Birovning kovushini kiyganlar mulzam tortib qolishdi

09:35 08 Aprel 2019 Jamiyat
728 0

Illyustrativ foto

Murod Atoyev Buxoro shahridagi Namozgoh koʻchasi yoqasidagi binoda somsa sotib turgandi. Davlat soliq nazorati xodimlarini koʻrdi-yu rangi oʻzgardi. Nega deysizmi? Shovvoz tadbirkorlik guvohnomasini I- guruh nogironi Ixtiyor Avezovning nomiga rasmiylashtirib olgandi-da.

Shoxida emas, bargida yurmoqni koʻzlagan “ishbilarmon” shu yoʻl bilan boshqa yakka tartibdagi tadbirkorlardan farqli tarzda 750 ming soʻm oʻrniga atigi 101 ming 350 soʻm toʻlab kelayotgandi. Ammo bu hol uzoqqa bormadi. Soliq tizimi xodimlarining tushuntirish ishlaridan soʻng M. Atoyev yer chizib qoldi.

— Prezidentimizning “Nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq,2018 yil 1 yanvardan boshlab faoliyat koʻrsatish turi va uni amalga oshirish joyidan qatʼi nazar, I va II guruh nogironligi boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun bir oyda eng kam ish haqining 50 foizi miqdorida qatʼiy belgilangan soliq stavkasi oʻrnatilgan, — deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi masʼul xodimi B. Fayziyev. — Yaʼni I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatlari uchun faoliyat turidan qatʼiy nazar eng kam ish haqining yarim baravari miqdorida (101 ming 350 soʻm) qatʼiy belgilangan soliq toʻlovini toʻlaydilar.

Ammo berilgan shu imtiyoz va yengilliklardan nogironligi boʻlgan fuqarolar emas, baʼzi toʻrt muchasi sogʻ odamlarning foydalanib qolishga urinishayotgani afsuslanarlidir.Masalan, fuqaro Lola Yarasheva “Karvon” buyum bozorida I-guruh nogironi Faniya Mavlyayevaning nomiga nooziq-ovqat tovarlari bilan chakana savdo faoliyatini yoʻlga qoʻygani maʼlum boʻldi. Davlat soliq xizmati xodimlari tadbirkorning oʻzi qayerdaligini surishtirganlaridan soʻng u daromad topish uchun xato yoʻlni tanlaganini tan oldi.

Afsuski, oʻz manfaatini barcha narsadan ustun qoʻyayotgan ayrim “tadbirkor”lar yoshlarning ijtimoiy faolligini, tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida berilgan imtiyozlarga ham koʻz olaytirishyapti.Gap shundaki, Soliq kodeksining 375-moddasiga muvofiq, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari oʻqishni tamomlagandan keyin oʻn ikki oy ichida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtgan taqdirda, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtgan sanadan eʼtiboran, qatʼiy belgilangan soliqni toʻlashdan olti oy muddatga ozod etilishgan. Ayrim kimsalarga bu soliq toʻlovidan qochishning qulay usuli boʻlib tuyulmoqda.

Shu oʻrinda bir dalil. 2017 yil oxirida “Markaziy” dehqon bozorida faoliyat yuritish uchun tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtgan kollej sobiq talabasi Zarina Najmiddinova hozir Buxoro davlat universitetida taʼlim olmoqda. Tabiiyki, ayni damda tadbirkorlik qilishga vaqti ham, imkoniyati ham yoʻq, Ammo unga berilgan yengillikdan Feruza Poʻlatova foydalanib qoldi.”Uddaburon” Zarinaning nomiga tadbirkorlik faoliyatini rasmiylashtirib, soliq imtiyozidan foydalandi.Har ikkalasi bilan oʻtkazilgan suhbatdan soʻng ular oʻz xatolarini anglab yetishdi.

Jondor tumani Poʻloti qishlogʻida yashovchi Hasan Soliyev kollej bitiruvchisi boʻlgan yili hamqishlogʻi Raʼno Burxonova uning haq-huquqlaridan va soliq imtiyozlaridan foydalanib qolish payiga tushdi. Markaziy dehqon bozorida savdo faoliyatini boshladi.Bu yerda Hasan Soliyevni biror marta ham koʻrmagan soliqchilarni esa turli bahonalar bilan aldab keldi.Shu oʻrinda yigitchaning yaqinlariga ham qoyil qolmadik.Axir, mazkur tadbirkorlik subyektidagi noqonuniy xatti – harakatlar va soliq qonunchiligi buzilishlari uchun kim javobgar boʻladi?! Hasan Soliyev, albatta.

— Tushuntirish ishlaridan keyin Raʼno Burxonova tadbirkorlik guvohnomasini oʻz nomiga rasmiylashtirishga kirishdi, — deydi B. Fayziyev. — Ammo ayrim yoshlarimiz va ular ota – onalarining bu masalaga yengil – yelpi qarashlari achinarlidir.

Birov maʼrakadan oʻziniki qolib oʻzganing yap–yangi kovushini kiyib ketsa sharmanda boʻlishi hech gap emas. Binobarin, kimlargadir berilgan imtiyozga koʻz olaytirgan, davlatni, demakki, sizu bizni aldashga uringanlar ham el – yurt oldida mulzam tortib qolishlari tayin.

Istam IBROHIMOV, (“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?