«Biroz siyosiylashing, janob vazir, juda sodda koʻrinyapsiz, sizga millatimizning taqdiri ishonib topshirilganini unutmang»

17:27 12 Oktyabr 2020 Jamiyat
1126 0

Men millatchi emasman, millatimni yaxshi koʻraman, xolos.

Siyosatdan holi kelishuvlar haqida vazirning fikri...

Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov AQSHning USAID va Rossiyaning Maorif vazirligi bilan kelishuvlar imzoladi.

28-sentyabrda imzolangan kelishuv USAIDni Oʻzbekistonda taʼlim sifatini oshirish, oʻquvchilarning bilim va koʻnikmalarini obyektiv baholash tizimini shakllantirish, boshlangʻich sinflarda matematika tadqiqotlari oʻtkazish va ingliz tili oʻqituvchilarining malakasini oshirishga 50 million dollar ajratishini koʻzda tutadi.

Ikki hafta oʻtmay, Rossiyaning Maorif vazirligi bilan kelishuv imzolandi. Unga koʻra Rossiyaning malakali rus tili oʻqituvchilari va metodistlari Oʻzbekistonning oʻzbek tilida dars oʻtiladigan maktablarida (!) ishlaydigan 30 mingga yaqin oʻqituvchilarning malakasini oshirish bilan shugʻullanishadi. Ushbu loyihaga Alisher Usmonov 5 million dollar ajratmoqda.

Maqsadlar, ustuvorliklar va manbalar boʻyicha xulosani oʻzingiz qilib oling.

Siyosatdan holi vazirimiz ushbu kelishuv haqida fikrlarini yozibdi:

“Rossiyalik pedagoglar Oʻzbekistonga kelib hududiy malaka oshirish markazlarida rus tili oʻqituvchilarimizning malaka oshirishlariga hamda oʻzbek tilida dars oʻtilayotgan maktablarda rus tilini oʻrgatishni yaxshilashga yordam beradilar. Bu esa ushbu maktablardagi rus tili oʻqituvchilarimiz uchun ham juda katta foyda boʻladi”.

Kelishuvning asl mazmunini tushundik. Bu yaxshi, faqat keyingi fikrlardan tashvishlanish kerakdek...

“Toshkent shahri va viloyat markazlarida rus tilida dars oʻtiladigan maktablarga ota-onalar tomonidan talab juda yuqori (!). Koʻpchilik ota-onalar uyda rus tilida soʻzlashmasliklari sababli (!) bolalari oʻqishda qiynalsa ham rus tilidagi maktabga berishga harakat qiladilar. Bunga asosiy sabablardan biri, men bilmasam ham bolam juda boʻlmasa rus tilini oʻrganib chiqsin, deydi. Aslida esa bunday oʻquvchilar maktabda boshqa fanlarni oʻzi bilmaydigan tilda oʻzlashtirishga qiynaladilar (!).

Ushbu loyihadan maqsad – oʻzbek tilidagi maktab bitiruvchisi fanlarni oʻz ona tilida yaxshiroq oʻrgana olishi bilan birga (!), rus tilini ham biladigan boʻlib bitirib chiqsin”.

Qoyil, mantiqni qarang. Rus maktabiga ota-ona “orzu havas” bilan, “hech boʻlmasa rus tilini oʻrgansin” deb bolasini birinchi sinfdan beradi, u boshqa tilda oʻrganolmaydigan geometriya, algebra, fizika va geografiyadan “savodsiz” boʻladi, lekin “rus tilini oʻrganib chiqadi”.

“Maktab oʻquvchilari kelajagi uchun muhim boʻlgan ushbu loyihani ijtimoiy tarmoqlarda baʼzi “aqlli”lar darrov siyosiylashtirishga harakat qilishayotganini koʻrib, aniq aytib qoʻymoqchiman: ushbu loyiha orqasida biron bir siyosiy maqsad yoʻq. Asosiy maqsadimiz – bitiruvchilarimiz dunyo bozorida raqobatbardosh boʻlishiga erishish”

Vazir hech qanday siyosiy maqsadni koʻrmayapti, tushunarli. Bizning vazir sodda va yumshoqqina. Bu loyihada boshidan ikkinchi tomonning siyosiy maqsadlari koʻrinib turibdi.

Millat bilan gʻururlanish qanday tarbiya qilinadi?

