«Biz bir-birimizga bag’rimizni, qalbimizni ochdik»

11:55 04 Aprel 2018 Jamiyat
531 0
Foto: "Халқ сўзи"

 O’zbek xalqi bilan bir daryodan suv ichib, qo’ni-qo’shnichilikda yashab kelgan qirg’iz elining buyuk oqini, Qirg’iziston xalq shoiri, Qirg’iziston Fanlar akademiyasi akademigi Aali To’qumboev har ikki xalqning she’riyat muxlislariga yod bo’lib ketgan “Alisher Navoiy” deb nomlangan she’rida shunday degan edi:
Alisher, sening tiling — mening tilim,
Alisher, sening diling — mening dilim.
Kel, birga jo’r bo’laylik, orzularing
Ochildi chaman bo’lib mana bugun.

Darhaqiqat, bundan etmish yil muqaddam bitilgan bu misralar bugungi kunda tillarda yangrab, dillarda aks sado berdi. O’zaro samimiy munosabat, mehru muhabbat, til va dil birligi ikki qondosh hamda jondosh xalqning oddiy turmush tarzidan tortib, dunyoning global muammolarini hamjihatlikda hal qilishida ham namoyon bo’la boshladi.

“O’zbekistonning ulkan do’sti edi”

Kuni kecha O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to’g’risida”gi qarori e’lon qilindi. Qaror “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov nafaqat qirg’iz eli, ayni paytda butun turkiy mamlakatlar, jumladan, o’zbek xalqi uchun ham aziz va qadrli siymo, O’zbekistonning ulkan do’sti edi”, degan g’oyatda haqqoniy so’zlar bilan boshlanadi. Hozirgi kunda ikki mamlakat o’rtasida olib borilayotgan do’stlik, yaxshi qo’shnilik, strategik sheriklik munosabatlariga bu fikr hamohangligi bilan yanada yuksak ahamiyat kasb etdi.

Barchasi ortda qoldi

Aholisi o’zbeklar va qirg’izlardan iborat Cho’ng’ara degan qishloq Farg’ona viloyatini Qirg’iziston Respublikasi bilan tutashtiruvchi eng chekka hudud hisoblanadi.
— Men poliklinika patronaj hamshirasiman, — deydi cho’ng’aralik Gulnoz Boborahimova. — Har olti oyda tibbiy ko’rikdan o’tish uchun shaharga borib-kelishimga to’g’ri kelardi. Ammo fuqaroligim yo’qligi sababli na u yoqqa, na bu yoqqa o’ta olardim.

Ko’zu qoshdek bir-biriga o’xshaydigan, yonma-yon joylashgan qishloqlarning birida o’zbeklar yashasa, ikkinchisida qirg’izlar istiqomat qiladi. Ayrimlarida esa Cho’ng’aradagi kabi o’zbegu qirg’iz birgalikda, bir oiladek hayot kechiradi. Tillari, lahjalari ham bir-biriga o’tib, qaysi biri o’zbegu qaysinisi qirg’iz ekanligini ajratish qiyin. O’zlari etishtirgan devzira guruchning dong’ini etti iqlimga tarata olgan cho’ng’araliklar boshqa davlat chegarasidan o’tishga to’g’ri kelganida boshlari qotib, ayblari nima ekanligini o’zlari ham bilolmay dog’da edilar.
Endi u kunlar tushdek o’tib ketdi. Cho’ng’ara — Rishton yo’li ochildi. Rishton — Oqtuproq, Targ’ova yo’llari ham ikki xalqning yaxshi kunlariga, bordi-keldilariga xizmat qilmoqda. Zero, yuz issiqligi, yaqinlar nigohi tufayli ko’ngilda uyg’onadigan go’zal his-tuyg’ular haqida o’zbeklar qanday fikr yuritsa, qirg’izlar ham shunday mulohaza qilishadi. O’zbek xalqidagi “Qadim do’stlik zanglamas” naqlining ma’nisini qirg’izlardagi “Yo’ldoshsiz er yo’ldan adashar” degan hikmatli so’z to’ldirib, mukammallashtirib turishi ham hech kimga sir emas.
Daryo toshishi natijasida aholi ekinlarini suv yuvib ketishining oldini olish uchun damba qurish, yo’l-chegara bilan bog’liq masalalar birgalikda hal etilishi zahotiyoq aholini ish bilan ta’minlash, tadbirkorlarga kredit ajratish, maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalarini ochish singari muammolar ham o’z-o’zidan echim topa boshladi. Hamma gap hamjihatlikda ekani ayonlashdi.

