Biznes-ombudsmanlarga tergov vaqtida ko‘p imkoniyatlar taqdim etiladi

15:47 11 Iyul 2018 Iqtisodiyot
262 0
Illyustrativ foto

Ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib qoidalariga (ro‘yxat raqami 2495, 29.07.2013 y.) va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tergov hibsxonalarining ichki tartib qoidalariga (ro‘yxat raqami 2456, 13.05.2013 y.) tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqida Norma.uz ma’lumot berdi.

Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (biznes-ombudsman) IIV tergov hibsxonalariga moneliksiz kirish huquqiga ega bo‘ldi. Bunda tergov hibsxonalari ma’muriyati tomonidan Vakilning xavfsizligi ta’minlanadi. Bu borada biznes-ombudsman Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga tenglashtirildi. Biroq parlament Vakilidan farqli o‘laroq, unga jazoni ijro etish koloniyalariga bunday tartibda kirishga ruxsat berilmadi.

IIV tergov hibsxonalarida va jazoni ijro etish koloniyalarida bo‘lgan shaxslarning Biznes-ombudsman nomiga yo‘llagan ariza va shikoyatlari ko‘zdan kechirilmaydi va muhrlangan tarzda 24 soatdan kechiktirmay yuboriladi. Telegrammalar esa darhol yuboriladi. Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga, prokurorga, tergov hibsxonalarini tekshirish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga, shuningdek jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxslar va organlarga yo‘llangan murojaatlar uchun ham shunday tartib qo‘llanilishi nazarda tutilmoqda.

Ichki ishlar vazirining buyruqlari (ro‘yxat raqamlari 2495-2 va 2456-2, 5.07.2018 y.) Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 6.07.2018 yildan kuchga kirdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?