Alisher Usmonovni mehmon qilish uchun restoranga olib borishganida, yuqori darajada tayyorlangan stol, stullarni koʻrib: “... bolaligimda otalarimiz soʻrilarda, xontaxta va koʻrpachalarga yonboshlab, oʻchoqlarda oʻz qoʻllari bilan palov damlab mehmon kutishlarini koʻrganman. Shunday odatlarimiz yoʻqolib ketmasligi kerak” deya, xontaxtaga joy qildirgan ekan. Alisher Usmonovni sof namangancha shevada, ravon gapirishidan oʻzim ham hayratlanganman. Oʻzbekligidan faxrlanadigan, oʻzligini yoʻqotmagan, nafaqat rus, balki fransuz, nemis va turk tillarini mukammal biladigan oʻzbek. Shuncha yil boshqa davlat va madaniyat ichida yashab oʻzligini saqlab qolgan buyuk oʻzbek. Bugun bolalarimiz ota-onasining quchogʻida boshqa millatga aylanib qolayotgani Taʼlimga masʼul vazirni tashvishlantirmayapti...

Men rusofob emasman...

Avvaldan aytib qoʻymoqchiman, men rusofob emasman. Mintaqada barcha millatlar va davlatlar bir-biri bilan doʻstona munosabatda boʻlishi hayotiy zarurat ekanligini, biz uchun Rossiya bilan doʻstona va hamkor munosabatlarning ahamiyatini juda yaxshi tushunaman. Ruslarning madaniyati, adabiyoti va tilini hurmat qilaman, zavq bilan oʻrganaman. L.Tolstoy, A.Chexov va F.Dostoyevskiyni maza qilib oʻqiganman, hozir ham oʻqiyman. Farzandlarimizni ham rus tili va adabiyotini yaxshi bilishlarini yutuq deb hisoblayman. Albatta ingliz, nemis, fors, arab tillari va adabiyotlarini ustunroq boʻlsa borki, kam boʻlmagan ahamiyatini taʼkidlagan holda...

Vazirga savollar...

Masalani siyosiylashtirmaslikka chaqirayotgan vazirimiz tushunishi kerak, til va taʼlim azaldan siyosiy masala boʻlgan va bundan keyin ham boʻladi. Oʻzbek boʻlib oʻzbekchani, qadriyatlarini anglamaydigan yoshlar sezilarli ortib borayotgani taʼlimga masʼul mansabdorga ogohlik qoʻngʻirogʻi boʻlishi kerak. Oʻzbekistonda taʼlim va tarbiya tizimi oʻzbek xalqining taraqqiyoti uchun xizmat qiladigan avlodni tarbiyalashi kerak. Boshqa millatdagi vatandoshlarimizga Konstitutsiyaga muvofiq oʻz tillarida, oʻz qadriyatlariga muvofiq taʼlim olishlari taʼminlanmoqda va taʼminlanadi. Vazir janoblariga savol, ota-onalar talabi bilan Oʻzbekistonda bolalar rus tilida oʻqitilishi mumkinmi? Mamlakatning taʼlim va tarbiya tizimi ota-onalarning talabi bilan shakllanadimi? Oʻzbekistonda rus millatiga mansub vatandoshlarimizning soni qancha? Rus tilidagi maktablar unga mutanosibmi? Nima sababdan 200 ga yaqin maktab darsliklari oʻzbek va rus tillarida nashr etiladi? 1 ta darslikni 3-6 mlrd. soʻmga tushishini, qisqa davrda qayta nashr etilishini hisoblasak, bu mushkul masala emasmi? Nega nafaqat rus, balki oʻzbeklar ham rus tilidagi maktablarda oʻqitilishiga befarq boʻlyapmiz? Nega bugun oʻzbek yoshlari rusiyzabon boʻlib ketyapti? 20 yildan keyin nima boʻladi? Bu ahvolga oʻzbeklarni boshlangʻich sinflardanoq rus sinflarida, (loyihaga koʻra endi oʻzbek sinflarida ham) ruscha oʻqitilayotgani sabab boʻlmayaptimi?

 

Rossiya rus tilini eʼzozlaydigan, boshiga koʻtaradigan mamlakatlarni koʻp boʻlishini istaydi, bu juda ham tabiiy. Bu ularning geosiyosiy, geoiqtisodiy manfaatlari talabi. Biz-chi? Biz barcha ilmlarda ilgʻor, qadriyatlarimizni qadrlaydigan, shu bilan birga xorijiy tillarni biladigan avlod tarbiyalamoqchimizmi, yoki oʻz tili, qadriyatlari va madaniyatidan uyaladigan gʻarbparast, rusparast avlodnimi? 12 yoshigacha ongostiga boshqa madaniyat va tillarga muhabbat singdirib qoʻyilgan bolaga vatanparvarlik va milliy qadriyatlar haqida soatlab dars oʻtishdan foyda boʻlmaydi.

Mushkul ish haqida ikki ogʻiz...

Ruslar va qoʻshnilarimiz qozoqlar bolalarni maktablarda bepul ovqatlantirish qaroriga bekorga kelishgani yoʻq. YUNISEFning tadqiqotlariga koʻra yer yuzidagi barcha terroristlarning 79 foizi Afrika qitʼasidan chiqyapti. Bunga eng muhim uchta sabablardan biri bolalikda toʻyib ovqatlanmaslikdir. Bolaligida toʻyinmagan bola yetarli fiziologik shakllanmaydi, uning organizmi qabul qilmaydigan, rejalashtirmaydigan, qisqa fikrli, besabr, urushqachoq va albatta bularning natijasida omadsiz boʻladi.

