Bishkek sammiti SHHT jarayonida yana bir marra nuqtasi boʻladi

10:36 13 Iyun 2019 Siyosat
382 0

Avval xabar qilinganidek, shu yil13-14-iyun kunlari Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti boʻlib oʻtadi. Uning kun tartibiga koʻp tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari ustuvor yoʻnalishlar sifatida kiritilgan. Muhim voqea arafasida xitoylik hamkasblarimiz bilan birgalikda “Shanxay ruhi”ni rivojlantirish boʻyicha tayyorlangan turkum materiallarni eʼtiboringizga havola etmoqdamiz.

SHHT jahon iqtisodiyoti taraqqiyotiga koʻp tomonlama izchil hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash orqali hissa qoʻshmoqda

Maxsus reportaj

Shanxay hamkorlik tashkiloti oʻzining 18 yillik sanasini Qirgʻiziston poytaxti Bishkekda nishonlamoqda. Oʻtgan vaqt mobaynida mazkur tashkilot barqaror va sogʻlom ruhda rivojlandi.

SHHTning ilk olti aʼzosi — Xitoy, Oʻzbekiston, Rossiya, Qozogʻiston, Tojikiston va Qirgʻizistondan keyin 2017-yilda yana ikki mamlakat — Hindiston va Pokiston qoʻshildi. Hozirgi vaqtda SHHTda 8 ta aʼzo-davlat, 4 ta kuzatuvchi-davlat va 6 ta muloqot uchun hamkor-davlat faoliyat yuritmoqda. Oʻz faoliyatining 18 yili davomida ushbu tashkilot jugʻrofiy va aholi soni jihatidan dunyodagi eng yirik tuzilmaga aylanib, Yevrosiyoning beshdan uch qismini va dunyo aholisining qariyb yarmini qamrab oldi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyati yoʻlga qoʻyilganidan buyon Xitoy bilan boshqa SHHTga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi savdo aylanmasi 20 barobar ortib, 2018-yil yakunlari boʻyicha 12 milliard AQSH dollaridan 255 milliard AQSH dollariga yetdi. Tashkilotga aʼzo davlatlarning yalpi ichki mahsulotini dunyo mamlakatlari bilan qiyoslaganda20 foizdan oshadi.

SHHT bunday muvaffaqiyatga qanday erishdi? Jahon ommaviy axborot vositalari maʼlumotlariga koʻra, tashkilotning misli koʻrilmagan darajada rivojlanishiga asos “hamkorlik” degan kalit soʻzining mavjudligidir. Shanxay hamkorlik tashkiloti xalqaro maydonda multilateralizm — tashqi iqtisodiy munosabatlarning himoyachilaridan biriga aylandi. Uning mexanizmlari har bir mamlakatga barcha sheriklar bilan munosabatlarda teng imtiyozlarga ega boʻlish imkonini berayotir. Aynan SHHT bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyish davlatlarning yanada gullab-yashnashi va jozibadorligini oshirishga koʻmaklashmoqda. Misol uchun, uzoqqa borishga hojat yoʻq: 18 yil ichida Xitoy dunyodagi ikkinchi yirik iqtisodiyotga ega mamlakatga aylandi, Rossiya oʻz milliy iqtisodiyotining qayta tiklanishi uchun aniq tendensiyani namoyon qildi, Qirgʻizistonning yalpi ichki mahsuloti toʻrt barobar oshdi...

Ushbu yutuqlar SHHTga aʼzo davlatlarning doimiy saʼy-harakatlari samarasidir. Tashkilot doirasida davlatlar ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorlikdan sezilarli foyda olgan holda, soʻnggi yillarda oʻzaro hamkorlikni kuchaytirishga koʻproq intilmoqda.

2013-yilning sentyabr oyida XXR Raisi Si Szinpin “Ipak yoʻlining iqtisodiy belbogʻi” tashabbusini ilgari surdi va bu voqelik SHHTga aʼzo mamlakatlar tomonidan tezda ijobiy baholandi. SHHTning deyarli barcha ishtirokchi davlatlari “Bir makon, bir yoʻl” boʻylab joylashgan boʻlib, bu holat ikki tomonlama va koʻp tomonlama pragmatik hamkorlikni chuqurlashtirishda tabiiy tanlovga aylandi. Megaloyihaning bir qismi sifatida SHHT aʼzolari oʻz savdolarini yengillashtirish, ikki tomonlama sarmoyalarni izchil rivojlantirish, iqtisodiyot va savdo sohasida hamkorlikni kuchaytirish, avtomobilsozlik, temir yoʻllar, tunnellar hamda energetika sohasidagi dasturlar va boshqa bir qator infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda birgalikda ish olib bormoqda.

