Biz yoshlar tashabbuskor, faol, vatanparvar boʻlsak, Oʻzbekiston uchinchi renessans davriga dadil qadam qoʻyadi

10:43 07 Sentyabr 2020 Jamiyat
352 0

Mana qariyb yarim yildan buyon barchamiz karantin sharoitida yashayapmiz. Bu murakkab davrda nafaqat bizning mamlakatimizda balki, hamma davlatlarda ham eng asosiy muammo aholining ehtiyojmand qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash, daromad bilan taʼminlash boʻlib qolmoqda.

Ayniqsa yoshlar va ayollar bandligini taʼminlash har qachongidan-da muhim masalaga aylangan desak xato boʻlmaydi.

Bu borada birinchi galda yoshlarni biror kasbni egallashiga koʻmaklashish, ularni tadbirkorlikka jalb qilish ayni muddaodir. Lekin ochigʻini aytish kerak, hozircha kasb-hunar taʼlimi mamlakatimiz taʼlim tizimidagi eng zaif nuqtalardan biri boʻlib qolmoqda. Shu boisdan oʻquvchi yoshlarda turli kasblarga qiziqishni maktab paytidayoq rivojlantirish, ularni jamiyatimizda talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻrgatish zarur. Qolaversa, oʻquvchilarning dasturchi, dizayner, tarjimon kabi istiqbolli kasblar uchun poydevor boʻladigan bilim va koʻnikmalarni egallashi uchun bor kuch-imkoniyatlarni safarbar qilish lozim. Shuningdek, robototexnika, dasturlash kabi talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻrgatish ham muhim ahamiyatga ega. Chunki, globallashuv shiddat bilan davom etmoqda va u ortga qaytmaydi. Xohlaymizmi yoʻqmi barcha sohalarga zamonaviy axborot texnologiyalari va texnikalari kirib boraveradi.

Shu oʻrinda yana bir gap. Sir emas bugungi kunda mamlakatimizda katta koʻlamda qurilishlar boʻlyapti. Tabiiyki bu sharoitda bilimli va malakali quruvchilarga boʻlgan talab ham kuchayib bormoqda. Statistik maʼlumotlarga qaraganda, hozir yiliga kamida 50 ming nafar professional quruvchiga ehtiyoj sezilyapti. Shuning uchun qurilish yoʻnalishida kasbga tayyorlash ishlarini tubdan yaxshilash, bu borada samarali taʼlim tizimi yaratish foydadan holi boʻlmaydi.

Albatta keyingi 3 yilda mamlakatimizda bu masalalarni hal etish boʻyicha tizimli va toʻgʻri ishlar amalga oshirib kelinmoqda va ushbu islohotlarning natijasi tez orada yuzaga chiqadi. Avvalo aholi bandligini taʼminlashda mehnat bozoridagi talab oʻrganilib, shu asosida mutaxassislar tayyorlashga urgʻu berilayotgani eng toʻgʻri yoʻldir. Zero, kasblarga boʻlgan real ichki ehtiyoj aniqlanib, shu asosida yoshlarga kasb-hunar oʻrgatilsa, ertaga ularning ishga joylashish imkoniyati shuncha kafolatli boʻlishi shubhasiz.

Yurtimizdagi millionlab yoshlarning bir vakili sifatida shuni alohida aytishim kerakki, Prezidentimiz boshchiligida yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, ularga tadbirkorlik sohasiga ragʻbat va eng asosiysi motivatsiya uygʻotish uchun juda keng koʻlamli amaliy ishlarga qoʻl urilmoqda. Xususan, Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi qoshida Venchur fond tashkil etilayotganidan koʻpchilik yaxshi xabardor. Ushbu jamgʻarmaga dastlab 1 million AQSH dollari yoʻnaltiriladi. Shuningdek, yosh tadbirkorlarga huquqiy, buxgalteriya, marketing, bank va boshqa sohalar boʻyicha konsalting xizmatlari xarajatlari ham qoplanadi.

Bundan tashqari, startap loyihalar tanlovini tashkil etish orqali joriy yilda har bir viloyatda kamida 10 ta, kelgusi yildan boshlab yiliga kamida 20 ta eng yaxshi startap loyihalarga 50 milliondan 200 million soʻmgacha grant ajratilishi belgilangan. Shu bilan birga, quduq qazish, sugʻorish vositalari xarid qilish, issiqxona oʻrnatish, urugʻlik va koʻchatlar sotib olish uchun yoshlarga subsidiyalar beriladi.

Umuman olganda, mamlakatimizda kelajakka shu zaylda sarmoya kiritilmoqda va bu orqali yoshlarga juda katta ishonch bildirilyapti, desak toʻgʻri boʻladi. Biz yoshlar esa avvalo zimmamizdagi ana shu masʼuliyatni teran his etib, uchinchi renessans davriga qadam qoʻyayotgan jonajon Oʻzbekistonimizning ravnaqi aynan yoshlarning tashabbuskorligi, faolligi, vatanparvarligiga bogʻliq ekanligini aslo unutmasligimiz kerak.

Shozafar Shoahmedov,
“ECO VIRIN AGRO” MCHJ direktori,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi huzuridagi

“Yoshlar parlamenti” aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?