Kelajak bugun - oila, bogʻcha va maktabda shakllanadi. Uni shakllantirish doimo mushkul ishlarni hal qilish bilan bogʻliq boʻlgan. Bugun mamlakatimizda taxminiy hisob-kitoblarga koʻra bogʻcha yoshidagi bolalar 2,5 million, 1-5 sinflarda oʻqiydigan bolalar 2,9 millionni tashkil etadi. 3-11 yosh orasidagi 5,4 million bolani bir kunda 15 ming soʻmlik ovqatlantirilsa, bir yilda 1,9 milliard dollar, faqat 1-5 sinflardagi bolalar ovqatlantirilsa 1 milliard dollar pul kerak boʻladi. Buni qancha qismini ota-onalar qoplaydi, qancha qismi byudjetdan qoplanadi, hisoblash mumkin. Prezidentimizning “kelajakda ijtimoiy muammolarga sarf qilmaslik uchun bugun taʼlim va tarbiyaga sarf qilishimiz kerak” degan soʻzlarini eslang. Bugun jinoyatchilikni yosharib ketgani, bolalarni beshafqat boʻlib ketayotgani, juda tor fikrli va maqsadsiz ekanligi bolalik davrining bir qator masalalari qatorida aynan oilalarning cheklangan daromadi sababli bolalarni yetarli toʻyinmayotgani bilan bogʻliq masala ekanligiga shubha qolmadi. Qanchalar mushkul boʻlmasin mamlakatimiz kelajagi uchun hal qilinishi kerak boʻlgan muhim masalada vazirimiz rus hamkasbining oldida “biz uchun bunday ishlar mushkul ish” deb, ojizligi bilan “maqtanishi” qabul qilib boʻlmas holat.

Taʼlim va tarbiyada strategiyamiz aniq boʻlsin.

Biz taʼlim va tarbiyada manfaatlarimizni aniq belgilab olish va unga ogʻishmay amal qilishimiz kerak. Bugun oila, bogʻcha va rus maktablari bilan birga oʻzbek maktablarida ham rus tilini oʻrgatish ommaviy tus olayapti, maqsadimiz faqat til oʻrgatishmi oʻzi!?

Men millatchi emasman, millatimni yaxshi koʻraman, xolos. Boshqa millatlarga zararimiz tegmasdan, hamkorlikda rivojlanish tarafdoriman. Albatta xorijiy tillarni biladigan yoshlarimiz millatimiz va davlatimizning yutugʻi, lekin Dostoyevskiyning taʼbiri bilan aytganda “oʻz xalqiga begona insondan ham baxtsizroq kim boʻlishi mumkin?”. Dostoyevskiy bu fikrni fransuz tili va madaniyatini rus madaniyatidan ming karra ustun ekanligini aytgan, rus tilida gapirishni or deb biladigan rus zodagoniga aytganini yaxshi bilasiz. Rus zodagonlari orasida ham oʻsha vaqtlarda bolaligidanoq fransuz tilini oʻrgatish yozilmagan majburiyat boʻlgan.

Til oʻrgatamiz deb yoshlarimizni boy berib qoʻymaymizmi? Menimcha, 1-5 sinflarda ona tili, adabiyoti, tarix va tarbiya fanlariga mutlaqo ustunlik berish, xorijiy tillarni ikkilamchi oʻrgatish, 6-sinfdan boshlab esa xorijiy tillarga ustuvorlik berish toʻgʻri yoʻl boʻladi. Bizning asosiy maqsadimiz xorijiy tillarni biladigan bolalarni tarbiyalash emas, davlatimiz va millatimizni rivojlantiradigan avlodni tarbiyalash boʻlishi kerak. Ular albatta bir nechta xorijiy tillarni yaxshi biladigan boʻlishadi.

Sherzod Shermatovni AQSHda oʻqiganligi uning oʻzbekligiga aslo taʼsir qilmagan, bunga shaxsan guvohman, lekin vazirlik faoliyati taʼsir qilmayotganiga umid qilaman. Yaponiyaning «Sumitomo» kompaniyasi mansabdorlaridan biri: «... biz yaponlarning eng katta xatoimiz xorijliklarning koʻngli va kayfiyatiga keragidan ortiq eʼtibor berib yuborib, manfaatlarimizni boy beramiz» degani esimga tushib ketdi.

Biroz siyosiylashing, janob vazir, juda sodda koʻrinyapsiz, sizga millatimizning taqdiri ishonib topshirilganini unutmang.

Alisher Qodirov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi
Markaziy kengashi raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?