Oramizda hech qanday chegara bo’lishi mumkin emas

Joriy yilning 15 mart kuni Ostona shahrida bo’lib o’tgan “Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvi”da so’zlagan nutqida davlatimiz rahbari qo’shni mamlakatlar bilan iqtisodiy hamjihatlik mustahkamlanib borayotganiga e’tibor qaratdi: “O’zbekistonning Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan tovar ayirboshlash hajmi o’tgan yil yakunlariga ko’ra, qariyb 3 milliard dollarni tashkil etdi, ya’ni 20 foiz ortdi.
Bu borada o’zaro tovar etkazib berish 2 barobar ko’paydi”.
O’zbekiston hamda Qirg’iziston o’rtasidagi muammolar davlatlar rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli echim topib bormoqda. Odamlar hayotdan rozi bo’lib yashashlari uchun qilinayotgan sa’y-harakatlar, albatta, ijobiy samaralar beradi. Avtomobil, qishloq xo’jaligi texnikasi, o’g’it, maishiy texnika, to’qimachilik va qurilish materiallarining qirg’izlarga O’zbekiston tomonidan etkazib berilishi, o’z navbatida, u erdan ko’mir, go’sht, sut, meva-sabzavot, trikotaj mahsulotlarining yurtimizga keltirilishi har ikki tomon uchun ham manfaatli hisoblanishidan tashqari, bunday bordi-keldilar ijtimoiy-gumanitar sohalarga ham ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Xitoy — Qirg’iziston — O’zbekiston avtomobil hamda temir yo’l magistrallari mintaqa iqtisodiy salohiyati yuksalishiga xizmat qiladi. Davlatimiz rahbarining “Chegaralarimiz do’stlik va yaxshi qo’shnichilik ko’prigiga aylanishiga astoydil ishonaman”, degan so’zlari zamirida xalqlarimizning azaliy orzu-umidlari yotadi.

Qirg’iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov davlat rahbari sifatida ilk xorijiy davlat tashrifini aynan O’zbekistonga amalga oshirdi.
“Qirg’iziston bizning yaqin qo’shnimiz. Shuning uchun bizning oramizda hech qanday chegara bo’lishi mumkin emas. Biz bir-birimizga qalbimizni, bag’rimizni ochdik” — O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning bu samimiy so’zlari barchaning qalbida minnatdorlik tuyg’ulariga yo’g’rilgan aks sado berdi. Har ikki xalqning yoshu keksasi duoga qo’l ochib, o’zlariga yaqin, oddiy odamlarning dardu tashvishlarini his qilgan holda olib borilayotgan siyosat amaliy natijalar berayotganini e’tirof etishdi. Do’stlik rishtalarining mustahkamlanib borishi barcha zamonda ezgulik olib kelganini ko’pni ko’rgan yurt kayvonilari, elboshilari, oqsoqollari eldosh-qavmdoshlariga etkazishdi.