Osiyo — Tinch okeani mintaqasi boʻyicha “IHS Markit” tadqiqot markazi bosh iqtisodchisi Radjiv Bisvasning taʼkidlashicha, SHHT sammiti ikki tomonlama hamkorlikni oʻrnatish va rivojlanayotgan mamlakatlar bilan munosabatlarni mustahkamlashda yangi va muhim platformani yaratib berayotir.

Oʻtgan yilning iyunida Sindao shahrida boʻlib oʻtgan SHHT sammitida Xitoy tomoni mezbon shaharda SHHT mamlakatlari uchun namunaviy savdo-iqtisodiy hamkorlik zonasini qurishni taklif qildi. Bu yerda 40 ta keng koʻlamli Xitoy va xorijiy hamkorlik loyihalari tatbiq etilib, yuqori sifatli asbob-uskunalar, biotibbiyot va boshqa sohalar uchun klasterlar yaratiladi. 2022-yilga borib esa import va eksportning yillik hajmi, xorijiy investitsiyalarning umumiy miqdori, xorijiy pudratchilar bilan tuzilgan shartnomalar boʻyicha savdo aylanmasi hamda mintaqadagi markaziy hudud va SHHT mamlakatlari oʻrtasidagi ikki tomonlama mehnat munosabatlari ikki barobar ortishi kutilmoqda.

2018-yil yakunida Xitoy SHHTga aʼzo davlatlar hududida yettita savdo-iqtisodiy hamkorlik zonasini tashkil etdi. Tashkilotga aʼzo mamlakatlarga kiritilgan sarmoyalarning umumiy hajmi 86 milliard AQSH dollaridan oshdi. Qishloq xoʻjaligi, ishlab chiqarish, infratuzilma inshootlari munosabatlarning ustuvor yoʻnalishiga aylandi.

Mahalliy tahlilchilar taʼkidlaganidek, Xitoy va Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar koʻp tomonlama manfaatli hamkorlikdan foydalanib, xalqaro iqtisodiy aloqalar pozitsiyasini qoʻllab-quvvatlamoqda.

Haqiqatan ham, iqtisodiy koʻrsatkichlar SHHTga aʼzomamlakatlarning qarorlari samaradorligini tasdiqladi.

Xalqaro valyuta jamgʻarmasi aprel oyi boʻyicha jahon iqtisodiyoti holati toʻgʻrisidagi hisobotida 2019-yilda global iqtisodiy oʻsish prognozini 3,3 foizga tushirdi. Oʻz navbatida, Xitoy prognozini 6,3 foiz oʻsishga yetkazilishini maʼlum qildi. “Assoshieyted press” axborot agentligiXitoy iqtisodiyoti birinchi chorakda barqaror boʻlganini qayd etib, import talabi yuqoriligi global iqtisodiy faollikniragʻbatlantirishga yordam berishiga eʼtibor qaratdi.

2018-yilda Rossiya bilan Xitoy oʻrtasidagi savdo hajmi 100 milliard AQSH dollaridan oshgani tarixiy rekord hisoblanadi. Xuddi shu yili Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida tovar ayirboshlash hajmining sezilarli oʻsishi kuzatildi. Prognozga koʻra, bu oʻsish tendensiyasi joriy yilda ham izchil davom etadi.

Shuni taʼkidlash joizki, jahon savdosining pasayishi bilan bir vaqtda SHHTga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ham bir nechabaravar ortmoqda.

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin taʼkidlaganidek, odamlar yuradigan yoʻllar kengroq boʻladi. Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzomamlakatlar 18 yil davomida farovonlik, xavfsizlik va imkoniyatlarni kengaytirishga intildi, natijada savdo yoʻnalishlari tobora kengayib, mablagʻ va tovarlarning mamlakatlar oʻrtasida erkin harakat qilinishiga imkon yaratildi. Shanxay hamkorlik tashkiloti nisbatan navqiron yoshda boʻlsa-da, uning aʼzolari va hamkorlaridan juda koʻp narsani oʻrgandi. Tashkilot foydali tajriba almashishga tayyor va boshqalarning muvaffaqiyatidan mamnundir. Dunyo taraqqiyoti xuddi SHHTga oʻxshash tuzilmalardan barcha jarayoga ijobiy yondashishni talab qiladi.

Munosabat

Si Szinpin:

SHHT — xalqaro munosabatlarda yangi aloqalarni shakllantirish uchun foydali platforma hisoblanadi

Shanxay hamkorlik tashkiloti xalqaro munosabatlarda yangi aloqalarni shakllantirishda foydali boʻladi. Bu haqda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin “TASS” va “Rossiyskaya gazeta” nashriga bergan intervyusida alohida aytib oʻtdi.

