"Biz faqat bir narsadan qoʻrqishimiz kerak, u ham boʻlsa, qoʻrqishdan"

13:47 09 Sentyabr 2020 Siyosat
412 0

Millat taqdiri hal etilayotgan bir vaqtda, aynan xalq ichidan yuksak masʼuliyatni oʻz zimmasiga oladigan jamiyat yetakchisi, sarboni paydo boʻladi. Aynan ular xalqning boshini qovushtirib, ogʻir, murakkab qarorlarni qabul qilish va ularni qanchalik mushkul boʻlmasin, ijrosini taʼminlash vazifasini oʻz zimmalariga olmoqlari lozim. Bu esa millat sardoridan qahramonlik, chuqur idrok, siyosiy iroda, mardlikni talab etadi.

Bugungi kunda butun dunyoda avj olgan pandemiya bilan bogʻliq hodisalarni tahlil qilar chogʻimda, doimo oʻylaymanki, agar oʻz vaqtida davlat boshqaruv tizimi tubdan takomillashtirilmaganida, hududlar rahbarlariga yangi vakolatlar berilmaganida, parlament, fuqarolik jamiyati, ommaviy axborot vositalarining roli bu qadar kuchaytirilmaganida, iqtisodiy islohotlar boshlanmaganida, inson huquqlari kafotlatlashga yangicha yondashuv boʻlmaganda va batamom yangi tashqi siyosat olib borilmaganda, bugungi kunda mamlakatimizdagi vaziyat nihoyatda ogʻir boʻlar edi.

Islohotlar hosilasi oʻlaroq bugungi kunda shaffoflik va hisobdorlik hokimiyatning barcha darajalariga xos boʻlmoqda. Uning negizida vaziyatga qoʻrqmasdan xolisona qarash, muammolarni berkitmasdan, ularni hal qilish yoʻllarini izlash, topish va yechishga intilish mujassam. Shu jihatdan bugun bizning siyosatimizga dovyuraklik xos boʻlmoqda. Koʻp yillar mobaynida davom etgan real vaziyatni ochiq aytishdan qoʻrqish siyosatiga barham berildi. Buni dunyo hamjamiyati ham tan olmoqda va asosiysi, xalqimiz ham bu siyosatni qoʻllab-quvvatlamoqda.

Bu borada men mashhur amerikalik siyosiy arbob Franklin Delano Ruzveltning soʻzlaridan iqtibos keltirmoqchiman. AQSH chuqur inqirozga tushgan va yangi iqtisodiy siyosatni boshlagan bir paytda u muhim soʻzlarni aytib oʻtgan edi: biz faqat bir narsadan qoʻrqishimiz kerak, u ham boʻlsa, qoʻrqishdan.

Bu soʻzlarni biz bugungi hayotimizga ham tatbiq qilishimiz mumkin. Soʻnggi yillarda olib borilayotgan islohotlar aynan shu dovyuraklikka xos boʻldi.

Xususan, tibbiyot tizimi, uning kamchiliklari haqida biz koʻp gapiryapmiz. Unga xos muammolar tahlil qilinmoqda. Lekin, shuni eslashimiz kerakki, Prezidentimiz boshlab bergan islohotlarning birinchi kunidayoq, tibbiyot tizimi bugungi kun talablariga javob bermayotganligi, uni tubdan isloh qilishimiz kerakligi haqida gapirildi va bu borada bir necha dasturlar amalga oshirildi.

Bugun Oʻzbekistonda koronavirusga qarshi kurash boshqa davlatlarga nisbatan bir muncha muvaffaqiyatli kechayotgani ham oxirgi uch yil davomida olib borilayotgan keng koʻlamli tadbirlarning natijasidir.

Masalan, mamlakatimizda oxirgi uch yil mobaynida fuqarolik jamiyati paydo boʻldi. Ijtimoiy hamkorlik, inqirozga qarshi choralarning umummilliy protokolini yaratish uchun imkoniyatlar ishga solindi.

Pandemiya davrida fuqarolik jamiyati vakillari faol boʻlib, bevosita ishtirok etib, aholini xabardor qilish va uni jalb qilishga katta ulush qoʻshdi. Shu jumladan, ommaviy axborot vositalarining ham roli katta boʻldi. Oʻylaymanki, shu oʻrinda biz yana bir iqtibosni yodga olsak, arziydi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining bosh direktori Tedros Gebreisus dunyoning koʻp hukumatlari virusga qarshi notoʻgʻri siyosat olib borganlarini qayd etib, buning sababi sifatida birinchi navbatda, aholiga pandemiya vaziyatida lozim boʻlgan talablar haqida axborot yetmasligini koʻrsatdi.

Mamlakatimizda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar haqida ham shunday fikr bildirish mumkin. Oxirgi uch yil mobaynida amalga oshirilgan oʻzgarishlarning asosiy natijalari bu “iqtisodiy manyovr” uchun, yaʼni iqtisodiyotni talablariga qarab, oʻzini oʻzgartirish uchun imkoniyatlar yaratildi.