Qirg’iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekovning “Siz mamlakatlarimiz o’rtasidagi davlat chegarasini chinakam do’stlik, yaxshi qo’shnichilik va sheriklik chegarasiga aylantirdingiz”, degan olijanob fikri esa dillarni hayajonga soldi. Negaki, buyuk bobomiz Alisher Navoiy aytganlaridek, “El g’ami-yu xalq g’ami”dan kelib chiqib, yuksak insonparvarlikka yo’g’rilgan g’oyalar hamisha o’z davrida odamlarga xizmat qilib, shu asno yuksak tarixiy ahamiyat kasb etib kelgan. Dunyoni yorug’ va ezgu nurlarga burkagan. Bunga ko’hna tarix guvoh.

 

Foto: "Xalq so’zi"

“Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvi” endi har yili Navro’z bayrami arafasida ishtirokchi davlatlardan birining poytaxtida o’tkaziladigan bo’ldi. Sharq xalqlarining azaliy bayrami ham ezgu ishlarga xizmat qila olishidan suyunib, baxtga belanchak o’lka — Markaziy Osiyoning azim tog’lariyu bepoyon dashtu dalalariga ko’klam sepini yoydi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning O’zbekiston xalqiga Navro’z tabrigi jamiyatimiz muhitiga bayram kayfiyatni baxsh etdi. “Mana, bir necha yildirki, — deyiladi ushbu tabrikda, — Birlashgan Millatlar Tashkilotining qaroriga muvofiq Navro’z bayrami xalqaro miqyosda keng nishonlanmoqda.
Haqiqatan ham, bu betakror bayram barcha ezgu niyatli insonlarni birlashtiradi, ularning qalbida eng go’zal va olijanob tuyg’ularni uyg’otadi. Shu bois ham Navro’zi olam mustaqillik yillarida, millati, tili va dinidan qat’i nazar, diyorimizda yashayotgan barcha yurtdoshlarimizning ardoqli va sevimli bayramiga aylandi”.

Navro’z bayrami munosabati bilan Qirg’iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekovning davlatimiz rahbari nomiga yo’llagan qutlovida esa shunday dil so’zlarini o’qiymiz: “Navro’zni nishonlash xalqlarimiz o’rtasidagi ko’p asrlik an’anaviy do’stlik, yaxshi qo’shnilik va qardoshlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan Qirg’iziston va O’zbekiston o’rtasidagi o’zaro ishonch va anglashuv tamoyillariga asoslangan munosabatlar xalqlarimiz manfaatlari yo’lida bundan buyon ham rivojlanib borishiga ishonch bildirishga ijozat bergaysiz”.
Albatta, bu samimiy munosabatlarda qardoshu jondosh ikki xalqning yagona tarixi, umumiy kelajagi mujassam. Dala-tuzlarga sochilgan gul-chechaklar ifori ajdodlar ruhi shodlanayotganidan darak berayotgandek. Oliy uyg’unlik, mushtaraklik bu kunlarning mazmun-mohiyatini asrlarning mazmuniga tenglashtirayotgani chin haqiqat ekanligini bir daryodan suv ichib, bir osmon ostida umrguzaronlik qilayotgan azamat xalqlarning zahmatkash farzandlari his etib turishibdi.
Ma’rifat ahliga “Qisasi Rabg’uziy” nomli bebaho asarni taqdim qilgan Nosiruddin Burhonuddin Rabg’uziyning Navro’z haqidagi mashhur baytlari ham bugun o’zgacha ramziylikka egadek tuyuladi:
Kun hamalga kirdi ersa keldi olam navro’zi,
Kechdi bahman zamharir qish qolmadi qori buzi.
Kun kelu ming ko’rki ortib tirilur o’lmish jahon,
Tong badizlab naqshi birla bezanur bu Er yuzi.

Bahor faslining tabiatda mo’’jiza yaratishi, atrofga bayram bezaklari bilan fayz bag’ishlashi olamni o’zgartirayotgan inson qalbi evrilishlariga hamohangdir. “Adabiyot yashasa, millat yashar”, degan Abdulhamid Sulaymon o’g’li Cho’lpon ham bu kunlar nafasini his etib turgandek nafosatli satrlar bitgan:
Ko’ngillar ham havolardek ko’klam hidi bersaydi,
Dillarga ham havolardek ko’klam ruhi kirsaydi.