Chunonchi, Si Szinpin ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar xususida soʻz yuritar ekan, SHHTning 18 yillik faoliyati davomida Xitoy va Rossiya oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash yoʻllarini muvofiqlashtirib, mintaqada tinchlik hamda barqarorlikni taʼminlash, taraqqiyot va farovonlikni oshirishni tashkilotning uzluksiz rivojlanishi hamda mustahkamlanishiga koʻmaklashadi.

Xitoy Xalq Respublikasi Raisining fikricha, SHHT doirasida ikki davlatning oʻzaro munosabatlari, birinchi navbatda, “Shanxay ruhi”ni rivojlantirishda oʻziga xos oʻrin tutadi.

— “Shanxay ruhi”: oʻzaro ishonch, oʻzaro manfaat, tenglik, maslahat, madaniy xilmaxillikni hurmat qilish, umumiy rivojlanish istagi — ana shular SHHTning asosiy gʻoyasidir, — dedi Si Szinpin.

— Xitoy SHHTga aʼzo-davlatlar bilan birgalikda turli sivilizatsiyalar toʻqnashuvi, “sovuq urush” va boshqa salbiy qoliplardan voz kechib, konstruktiv hamkorlikni, oʻzaro hurmat, teng huquqlilik, adolat va oʻzaro manfaatli munosabatlarni yoʻlga qoʻydi, — deya taʼkidladi XXR Raisi.

— Oʻtgan yili Sindao sammitida tomonlar yangi tarixiy bosqichda SHHTni rivojlantirish rejasini ishlab chiqdilar, —dedi Si Szinpin. — Bishkekda oʻtadigan sammit SHHT jarayonida yana bir burilish nuqtasi boʻladi. Xitoy barcha aʼzo mamlakatlarbilan birdamlik, oʻzaro ishonch va koʻp qirrali hamkorlikni mustahkamlash uchun birgalikda harakat qilishga tayyor.

SHHT Bosh kotibi:

“Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi ishtirokchi davlatlarning birgalikda rivojlanishiga keng imkoniyatlar yaratadi

Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Vladimir Norov Pekin shahrida SHHT kotibiyatida oʻtkazilgan brifingda “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusining amalga oshirilishi ishtirokchi mamlakatlarning birgalikda rivojlanishi uchun qulay imkoniyatlar yaratishini taʼkidladi. “Bir makon, bir yoʻl” loyihasi SHHTning maqsadlari, vazifalari va tamoyillariga toʻliq mos keladi.

V. Norov xalqaro hamkorlik boʻyicha “Bir makon, bir yoʻl” yuqori darajadagi ikkinchi forumi yaqinda muvaffaqiyatli yakunlanganini bildirdi. Uning qayd etishicha, mazkur loyiha milliy iqtisodiy rivojlanish strategiyalari, ayniqsa, Markaziy Osiyo mamlakatlarining dengiz portlariga bevosita chiqishini hal qilish va mintaqani Sharqdan Gʻarbga, Shimoldan Janubga qadar bogʻlovchi transkontinental magistral chorrahasigaaylantirishda keng istiqbolga ega.

Bosh kotib alohida qayd etganidek, SHHTga aʼzo davlatlar Sindao deklaratsiyasida xalqaro savdo munosabatlari va savdo proteksionizmining har qanday shakllarda boʻlinishining oldini olish uchun intiladi.

— Shuning uchun SHHTga aʼzo davlatlar koʻp tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirib, savdo tartib-qoidalarini soddalashtirish yoʻli bilan oʻzaro savdo uchun huquqiy bazani mustahkamlashga intilmoqda, —dedi tashkilot Bosh kotibi.

Bundan tashqari, V. Norov SHHT tomonidan xavfsizlik sohasida erishilgan natijalar haqida ham soʻz yuritdi.

— SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi saʼy-harakatlari bilan xavfsizlikka tahdid va tahdidlarga qarshi kurashish sohasida aʼzo davlatlarning vakolatli organlari faoliyatini muvofiqlashtirishga koʻmaklashilmoqda, — dedi u.

Maʼlumki, shu yilning 13-14-iyun kunlari Bishkek shahrida boʻlib oʻtadigan Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining 19-majlisida ishtirokchilar SHHTni rivojlantirish istiqbollari, xavfsizlik, iqtisodiyot, savdo-sotiq va gumanitar sohalarda hamkorlikni mustahkamlash, yirik xalqaro va mintaqaviy masalalarni muhokama qilish yuzasidan fikr almashadilar.

— Sammit doirasida mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishni kuchaytirish, axborot texnologiyalari sohasi, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish, sogʻliqni saqlash va sport yoʻnalishlarida aloqalarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha hujjatlar toʻplami imzolanishi kutilmoqda, — dedi V. Norov.

Bosh kotibning fikricha, Bishkek sammiti SHHT doirasida koʻp tarmoqli hamkorlikni kuchaytirishga alohida hissa qoʻshishi, shubhasiz.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?