Biznes uchun davlat xizmatlari qanchalik koʻp boʻlsa, reytingdagi oʻrin ham shunchalik yuqorilaydi

05:44 28 Fevral 2019 Jamiyat
678 0

Illyustrativ foto

Maʼlumki, 2019 yil yurtimizda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb eʼlon qilindi. Bu, avvalo, mamlakat rahbariyati tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini toʻla-toʻkis bajarish, iqtisodiyot, shuningdek, aholi farovonligi va hayot sifatini yuksaltirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiyalar jalb qilishga alohida eʼtibor qaratilayotganini anglatadi.

Binobarin, ushbu masala oʻta muhim va dolzarb ekanligidan kelib chiqib, respublikamizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash boʻyicha kompleks hamda keng miqyosli ishlar olib borilyapti. Zero, bunday muhit sarmoyadorlar, xususan, xorijlik investorlar uchun ham jozibador boʻlishi lozim.

Oʻzbekistonda bu borada olib borilayotgan ishlar nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan ham munosib eʼtirof etilayotgani barchamizni birdek quvontiryapti. Jahon banki tomonidan mamlakatdagi investitsiyaviy muhit sifatini baholash boʻyicha har yili tuziladigan “Doing business” (“Biznes yuritish”) reytingi ushbu yoʻnalishdagi eng mashhuridir.

Ishbilarmonlik muhiti yaxshilanib boryapti

Mana, 16 yildirki, mazkur tashkilot eng qulay ishbilarmonlik muhitiga ega davlatlar reytingini aniqlab kelayotir.

Jumladan, Oʻzbekiston biznes uchun yengilliklar berish koʻrsatkichlari boʻyicha 2018 yilda 190 ta mamlakat ichida 74-oʻrinni egalladi. Vaholonki, 2013 yilda 185 ta davlat orasida 154-pogʻonadan joy olgandi. Yevropa va Markaziy Osiyoning 24 mamlakati oʻrtasida Oʻzbekiston oxirgi oʻrindan 19-oʻringa koʻtarildi. Bu yurtimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va investitsiyaviy salohiyatni oshirish yoʻlida jadal qadam tashlanayotganidan darak berib turibdi.

Ushbu natijani qoʻlga kiritish uchun mamlakatda hujjatlarni rasmiylashtirish muddatlari va ularning sonini qisqartirish boʻyicha keng qamrovli ishlar qilindi. Ularni olish uchun xarajatlar ham kamaytirilyapti.

Bunday ezgu yumushlarga yangi tashkil etilgan idora — Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi ham munosib hissasini qoʻshib kelmoqda.

Ishonch bilan aytish mumkinki, davlat xizmatlari markazlari fuqarolarning hokimiyat bilan muloqot qilishida samarali tayanch nuqtaga aylanib ulgurdi. Yurtimizda har bir tuman va shahar aholi punktlarida ana shunday jami 201 markaz faoliyat olib boryapti. Ularda barchaga, jumladan, jismoniy shaxslarga ham yuzga yaqin davlat xizmatlarini koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan.

Ahamiyatlisi, 30 dan ortiq xizmatlar biznesning turli tarmoqlaridagi salohiyatli investorlar uchun moʻljallangan. Ishbilarmonlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish, qayta roʻyxatdan oʻtkazish, kadastr xizmatlari koʻrsatish, litsenziya va ruxsatnoma hujjatlarini taqdim etish shular jumlasidandir.

Birinchi qadam — eng muhimi

Mamlakatimizning “Biznes yuritish” reytingidagi pozitsiyasini yaxshilash boʻyicha dolzarb vazifalar davlatimiz rahbarining tegishli qarorida belgilab berildi.

“Biznes yuritish” reytingining oʻzi oʻnta koʻrsatkich boʻyicha baholanadi. Biznesni roʻyxatdan oʻtkazish koʻrsatkichi ular ichida eng birinchisidir.

Barchaga ayonki, oʻz biznesini boshlamoqchi boʻlgan har bir shaxs uchun uni tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazish birinchi qadam hisoblanadi. Tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ esa davlat xizmatlari markazlaridir. Shunday ekan, aynan ushbu koʻrsatkich boʻyicha pozitsiyani yaxshilash vazifasi Adliya vazirligi zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi.

2018 yilda eʼlon qilingan reytingga koʻra, tadbirkorlarni roʻyxatga olish koʻrsatkichi boʻyicha respublikamiz 190 ta davlat ichida 12-oʻrinni egalladi. Bu, albatta, yaxshi natija.

Gap shundaki, yurtimizda tadbirkorlarni roʻyxatga olish boʻyicha maxsus avtomatlashtirilgan tizim yaratilgan. Buning sharofati bilan davlat xizmatlari markazlarida biznesni bor-yoʻgʻi 15 — 20 daqiqada roʻyxatdan oʻtkazish imkoniyati yaratildi.