“Biz quyoshning so’nishiga yo’l qo’ya olamizmi?”

Dunyo adabiyotini o’zining betakror asarlari bilan boyitgan buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov “Cho’qqida qolgan ovchining ohu zori” asari taqdimotida “Biz quyoshning so’nishiga yo’l qo’ya olamizmi?” deya aytgan so’zlari bashariyat ahliga qaratilgan mangu da’vat kabi yangraydi.

Chingiz Aytmatov, shubhasiz, o’zbek xalqining eng yaqin do’sti edi. “Cho’qqida qolgan ovchining ohu zori” asarida u o’tgan asrning so’nggi choragida yuz bergan, “O’sh fojialari” nomi bilan o’zbek-qirg’iz xalqlari tarixida qayg’uli iz qoldirgan mudhish hodisalar haqida shunday yozadi: “Vaziyat kunday ravshan: har ikki qardosh xalq bir-birining yoqasiga yopishib turishardi. Qarama-qarshilikni qanday qilib bartaraf etish mumkin? Kutilmaganda alanga olib ketgan nizoni qanday yo’sinda to’xtatib bo’ladi? Bizni ana shunday muammolar qiynar edi. Har bir soatda yangi xabar etib kelardi: yurak-bag’rimiz o’rtanib, amaliy harakatga shoshilar edik.
“Farg’ona vodiysidagi o’n minglab o’zbeklar O’sh tomonga borishyapti!”.
“Kechagi kundan e’tiboran Oloy qirg’izlari otlariga mindilar!”.

Shunda men O’zbekistondagi har xil jamoat tashkilotlarining rahbarlariga: “Kelinglar, og’a-inilar, Sizniki noto’g’ri, meniki to’g’ri, degan munozarani bas qilaylik. Rostini aytsak, hammamiz aybdormiz. Vaziyatni murakkablashtirishdan foyda yo’q”, dedim. Barcha mening fikrlarimni bir ovozdan qo’llab-quvvatladi”.
U mudhish voqealar ortida kimlar turib, qanday manfaatlarni ko’zda tutgani vaqt o’tgan sayin oydinlashib, o’z bahosini oldi. Ammo o’shanda hissiyotga berilgan tomonlardagi vaziyatni tahlil etib, to’g’ri baholay olish uchun Chingiz Aytmatovning ulug’ Shaxs ekanligi qo’l kelgan edi. O’z asarlarida yoniq qalb bilan jamiyatning og’riqli masalalariga murojaat qilib, “Inson nima uchun yashaydi, hayot yo’limiz ezgulikdan iboratmi-yovuzlikdanmi, kelgusi avlodlar bizga qanday baho beradi, insoniyatga tahdid solayotgan xatarlardan qanday qutulish mumkin?!” singari global muammolarga san’atkor sifatida javob izlashdan toliqmagan Chingiz Aytmatov qondoshu jondosh og’a-inining boshiga tahlikali og’ir kunlar tushganida, albatta, bir chetda tomoshabin bo’lib qarab turolmasdi. U adiblik qismati qondosh hamda jondosh xalqlar hayoti bilan chambarchas bog’lanib ketganini teran anglagan buyuk San’atkor va ulug’ Shaxs ekanligidan hayotlik chog’idayoq abadiyatga daxldor bo’la olgan edi.

