“Bitta qurilish korxonasini deb, ham madaniyat markazi, ham madaniy meros obyekti abgor”

19:26 17 Iyun 2020 Madaniyat
195 0

Fargʻona viloyati madaniyat markazi Fargʻona shahrining Kashtanzor koʻchasidagi 10-uyda, 1910-yilda qurilgan madaniy meros obyektida faoliyat koʻrsatib kelmoqda.

Madaniyat markaziga madaniyat va sanʼat sohasidagi oʻtkazilgan “Ehtirom —-2018” mukofotining “Eng namunali madaniyat markazi” nominatsiyasi gʻolibi, “Doʻstlik” ordeni sohibi Sheraliyeva Tatyana Turgunovna rahbarlik qilib kelmoqda.

Fargʻona viloyati madaniyat markazida 19 ta xalq havaskorlik jamoasi hamda 74 ta toʻgarak bugungi kunda 831 nafar yoshlarni oʻziga jalb etgan.

Xalq havaskorlik jamoasining 10 tasi raqs (shundan 7 tasi namunali bolalar jamoasi), 3 tasi vokal-cholgʻu, 2 tasi estrada, 1 tasi oilaviy ashula va raqs, 2 tasi milliy cholgʻu hamda 1 tasi xalq filarmoniyasi hisoblanib,

38 nafar madaniyat va sanʼat taʼlim muassasalarini (koʻpchiligi kollejlarni) tugatgan yoshlar faoliyat koʻrsatib kelmoqda.

Fargʻona viloyati madaniyat markazining faoliyati tahlillari yuqorida bildirilgan ijobiy fikrlarimizni isbotlaydi.

2015-2020-yillar davomida oʻtkazib kelingan respublika va xalqaro koʻrik-tanlov va festivallarda viloyat madaniyat markazi badiiy havaskorlik jamoalarining 81 nafar qatnashchisi faol ishtirok etib, viloyat tanlovlarida 10 ta, Respublika tanlovlarida 8 ta hamda xalqaro tanlovlarda 9 ta I oʻrin va 24 ta “Gran-pri” sohiblari boʻlishgan.

Viloyat madaniyat markazida 63 nafar xodim byudjet hisobdan, 14 nafar soha boʻyicha yosh kadrlar toʻgaraklar faoliyatini tashkil etish uchun jalb etilib, ishlab topilgan maxsus mablagʻlar hisobidan ishlab kelmoqda.

Pandemiya boʻlishiga qaramasdan viloyat markazi xodimlari tomonidan toʻgaraklar uchun “Uyda qoling” shiori ostida 3000 dan ortiq on-layn mashgʻulot tashkil etildi.

Bu madaniyat markazi faoliyatidagi yutuqlar edi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Fargʻona shahrining bosh rejasini amalga oshirish, 2012-2015-yillarda ijtimoiy va transport-kommunal infratuzilmasi obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-1641-sonli qaroriga asosan Viloyat madaniyat markazini qayta qurish va taʼmirlash boʻyicha «Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi» tender tanloviga muvofiq “Quvasoy qurilish savdo servis” xususiy korxonasi tanlanganligidan muammo boshlangan.

Markazni taʼmirlash uchun ajratilgan mablagʻ toʻliq moliyalashtirib berilgan. Lekin “Quvasoy qurilish savdo servis” xususiy korxonasi tomonidan bugungi kunga qadar qurilish ishlari 80 foizga bajarilgan xolos. Bajarilgan ishlar ham aslida sifatsiz, binoning tom qismidan yomgʻirli kunlarda bino ichiga chakkilar oqib turadi.

Bino devorining ichki va tashqi tomonlari taʼmirtalab ahvolga kelib qolgan. Binoning tomosha zalida ventilyatsiya va isitish moslamalari oʻrnatilmagan. Binoda kanalizatsiya mavjud emas. Madaniyat markazi uchun muhim boʻlgan garderob va sahna liboslari saqlanadigan xonalar toʻliq taʼmirlanmagan. Binodagi mavjud xona va tomosha zali elektr tarmogʻiga toʻliq ulanmagan, montaj ishlari oxiriga yetkazilmagan.

Viloyat hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi»ning soʻrovnomasiga asosan viloyat madaniyat markazi 1 mlrd. 664 mln. soʻm mablagʻni “Quvasoy qurilish savdo servis” xususiy korxonasiga oʻtkazib bergan. Eng achinarlisi, taʼmirlash ishlarini yakunlamasdan, qilinganlari ham sifatsiz boʻlishiga qaramasdan ushbu xususiy korxona qolgan 123 mln. soʻm mablagʻni talab qilib, viloyat tumanlararo iqtisodiy sudiga bir necha bor ariza bilan murojaat etgan.

