Biz qutulishimiz kerak boʻlgan nooqilona byurokratiyaga duch keldik - Ruslanbek Davletovning pandemiyadan xulosalari

22:01 14 May 2020 Jamiyat
735 0

Vazirlik

Davlat xizmatlari uchun pandemiya bilan bogʻliq qiyinchiliklarni qanday yengish mumkin? Davlatlar karantin choralari va iqtisodiy toʻsiqlar sharoitida nima qilishlari kerak? Xalqaro savdo va logistika qanday qiyinchiliklarga duch keldi? Karantin davrida jamiyatni safarbar qilishda qanday ijtimoiy innovatsiyalar va aqlli qarorlar yaxshiroq yordam beradi? Pandemiyadan keyin barqarorlikni qanday taʼminlash mumkin?

Ushbu va boshqa jihatlar Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmati va ijtimoiy innovatsiyalar davlat agentligi (SAPSSI) tomonidan tashkil etilgan “COVID-19 ga hukumatlarning tezkor javobi” Global veb-forumida muhokama qilindi. Ikki kun 14-15-may kunlari davomida ushbu muloqot va tajriba almashish, turli mamlakatlarning innovatsion yondashuvlarining muhokama maydoniga aylandi. “COVID-19” ga qarshi kurashda va pandemiyadan keyingi davrda ijtimoiy innovatsiyalar hamda ochilona qarorlarning hal qiluvchi rolini davlat xizmatlarini koʻrsatish mexanizmlari bilan bogʻliq hozirgi vaziyatga alohida eʼtibor qaratildi.

Global veb-forumda dunyoning turli mamlakatlaridan vazirlar va xalqaro tashkilotlarning yuqori lavozimli vakillari ishtirok etmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri Ruslanbek Davletov ham spikerlar safida chiqish qildi.

“Pandemiya davrida davlat xizmatlari” sessiyasi doirasida adliya vaziri Ruslanbek Davletov respublikada davlat xizmatlari tizimida yuzaga kelgan masalalar va bu boradagi amaliy qarorlar haqida oʻz fikrlarini bayon qildi.

Taʼkidlanganidek, COVID-19 epidemiyasining dastlabki kunlaridan boshlab Oʻzbekiston rahbariyati infeksiya ommaviy tarqalishining oldini olish boʻyicha qatʼiy choralar koʻrdi, jumladan, karantin rejimi joriy etildi.

“Mamlakatimizda infeksiyani “ixotalash” choralari koʻrildi. Odamlar uyda qolishdi, lekin ularning ehtiyojlari hech qayerga yoʻqolmadi. Davlat va uning tashkilotlari ham oʻz rolini, vazifalarini qayta koʻrib chiqishi, ish uslubi hamda usullarini oʻzgartirishi har qachongidanda dolzarb boʻlib turibdi. Bularning barchasi soliq toʻlovchilarning ortib borayotgan talabini qondirish uchun zarurdir”, dedi R. Davletov.

Masalan, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarining diqqat markazida boʻldi. Davlat xizmatlari markazlari avtotransport vositalari harakati uchun ruxsat beruvchi stikerlarni berganligi sababli, cheklov choralari davrida murakkab vazifalardan birini amalga oshirishiga toʻgʻri keldi.

Qattiq karantin boʻlishiga qaramasdan, davlat xizmatlari markazlari nafaqat ish vaqtini qisqartiribgina qolmay, balki 24 soatlik xizmatga oʻtishdi. Arizalar onlayn qabul qilindi. Oʻn kun ichida oʻrtacha 200 mingdan ortiq ariza koʻrib chiqildi, ularning faqat 15% mezonlarga muvofiq deb topildi.

Aholi xavfsizligini taʼminlash uchun elektron davlat xizmatlari turlari sezilarli darajada koʻpaymoqda. Hozirda mavjud tizimda 140 dan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatilayotgan boʻlsa, yil oxiriga qadar unga yana 50 ta qoʻshimcha xizmat qoʻshilishi rejalashtirilgan. Yangiliklardan yana biri fuqarolar tomonidan uydan chiqmasdan, masofadan turib elektron imzo kalitini olish imkoniyati boʻldi.

Davlat xizmatlari markazlarining zamonaviy binolari qurilishi davom etmoqda, yil oxiriga qadar qariyb 200 ta markaz binosi qurilishi tugallanishi koʻzda tutilgan. Shunday qilib, aholi postpandemik davrda eng qulay sharoitlarda davlat xizmatlarini olishi mumkin. Biroq, birinchi navbatda, onlayn xizmatlarni taqdim etishga oʻtish lozim. Bu hozir amalga oshirilmoqda ham, bu davlat va fuqarolarning oʻzaro hamkorligining istiqbolidir.

“Umuman olganda, biz juda koʻp narsani oʻrgandik, pandemiyadan xulosa chiqardik. U bizning zaif tomonlarimizni koʻrsatdi, takomilga muhtoj boʻlgan tuzilmalarni aniqladi. Bundan tashqari, biz qutulishimiz kerak boʻlgan nooqilona byurokratiyaga duch keldik. Shu munosabat bilan, yangi maʼmuriy munosabatlarni qurishning zamonaviy innovatsion usullarini tadqiq qilish va joriy etish, ushbu sohadagi davlat tuzilmalarining maqsad va vazifalarini tubdan qayta koʻrib chiqish, biznesni qoʻllab-quvvatlash vositalariga alohida eʼtibor berish, xizmat koʻrsatishning umumiy tartib-taomillarini qayta koʻrib chiqish boshlandi. Masalan, vazirlik biznes uchun litsenziyalar va ruxsatnomalar sonini ikki barobarga qisqartirish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini tayyorladi”, - dedi adliya vaziri.

Global veb-forumda SAPPSI (ASAN Service) raisi Ulvi Mextiyev, ICESCO Bosh direktori Salim M. Al-Malik, BMTTD maʼmuri Axim Shtayner, Jahon iqtisodiy forumi prezidenti Borge Brande, Yevropa tashqi aloqalar xizmati (EEAS) boshqaruvchi direktori oʻrinbosari Lyuk Devin va boshqalar soʻzga chiqishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?