Oʻz navbatida, tadbirkorlik subyektini masofadan turib, onlayn rejimda roʻyxatdan oʻtkazish ham yoʻlga qoʻyildi. Bu usul qoʻllanilganda aynan elektron davlat xizmatlaridan foydalanishlarini qoʻllab-quvvatlash uchun davlat boji hajmining yarmi toʻlanmoqda.

Biroq mavjud amaliyot tahlili shuni koʻrsatyaptiki, tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha yaratilgan qulayliklarga qaramay, hayotda ishbilarmonlar biznes bilan toʻlaqonli shugʻullanish imkoniyatiga ega emas. Masalan, amaldagi qonunchilikka muvofiq, tadbirkorlar roʻyxatdan oʻtganidan soʻng belgilangan tartibda oʻz muhri va shtamplari (nishonlari)ni tayyorlashi, tijorat bankida hisob raqamini roʻyxatdan oʻtkazishi, bu haqda soliq va boshqa organlarni xabardor qilishi kerak. Shuning uchun Prezident qarori bilan Adliya vazirligi va Davlat xizmatlari agentligi oldiga ushbu jarayonlarni optimallashtirish (takomillashtirish) boʻyicha qator vazifalar qoʻyildi.

2019 yilning 1 martidan boshlab tadbirkorlar bank hisob raqamlarini masofadan turib ochishi mumkin. Qolaversa, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan tadbirkorlik subyektlaridan hujjatlarga muhr bosilishi yoki hujjatlarning muhr bilan tasdiqlanishini talab etish tartibini bekor qilish ham rejalashtirilyapti.

Endilikda tadbirkorlik subyektlari, jumladan, xorijlik investorlar ham oʻzlarining biznes sheriklari haqidagi maʼlumotlarni maxsus elektron tizim orqali tekshirib olish imkoniyatiga ega boʻlishi muhim ahamiyat kasb etadi. Roʻyxatga olingan majburiyatlar, qamoqqa olish yoki boshqa cheklovlar, lizing majburiyatlari haqidagi maʼlumotlar ochiq foydalanish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga joylashtiriladi.

Investorlarga alohida eʼtibor qaratiladi

Buyuk Britaniyaning “Kompanis xaus” kompaniyasi ilgʻor tajribasiga asoslangan holda, ishbilarmonlar uchun sinov tariqasida (test rejimida) ochiq platforma ishga tushirildi. Pirovardida sarmoyadorlar va boshqa tadbirkorlar boʻlajak biznes hamkoriga oid, masalan, roʻyxatdan oʻtgan vaqti, ustav jamgʻarmasi miqdori, muassislar haqidagi maʼlumotlarni onlayn rejimda olish imkoniyatiga ega boʻldi.

Bundan tashqari, davlat xizmatlari markazlarida investorlar uchun maxsus xonalar tashkil etilyapti. Ularda investorlarga oʻz biznesini boshlab olishi uchun zarur maslahatlar va huquqiy yordam koʻrsatish jarayoni yoʻlga qoʻyilmoqda.

Markazlarda, shuningdek, salohiyatli sarmoyadorlar uchun maxsus zonalar ochilyapti. Bu yerda tadbirkorlar yuridik shaxslarga taqdim etilayotgan xizmatlar, imtiyoz va preferensiyalar, Oʻzbekistonda biznes tashkil etishning oʻziga xos jihatlari haqidagi kerakli maʼlumotlarni olishadi. Yaqinda Jizzax viloyatining Mirzachoʻl tumanida ochilgan Davlat xizmatlari markazida ushbu maqsadlar uchun alohida xona jihozlab berildi.

Erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari portali faoliyat yuritmoqda. Shu orqali erkin hamda kichik sanoat zonalari, investorlarga koʻrsatilayotgan xizmatlar, imtiyozlar, investitsiya kiritishning afzalliklari, infratuzilmalar, geografik joylashuv, qolaversa, ushbu zonalar hududida joylashgan davlat mulki obyektlari haqidagi batafsil maʼlumotlar bir nechta tilda taqdim etilayotir.

Ishbilarmonlarga qulaylik yaratish maqsadida ushbu sanoat zonalari direksiyalari qoshida davlat xizmatlari markazlari filiallari paydo boʻlmoqda. Ularda ham maslahat va huquqiy yordam berilyapti.

Umuman olganda, bu borada olib borilayotgan islohotlar mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash hamda uning xalqaro hamjamiyatdagi ijobiy imidjini shakllantirish uchun kuchli turtki boʻlib xizmat qiladi.

Noʻmon Muhammadiyev, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi direktori oʻrinbosari.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?