“O’sh viloyatiga borib, shart-sharoitlar bilan tanishganimdan so’ng, men respublika televideniesi orqali O’zbekiston xalqiga murojaat qildim, — deya davom etadi Chingiz Aytmatov. — Bu hodisa nimadan boshlangani, agar nizo kuchayib boradigan bo’lsa, oxiri juda yomon bo’lishi mumkinligi to’g’risida dilimda bor gaplarimni ochiq-oydin aytdim. O’sha paytda mening yonimda Odil Yoqubov bilan Pirimqul Qodirov ham o’tirgan edilar. Ular ham mening fikrlarimni quvvatlashib, butun o’zbek xalqini bosiqlikka chaqirdilar”.
Bugun bu ulug’ adiblar oramizda yo’q. Ammo ularning yozgan asarlari, amalga oshirgan ishlari yana og’a-ini bo’lib birlashgan xalqlarimiz qalbida mangu yashaydi. Yurtimizda esa Chingiz Aytmatovning chin ma’noda ikkinchi umri boshlandi. Qarorda ta’kidlanganidek, “O’tgan asrning 80-yillarida sobiq Markaz tomonidan uyushtirilgan “o’zbek ishi”, “paxta ishi” kabi nohaq siyosiy kampaniyalar chog’ida Chingiz Aytmatovning adolat va haqiqat kuychisi sifatida xalqimizning sha’ni va obro’-e’tiborini katta minbarlardan turib mardona himoya qilganini el-yurtimiz hamisha minnatdorlik bilan eslaydi”.

O’zbek shoirining qirg’iz adibiga bag’ishlovi

O’zbekiston Qahramoni, xalqimizning ardoqli shoiri Abdulla Oripov Chingiz Aytmatov bilan g’ururlanib, davralarda bot-bot uning nomini tilga olardi. Shoirning Chingiz Aytmatovga bag’ishlab yozilgan “Qirg’iz diyori” degan she’ri o’zbek she’rxonlari orasida yod bo’lib ketgan, qirg’iz birodariga ko’cha-ku, bozor-o’charda ham duch kelib qolganlar uni darhol yodga olishardi.

Ey, qadim Osiyoning abadiy yosh o’lkasi,
Yalangto’sh va mehnatkash o’zbek bilan inisan.
Qirg’izlarda jengedir o’zbeklarning bekasi,
Shonu sharaf osmonin chaqnagan chaqinisan.
Butun dunyo biladi ijodkor Chingiz nomin,

Azamat xalq, shuhrating bundan ham bo’lsin ziyod.
O’zbek xalqining ardoqli farzandi, takrorlanmas shoiri sifatida Abdulla Oripov ma’lum muddat Chingiz Aytmatov Prezidenti bo’lgan “Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati Assambleyasi”da vitse-prezidentlik faoliyatini olib bordi. Mintaqadagi davlatlarning yaqinlashuvi, xalqlar o’rtasidagi azaliy do’stlik munosabatlari mustahkamlanishi zarurligini hamisha his etib kelishgan bu ulkan qalb sohiblarining asarlarida ham shu ulug’ fazilatlar tarannum qilingan edi. Ularning ovozlari bugun quloqlarimiz ostida yangrab, bizni hushyorlikka da’vat etadi. Mehr-muhabbat, ezgulik, yaxshilik har qanday murakkab muammoning echimi bo’la olishi muqarrarligi haqida o’z asarlari orqali ular bizga saboq bera olishadi. Markaziy Osiyo mintaqasida yuz berayotgan ulkan o’zgarishlar, xalqlarga quvonch bag’ishlagan yaqinlashuv bu ulug’ zotlarning ruhlarini shod etganiga, albatta, ishonamiz.

* * *

Markaziy Osiyo mintaqasiga toza nafas, toza havo kirib keldi. Bu do’stu qadrdonlik, bir-birini tushunish va anglash tufayli yuz berdi. Bunday o’zgarishlarga xalqlarimizning ochiq munosabatlari ommaviy axborot vositalari orqali aks sado bera boshladi. Endi mazkur sohada tezkorlik, zamonga hamnafaslik ruhi barq urayotganini sezish qiyin emas. “Xalq so’zi” va “Narodnoe slovo” yo’llanmasi bilan qo’shni Tojikiston Respublikasiga birinchi bo’lib safarga chiqib kelgan hamkasbimizning “Eri bir, dini bir qondoshu jondosh do’stu qadrdonlar ko’nglida bahor uyg’ondi”, deb nomlangan maqolasi gazetamizda chop etilganida, bu ezgu ishni yana davom ettirish haqida ko’plab takliflar oldik. Qirg’iziston Respublikasining poytaxti Bishkek shahrida ekanimizda, davlatimiz rahbarining “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to’g’risida”gi qarori adibning ota yurtida katta quvonch bilan kutib olinganiga guvoh bo’ldik.

