardagi holat “yaxshi”, 119 tasida “oʻrta” hamda 33 tasida “qoniqarsiz” deb topilgan. Bundan anglash mumkinki, endilikda iqtisodiy kompleksga kiruvchi vazirlik va muassasalar “tadbirkorga xizmat qiluvchi” tashkilotga aylanadi. Boshqacha aytganda, endilikda bitta tadbirkor oʻz faoliyatini toʻxtatsa ham, bunga “favqulodda holat” sifatida qaraladi.

Kuni kecha hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar muhokamasiga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida Prezidentimiz bu masalaga alohida toʻxtalib, mutasaddilarga “qoniqarsiz” deb baholangan tumanlarda kichik sanoat zonasi tashkil etish, yaylovlarda chorvachilik, qorakoʻlchilik, yilqichilikni rivojlantirish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “qoniqarsiz” hamda “oʻrta” deb baholangan tuman va shaharlarda inqirozga qarshi boshqaruv tizimi joriy etiladi. Yaʼni, ularga rahbarlik qilish istagini bildirgan har qanday talabgor hududni rivojlantirish dasturini mahalliy kengashlarda himoya qiladi. Xalq vakillarini ishontira olgan salohiyatli kishilar butun jamoasi bilan tumanga rahbar etib tayinlanadi.

Bu esa koronavirus pandemiyasi tufayli dunyo miqyosida iqtisodiy oʻsish surʼatlari pasayayotgan hozirgi davrda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va uning daromadini oshirishga qaratilgan muhim tashabbusdir. Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzolari hamda Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi vakillari esa joylarga chiqib, tadbirkorlik faoliyatini boshlashga xalaqit berayotgan muammolarni oʻrgangan holda ularni oʻz vaqtida bartaraf etish choralarini koʻryapti.

Videoselektor yigʻilishida “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish, bunday intilishlarni ragʻbatlantirish boʻyicha ham alohida topshiriqlar berildiki, bu OʻzLiDeP va uning parlamentdagi fraksiyasi zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi. Demak, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga doir qaror va qonunlarning ijrosini monitoring qilish, bu borada deputatlik nazoratini yana-da kuchaytirish – birinchi galdagi vazifamizga aylanishi kerak.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, bugun yurtimizda tadbirkorlar sonini koʻpaytirish, odamlarni ishbilarmon qilishga qaratilayotgan chora-tadbirlardan koʻzlangan maqsad bitta – yangi tadbirkorlik subyektlarini tashkil qilish va faoliyatini toʻxtatgan korxonalarni tiklashga koʻmaklashish. Shunday ekan, har bir rahbar tadbirkorga sharoit yaratib, biznes vakillari bilan yelkama-yelka ishlashi lozim.

Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?