Bitta oʻyindan keyin isteʼfo haqida gapirish juda ham nooʻrin — Ektor Kuper

13:30 06 Sentyabr 2019 Sport
115 0

JCH-2022 saralashi doirasida Falastinga imkoniyatni boy bergan Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper oʻyindan keyingi fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

Kecha JCH-2022 saralashi doirasida Falastin terma jamoasi mehmoni boʻlgan Oʻzbekiston milliy terma jamoasi 2 ta toʻp farqi bilan raqibga imkoniyatni boy berdi. Oʻyindan keyingi matbuot anjumanida terma jamoa bosh murabbiyi Ektor Kuper ishtirok etdi. Bu haqda OʻFA matbuot xizmati xabar berdi.

— Oʻyinchilarim namoyish etgan oʻyindan aslo koʻnglim toʻlmadi. Birinchi golni oʻtkazib yuborgunga qadar yomon oʻynamayotgan edik. Lekin goldan keyin nima boʻlganini rosti tushunmadim. Biz diqqat-eʼtiborni va tartibni unutdik. Himoyada qator qoʻpol xatolarga yoʻl qoʻydik. Vaziyatni oʻnglash maqsadida maydonga yangi kuchlarni tushirdik. Ammo yakunda bu bizga naf keltirmadi.

Shuni aytishim joizki, biz endigina saralash bahslarini boshladik. Oldinda oʻyinlar hali koʻp. Bugungi uchrashuvdan toʻgʻri xulosa qilgan holda, kelasi oʻyinlarda gʻalaba qozonishga urinamiz.

Saralashda endi bittagina oʻyin oʻtkazdik, xolos. Bitta oʻyindan keyin isteʼfo haqida gapirish juda ham nooʻrin, deb hisoblayman.

Falastin terma jamoasini qoʻlga kiritilgan gʻalaba bilan tabriklayman. Raqib bugun yaxshi oʻynadi. Keyingi bosqichga yoʻl olish uchun barchada imkoniyat mavjud.

Saralashni gʻalaba bilan boshlash juda muhim edi. Lekin bugun afsuski unday boʻlmadi. Yana bir bor taʼkidlayman, hali oldinda oʻyinlar koʻp va qolgan oʻyinlarda maksimal ochkolarni toʻplashga harakat qilamiz.

Quvondiq hamda Ikromning almashtirilishi ularning charchab qolgani bilan bogʻliq edi. Qolaversa, oldingi chiziqni kuchaytirish maqsadida Temurxoʻja ham maydonga tushdi. Bilasizmi, birgina magʻlubiyatdan fojea yasash toʻgʻri emas. Hali oldinda oʻyinlar bor va faqatgina saralash bosqichi tugagandagina natijani toʻla tahlil qilsa boʻladi, — dedi mutaxassis.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?