Sudning hukmiga asosan, “Quvasoy qurilish savdo servis” xususiy korxonasi qurilish ishlarini yakunlab topshirish majburiyati yuklatilgan. Kassatsiya instansiyasi sudning 2019-yil 3-yanvardagi hal qiluvchi qarorida ham qabul qilingan qaror oʻzgartirishsiz qoldirilgan.

Ming afsuski, “Quvasoy qurilish savdo servis” xususiy korxonasi va Fargʻona viloyati hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi» shartnoma shartlari va sud qaroriga binoan yuklatilgan majburiyatni bajarmasdan kelmoqda.

Bu muammoning yuzaga kelishida bugungi kunga qadar nega Fargʻona viloyati hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi» chetda jim turishi, albatta, jumboq.

Bizning maqsadimiz aslida, bu “jumboq” haqida emas, balki qurilish ishlarining uzoq yillardan buyon choʻzilib kelayotganligi va shu sabab Respublikadagi eng namunali madaniyat markazi faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatayotganligini taʼkidlashdan iborat.

Birinchidan, 2012-yilda mazkur binoda faoliyat koʻrsatgan madaniyat markazida toʻgaraklar soni 128 tani, undagi ishtirokchilar soni 3028 nafarni tashkil etgan. Ularning 1060 nafari pul toʻlashgan. Bugungi kunda74 ta toʻgarakda qatnashayotgan 831 nafar ishtirokchi 356 nafarga tushib qolgan.

Ikkinchidan, madaniyat markazi tomonidan 2012-yilda 30 mln. soʻm ishlab topilgan boʻlsa, 2019-yilda inflyatsiyaning oʻzgarishlari hisobida 40 mln. pullik tushum qilingan. Aslida bu koʻrsatgich 100 mln. soʻmni tashkil etardi.

Uchinchidan, 2012-yil 1-yanvar holatida tadbirlar soni 486 tani tashkil etgan boʻlsa, 2019-yilda 224 tani (yaʼni 50 foizdan kam) tashkil etmoqda.

Toʻrtinchidan, 2012-yilda Fargʻona viloyati madaniyat markazida maxsus mablagʻ hisobidan 29 nafar xodim ishlagan. Bu 29 ta yangi ish oʻrni degani boʻlsa, bugungi kunda ularning soni 14 nafarni tashkil etmoqda.

Beshinchidan, madaniyat markazi tomonidan bugungi kunda faqatgina joylarda badiiy havaskorlik jamoalarining pullik konsertlari tashkil etish orqali pul tushirishmoqda. Pullik tadbir va konsertlar tashkil etish uchun salkam 8 yildan buyon vaqtincha shart-sharoitga ega boʻlmagan, amfiteatr binosida faoliyat yuritib kelmoqda.

Fargʻona viloyati madaniyat markazi binosini toʻliq taʼmirlash va jihozlash ishlari amalga oshirilsa:

Qoʻshimcha 40 ta havaskorlik toʻgaragi faoliyati tashkil etiladi. Buning natijasida 500 nafar yoshni jalb etish va qamrab olish hamda qoʻshimcha 20 ta ish oʻrni tashkil etish imkoniyati yaratiladi.

Viloyat madaniyat markazi Respublikada ilk tarjiba sifatida Fargʻonadagi mavjud 83 ta madaniyat markazi xodimlari uchun “Ilgʻor tajriba maktabi” sifatida tajriba almashish va xodimlar malakasini oshirish maskaniga aylantiriladi.

Madaniyat xodimlari uchun madaniyat markazlari va undagi toʻgarak, studiya va jamoalar faoliyatini tashkil etish, qoʻshimcha madaniy faoliyat turlari va xizmatlarini oshirish, aholiga xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash, eng ilgʻor tajribalarni ommalashtirish boʻyicha oʻquv-seminar va mashgʻulotlar, on-layn muloqotlar tashkil etadi.

Markazda tajriba tariqasida “bookcafe”, intellektual “Yoshlar” kafesi hamda wi-fi hudud tashkil etilib, ularning faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Maxsus avtobus sotib olib berish orqali nafaqat Fargʻona shahrida, barcha tuman-shaharlarda, shuningdek, qoʻshni viloyatlarda namunali pullik konsert-tadbirlarini namoyish etish imkoniyatga ega boʻladi.

Har bir soha va yoʻnalish, ayniqsa, madaniy meros obyektlari va madaniyat markazlarini buguni zamon talablari asosida tashkil etish orqali aholiga madaniy xizmat koʻrsatish samaradorligi va sifatini yaxshilash, pullik tushum va xizmat koʻrsatish boʻyicha orttirilgan tajribalarni sohaga keng tatbiq etish imkoni paydo boʻladi.

Qurbonmurot Amonqulov, 
Madaniyat vazirligi 

boshqarma boshligʻi oʻrinbosari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?