Aytish kerakki, dunyoda bir necha mamlakat borki, ularda bugungidek iqtisodiy inqiroz davrida nainki iqtisodiy tanazzulning oldi olindi, balki oz boʻlsa ham iqtisodiy oʻsish taʼminlanmoqda. Shu jumladan, yurtimizda ham bu borada qator muvaffaqiyatlar qayd etildi. Masalan, Prezidentimizning mamlakatimiz mustaqilligining 29 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida qayd etilganidek, pandemiya sharoitiga qaramasdan, Oʻzbekistonning eksporti bu yilning oʻtgan davri mobaynida 9 milliard dollarni tashkil etdi. Bu nihoyatda katta koʻrsatkich, hattoki ilgari, yaʼni sharoit normal holatda boʻlgan yillarda ham, bunday natijaga erishilmagan edi.

Birgina sanoat sohasiga umumiy qiymati 11 milliard boʻlgan loyihalar ishga tushirildi, yaʼni investitsiyalar oʻzlashtirildi. Shu jumladan, xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan, eng yetuk texnologiyalarni oʻziga qamrab olgan yangi Toshkent metallurgiya zavodini oladigan boʻlsak, bu pandemiya sharoitida amalga oshirilgan muhim iqtisodiy yutuqlarni ham koʻrsatadi.

Ilgari mamlakatimiz faqat paxta xom-ashyosini sotib, yilida eng koʻpi bilan bir milliard dollar daromad qilgan boʻlsa, bugungi kunga kelib, biz yengil sanoat mahsulotlari eksportidan uch milliard dollar daromad qilyapmiz. Yaqin kelajakda bu koʻrsatkich yetti milliard dollarga qadar ortishi kutilmoqda.

Mustaqillik tantanalari arafasida hammamiz guvoh boʻldik, poytaxtimiz Toshkentda yangi metro liniyalarining ochilishi, yangi texnoparklarning ishga tushirilishi — mamlakatimizda boshidan qoʻyilgan asosiy masala, ham odamlarning hayotini saqlab qolish, ham iqtisodiyotimizning qulashiga yoʻl qoʻymaslik siyosati muvaffaqiyatli olib borilganidan dalolatdir.

Prezidentimizning maʼruzasini hammamiz diqqat bilan eshitdik. Mening yuragimga qadar yetib kelgan bir joyi shu boʻldiki, bizda “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” daʼvatkor gʻoyasi ilgari surildi. Bunda nihoyatda chuqur maʼno bor. Milliy tiklanish, oʻzligimizni anglash, milliy davlatchiligimizning asoslarini barpo qilish davri oʻtdi, bu masalalar oldingi 29 yil mobaynida muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Endi milliy yuksalish – Oʻzbekistonni eng rivojlangan davlatlar qatoriga kirgizish masalasi qoʻyilmoqda. Bu faqatgina shior yoki umumiy daʼvat emas, buning aniq yoʻnalishlari ham koʻrsatildi. Shu jumladan, Oʻzbekistonda uchinchi Renessans, yaʼni yangi uygʻonish davri degan ulugʻvor maqsad ilgari surildi.

Hammamiz bilamiz, tarixda ikkita renessans davri, birinchisi 9-12 asarlarda, keyingisi temuriylar sulolasi bilan bogʻliq boʻlgan boʻlsa, shu davrlarda aynan bizni oʻlkamiz dunyoning eng rivojlangan va mavqei juda baland boʻlgan davlat edi. Chunki uning siyosiy, harbiy, ilmiy salohiyati shu davrdagi hech bir davlat tenglasha olmas edi.

Men bir misolni keltirmoqchiman. Afsuski, buni bilganlar oramizda juda kam. Aynan shu renessans davri, yaʼni 9-10 asrlarda Samarqandda zarb etilgan dirhem tangasi butun Yevropa va yaqin sharq mamlakatlaridagi muomalada boʻlgan pul mablagʻlarining uchdan birini tashkil etgan. Hattoki, skandinaviyalik vikinglar ham oʻzlarining ulushlarini somoniylar davrida zarb etilgan dirhemlarga almashtirishga harakat qilgan. Yaʼni bugun butun dunyoda AQSH dollari qanday rol oʻynagan boʻlsa, aynan Samarqand dirhemi oʻsha paytda kuchli qiymatga ega boʻlgan. Buning zamirida oʻsha davlatning mavqei, potensiali, unga boʻlgan ishonch, uni iqtisodiy salohiyati va quvvati namoyondir.