Bishkek shahridagi bosh maydon san’at muzeyi va qishloq xo’jalik vazirligi oralig’ida barpo etilgan.  Maydon o’rtasidan avtotransport qatnovi uchun yo’l ajratilgan bo’lib, bayram kunlari ushbu yo’lda harakatlanish cheklanadi. Yo’lning u tomonida Manas, bu tomonida Chingiz Aytmatov haykali qad rostlab turibdi. Buyuk adib haykali poyida xorijlik sayyohlar gavjum, uning asarlari haqida bahs yuritishadi. Mamlakatimizda uning tavalludini nishonlash haqida Prezident qarori chiqqani ularda yoqimli taassurot qoldirdi.
Qirg’izistonliklar Markaziy Osiyo mintaqasida, xususan, O’zbekiston va Qirg’iziston o’rtasidagi munosabatlar har sohadagi hamkorlik aloqalari bilan mustahkamlanib borayotganini e’tirof etishmoqda. Ular bir-birlariga “Bir ota-onadan bunyod bo’lgan tug’ishganlarmiz — Erimiz, osmonimiz, maqsadimiz bir!” deyishmoqda.
— 22 mart kuni Toshkentdan yo’lga chiqqan poezd Bishkek orqali Issiqko’lga yo’l oldi, — deydi nafaqaxo’r Ekaterina Smaylova. — Bu meni nihoyatda quvontirdi.
— Men Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlarni o’z ko’zim bilan ko’rishni orzu qilardim, — deydi kasbi haydovchi bo’lgan Aybek Mambetov. — Orzuim amalga oshadigan bo’ldi.
— Toshkent, Farg’ona hamda Andijon shaharlariga avtobus qatnayapti, — deya quvonch bilan so’zlaydi tadbirkor Muhammadaziz Karimov. — Bu bizning qalbimizga oftob taftini olib kirdi.
— Asli afg’onistonlikman, — deya o’z rejalari bilan o’rtoqlashadi tadbirkor Benazir Rahmon. — Qirg’izistonda faoliyat yuritaman. Eksport harakatlarini amalga oshirish borasida tajriba to’plaganligim bois O’zbekistonda etishtirilgan qishloq xo’jaligi mahsulotlarini eksport qilish loyihasini ishlab chiqdim. Shu kunlarda Andijon, Namangan va Farg’ona viloyatlariga borib, o’z rejamni tavsiya etmoqchiman.
— O’zbekistonda ishlab chiqarilgan trikotaj mahsulotlari savdosini yo’lga qo’ymoqchiman, — deydi sotuvchi Zamir Saitkambar o’g’li. — Bizda bunday mahsulotlarga talab katta.
Bunday samimiy tilak va orzu-umidlar mujassam bo’lgan so’zlardan hayot nafasi ufuradi. Ochiq yo’l, qulay imkoniyat, xayrixohlik berkilib qolgan buloqlar ko’zini ochib yuborishga qodir — asrlar davomida hayotning muhtasham binosini barpo etib kelgan xalqlar esa bu jarayonda o’zlariga munosib yo’l topib olishlariga aslo shubha yo’q.

Saminjon HUSANOV, 
Saidahmad SHUKUROV, 
Shoyim BO’TAEV, maxsus muxbirlarimiz.

Toshkent — Batken — Bishkek — Toshkent.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?