Biz qachon shukr qilamiz?

11:49 17 Yanvar 2019 Jamiyat
632 0

Muallif olgan surat.

“XALQ SOʻZI ONLINE”. Ahmadali Shernazarov/Guliston. Nuriddin Tursunovni Gulistonda yaxshi bilishadi. Koʻzi ojiz boʻlsa-da, uni koʻpincha shahar koʻchalari, yoʻlkalarida uchratish mumkin. U uyida uzoq oʻtirolmaydi. Qaynoq hayotga, odamlar orasida boʻlishga talpinadi. Kimdir uni chorrahadan oʻtkazib qoʻysa, yana birov aytgan joyiga yetaklab olib boradi. Shu asnoda manzilga yetguncha 10 — 15 kishi bilan muloqot qiladi. Odamlarning eʼtibori va suhbatidan koʻngli togʻdek koʻtariladi. Suhbatdoshlarining minnatdor soʻzlaridan yurtimiz hamda hayotimizda yuz berayotgan katta oʻzgarishlarni qalb koʻzi bilan koʻradi, yanada teran anglaydi. Va bundan quvonadi, faxrlanadi.

Bir paytlar jurnalistika sohasida mehnat qilgan, navqiron yoshida miyasi ogʻir xastalikka uchrab, birinchi guruh nogironi boʻlib qolgan Nuriddin oʻzining hozirgi ahvolidan hech qachon nolimagan. Uning hayotdan roziligini koʻrib, toʻrt muchasi sogʻ boʻla turib, turmushning arzimas tashvishlarini ulkan mashaqqat, zalvorli qiyinchilik deb bilguvchi ayrim kishilar xayoldan oʻtadi...

Nuriddin hayotiy shioriga aylanib ulgurgan, 20 ta soʻzdan iborat mana bu shukronasini tez-tez takrorlashni xush koʻradi:

— Tashlayotgan har bir qadamimga, yuragimning har bir zarbiga, vujudim tomirlarining har bir millimetridagi qon oqimiga, olayotgan har bir nafasimga shukr...

Biz, sogʻlom insonlar qachon shukr qilamiz?


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?