Biz hammamiz bugun oʻzimiz uchun xulosa qilishimiz kerak, oʻz oldimizga savol qoʻyishimiz kerakki, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan gʻoyalar, ulugʻvor maqsadlar bizdan nimani talab qiladi? Chunki bu ishlarni har birimiz oʻz joyimizda, oʻz jamoamizda amalga oshirishimiz kerak. Men oʻylaymanki, birinchi navbatda, biz parlament vakillari mamlakatda parlament rolini yana-da yuksaltirishga, nafaqat markazda, balki joylarda ham mahalliy Kengashlarning rolini oshirish bilan mashgʻul boʻlishimiz kerak. Chunki bu biz uchun hal qiluvchi masaladir. Qanday muammo boʻlmasin, bu iqtisodiy yuksalishga oidmi, taʼlim tizimini takomillashtirishga aloqadormi, korrupsiyaga qarshi kurash masalasi boʻladimi, bularning barchasi, birinchi navbatda qonunlarga bogʻliq. Qonunlarni, qonun ijodkorligi jarayonlarini yaxshilamasdan turib, jamiyatimiz oldida turgan maqsadlarga erisha olmaymiz. Bugun hammamizga shu narsa ravshan boʻlishi kerakki, ham senatorlar, ham deputatlarning birinchi vazifamiz jamiyatimizda vakillik organlarining tutgan oʻrnini barcha jabhalarda yangi pogʻonaga koʻtarishdan iboratdir.

Shaxsan men uchun jamiyatimiz, milliy manfaatlarimizni himoya qilishda, ilgari surishda va oldimizga qoʻygan maqsadlarimizga erishishimizda tashqi siyosat, tashqi iqtisodiy aloqalarning roli nihoyatda katta. Oʻzi umuman, renessans, uygʻonish davri haqida gapirar ekanmiz, uchinchi renessansni oldimizga maqsad sifatida qoʻygan ekanmiz, bir narsani yodda tutishimiz kerakki, bu davrlarga olib keluvchi va uning muvaffaqiyatini taʼminlovchi oʻzining omillari bor. Ulardan biri ochiqlik va tashqi aloqalarning keng qamrovliligi. Aynan uzoq masofali savdo Markaziy Osiyoning yuksalishida va gullab-yashnashida katta rol oʻynaydi. Mana shunday xalqaro savdoning boʻgʻini sifatida yoʻqolishimiz keyingi oʻrta asrlar davrida Oʻzbekistonni qoloq bir yurtga aylanishiga sabab boʻlgan.

Bugun yangilangan Oʻzbekistonning tashqi siyosati aynan ochiqlik va tashqi aloqalarning hamma yoʻnalishida, gʻarbu sharq, janubu shimol, barchasini birdek rivojlantirishga qaratilgani bejizga emas.

Oxirgi yillarda Oʻzbekistonning butun dunyodagi qiyofasi oʻzgardi. Yangi Oʻzbekiston paydo boʻldi. Yurtimizning obroʻsi bugun misli koʻrilmagan darajada yuksaldi. Bu faqat obroʻ uchun emas, buning amaliy natijalari ham borligi quvontiradi.

Eʼtibor bering, pandemiya sharoitida yurtimizga eng yaqin doʻstlarimiz tomonidan xalqaro koʻmak va yordam koʻlami katta boʻldi. Bizga berilgan yordam birinchi navbatda, xalqaro moliyaviy tashkilotlardan kelgan moliyaviy mablagʻlar bilan bogʻliq. Bu borada biz bir narsani bilishimiz kerak. Kreditlar hammaga ham berilmaydi. U faqat ishonch qozongan va obroʻsi, nufuzi katta boʻlgan davlatlarga beriladi. Mana shu pandemiya davrida mamlakatimiz qariyb 3 milliard dollarlik imtiyozli kredit va grantlarni jalb etdi. Hozirda ularni oʻzlashtirish dasturlari amalga oshirilmoqda.

Bu katta mablagʻ, albatta. Uning yetti yuz millioni ishbilarmon doiralar va banklarni qoʻllab-quvvatlashga qaratildi. Ishbilarmonlar kimlar? Ish oʻrnini yaratayotganlar, odamlarning oylik maoshini toʻlayotganlardir. Bu mablagʻlar yangi ishlab chiqarishlarni kengaytirishga qaratiladi. 300 millioni kommunal xoʻjalik harakatining uzluksizligini taʼminlashga yoʻnaltirildi. Bular nimadan dalolat beradi? Olingan mablagʻlar bejizga sarflanayotgan yoʻq. Avvalo, xalqimizning ogʻirini yengil qilishga qaratilgan.

Biz bundan buyon ham Oʻzbekistonning xalqaro munosabatlarini yana-da rivojlantirish va xalqaro miqyosda oʻzimizning milliy manfaatlarimizni ilgari surishga qaratilgan siyosatimizni yana-da takomillashtiramiz.

Shu xalqning farzandi sifatida bu har birimizning burchimizdir.

Sodiq SAFOYEV, 
Oliy Majlis Senati raisining birinchi oʻrinbosari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?