Birjalar rivoji va iqtisodiy yuksalish

11:32 31 May 2018 Iqtisodiyot
376 0

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda “Birjalar va birja faoliyati to‘g‘risida”gi Qonun hamda fond birjasini rivojlantirish bilan bog‘liq dasturlar ijro etilishining holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining axboroti eshitildi.

Ta’kidlanganidek, o‘tgan davrda mamlakatimizda birjalar faoliyatini takomillashtirish, jumladan, fond bozorini rivojlantirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Birjalar hamda fond bozorini tartibga soluvchi qonunchilikni takomillashtirish maqsadida “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Birjalar va birja faoliyati to‘g‘risida”gi, “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi qonunlar xalqaro tajriba hamda zamon talablaridan kelib chiqib, yangi tahrirda qabul qilindi.

Shuningdek, birjalar faoliyatini takomillashtirish va fond bozorini rivojlantirish bilan bog‘liq dasturlar bugungi kunda Prezidentimizning 2017 yil 18 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar doirasida ro‘yobga chiqarilmoqda.

Ayni paytda yurtimizda 4 ta birja, jumladan, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan faoliyati tartibga solinadigan 3 ta birja — O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi, Respublika universal agrosanoat birjasi, “Toshkent” Respublika fond birjasi ishlab turibdi.

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida fond bozori, fond birjasini yanada rivojlantirish uchun Qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi ishini tubdan qayta tashkil etish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalarni bajarish yuzasidan qo‘mita huzuridagi mazkur markazni Kapital bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish agentligi sifatida qayta tashkil etish bo‘yicha tegishli hujjat loyihasi ishlab chiqilib, manfaatdor vazirlik hamda idoralar bilan kelishilmoqda.

Yig‘ilishda birjalarga oid qonunchilik va fond birjasini rivojlantirish bilan bog‘liq dasturlar ijrosini ta’minlashda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, yechimini kutayotgan muammolar atroflicha tahlil qilindi. Xususan, hanuzgacha mamlakat moliya bozorini o‘rta muddatli hamda uzoq muddatli istiqbollarda rivojlantirish konsepsiyasi talab darajasida ishlab chiqilmagan. Fond bozori likvidliligi nisbatan pastligicha, ikkilamchi bozor esa o‘ta passivligicha qolmoqda. Natijada aholi va boshqa bozor qatnashchilarining fond bozori amaliyotlariga bo‘lgan ishonchi ortmayapti. Iqtisodiyotning real sektori hamda fond bozori o‘rtasida uzilish mavjud bo‘lib, korxonalar tomonidan investitsion mablag‘lar jalb etilishida fond bozori instrumentlaridan foydalanish yetarli darajada emas. Ayniqsa, davlat ishtiroki bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlari kuzatuv kengashlarining faoliyati sust. Xo‘jalik jamiyatlarida korporativ boshqaruv tizimini baholash jarayoni yetarlicha samara bermayapti, baholash natijalariga ko‘ra kuzatuv kengashi va ijroiya organiga nisbatan ko‘rilgan choralar deyarli sezilarsiz qolmoqda.

Majlisda birjalar hamda fond bozorini rivojlantirish, investorlar va fond bozorining boshqa ishtirokchilariga qulay shart-sharoitlar yaratish, sohani tartibga soluvchi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Birjada faoliyat yuritayotgan xodimlarning malaka hamda ko‘nikmasini oshirish, rivojlangan chet el birjalarida tizimli ravishda ularning amaliyot o‘tashini tashkil etish, birja savdolarida likvidlilikni boshqarishning zamonaviy mexanizmlarini joriy qilish, birja tovarlarining ikki tomonlama uzluksiz kotirovkasini ta’minlash bilan shug‘ullanuvchi professional ishtirokchilar — market-meykerlar faoliyatini rag‘batlantirish yuzasidan fikrlar bildirildi.

Senatorlar “Birjalar va birja faoliyati to‘g‘risida”gi Qonun hamda fond birjasini rivojlantirish bilan bog‘liq dasturlar ijrosini so‘zsiz bajarish, sohani zamon talablari asosida rivojlantirish bo‘yicha barcha muhim choralarni ko‘rish lozimligini ta’kidladilar. Bu borada zarur taklif hamda tavsiyalar berildi.

Muhokama etilgan masalalar yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Z. ASHUROVA.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?