Birovning beli ogʻrimasdan mashina, muzlatkich,konditsioner yo bir necha million soʻm yutib olishini koʻz-koʻzlab namoyish etishdan muddao nima?

16:42 03 Iyun 2019 Jamiyat
507 0

— Xohlasangiz, mana, yigirma millionni olib, oʻyinni tark etasiz, lekin oʻylab koʻring, bu yoqda avtomobil qop ketyapti-ku?

“Omadli” ishtirokchining koʻzlari olazarak. U ikki oʻt orasida qolgan. Zaldagilar qiy-chuv solishadi:

— Oʻyin, oʻyin!

Boshlovchi baqirganicha yana nafsning qoʻltigʻidan qitiqlaydi:

— Oʻylab koʻring yaxshilab, dedim-ku?! Mana, qarang, agar oʻynaganingizda nimalarni yutishingiz mumkin edi?

Shunda televizorga qadalib oʻtirgan oʻsmir toʻsatdan xayoli chalgʻib, otasidan soʻraydi:

— Ota, bu qimor emasmi?

Ota hayron. Qimorda oshiq tashlanardi, shekilli. Ammo oʻxshaydi. Ota boyoqish nima deyarini bilmay,boshqa kanalga oladi.

Bu kanalda ham oʻsha ahvol: qandaydir shou. “Boriga baraka!”Ikkita kap-katta erkak bir-birovini quvgandek sahnaning u yogʻidan-bu yogʻiga, bu yogʻidan-u yogʻiga jonsarak yugurib yurishibdi.

— Bor baraka, bor baraka! — deb jon holatda qichqirishadi.

Oʻsmir yana soʻraydi:

— Ota, mol bozorida ham shunaqa dallol bor edi-ya?

Ota hayron. Mol bozorida mol bilan savdo qilishadi, dallolning yaxshisi oluvchining ham, sotuvchining ham koʻnglini ogʻritmay savdoni darhol pishirib beradi. Bu yoqda esa...bularning qandaydir savdosi hech pishay demaydi, yillar davomida jonsarak holda qichqirishgani qichqirishgan, uyat yoʻq. Ota boyoqish nima qilarini bilmay,boshqa kanalga oladi.

Bu yoqda ham ahvol shu. Shou! Ekrandagilar Oloviddinning jinchirogʻini koʻtarib olishgandek. Uning ichidan“amringizga muntazirman, tilang tilagingizni”, deya jin chiqib keladi-da, bu hayotda ushalmagan, hech qachon ushalmaydigan orzu-umidlaringizni bir nafasda roʻyobga chiqarib beradi guyo.

Ota pultni bosadi.. Dunyoni shou bosib ketibdimi, deya mingʻirlaydi. Ekranda yana oʻsha gap:“falon” iching — mashina yuting, “pismadon” yeng — millioner boʻling...”. Oʻl, deydigan odam yoʻq!Hatto bolalarning tagligidan ham yutuq chiqarmish.Bunaqa asab egovini hech qaysi zavodda topib boʻlmaydi.

Bola esa oʻzi oʻqiyotgan maktabda sinfdoshi qopqoq yigʻayotganini,velosiped yutishiga sal qolganini, lekin bu “sal” hech adogʻiga yetmaganini, axiyri yutuq yutaman deb bir kunda oʻnlab shisha energetik ichimlik ichib, sogʻligʻini xavf ostiga qoʻyayotganini ayta boshlaydi.

Nafs oʻpqonining qopqogʻi qanoat emasmi?Ammo u qayoqqa ketdi?

Tavba deysiz. Ishdan kelib, el qatori televizor koʻrib, hordiq chiqargingiz keladi. Axborot dasturlarini koʻrib boʻlib, koʻngilochar koʻrsatuvlarni izlaysiz. Ammo… Goʻyokoʻngil ochish deganlari “omadi chopgan” qopqoqparastning pullarni xazonday supurib olishiga harislik bilan tikilish deganiday...

Birovning beli ogʻrimasdan mashina, muzlatkich,konditsioner yo bir necha million soʻm yutib olishini koʻz-koʻzlab namoyish etishdan muddao nima? Boshqalarga buning nimasi qiziq? Qaysidir korchalonning kompaniyasi manfaatlari deb har kuni millionlab odamlarning nafsini yotqizvolib qitiqlash shartmi? Yoshlarimizga shunaqa-shunaqa, mehnat qilmasdan, ter toʻkmasdan ham “soqqa qilsa” boʻladi, demoqchimizmi? Reklama ortidan keladigan daromadni deb qanoatga tigʻ urib, nafsga pishang beramizmi? Tinimsiz gij-gijlangan nafs borib-borib kishini tamagirlik, manfaatparastlik, ochkoʻzlik, baxillik, xudbinlik... singari illatlarning boshi berk koʻchasiga yetaklamaydimi?

Bu endi “shou” emas, bu endi jirkanch qutqu!

“Intellektual” deb ataladigan shoularda esa ishtirokchilarga berilayotgan savollar “ikki karra ikki nechchi, variantlar besh, toʻrt, oʻn olti...” kabi past darajada boʻlgani uchun endi “intellekt” sohiblari“oting nima?” deganda “variantlar bormi?” deb soʻraydigan darajaga yetib boʻldi.

Abdulla Avloniy “Turkiy guliston yoxud axloq”da shunday oʻgit beradi: “Qanoat hasad, tama, hirs, xorlik kabi illatlarning davosi, nafsimizning gʻinosidur. Qanoat bir xazinadurki, naqdinasi kundan-kun ortar. Bu xazinaga ega boʻlgan kishilar umrlarini shavq va rohatda kechirurlar... Nafs oʻlchovi haqiqiy bir oʻlchovdirki, insonning oʻz nafsiga loyiq koʻrmagan muomalani boshqalar haqida ijro etmoqqa qoʻymas, fikr egalari, insof sohiblari har vaqt nafs oʻlchovidan tashqari harakat qilmas”..

Taningizga va ruhiyatingizga bitmas-tuganmas energiya, zavq-shavq, rohatu farogʻat, huzur va halovat baxsh etadigan, bir qopqoqning oʻzidayoq butun umringizga tatiydigan minglab “superyutuq”lar chiqadigan, sizni haqiqiy boyvachchaga aylantiradigan, dunyodagi barcha omadning kaliti va xazinalarning xaritasi boʻlgan, qoʻyin-qoʻnjingizni duru javohirlarga toʻldiradigan, farovon hayotingizga, munavvar istiqbolingizga, baxtu saodatingizga ishonchli kafil boʻla oladigan, qalbingizga quvonch, xonadoningizga asl barakani olib kiradigan, tiyiqsiz nafsni jilovlashni oʻrgatadigan, hayotda eng toʻgʻri yoʻlni koʻrsatadigan benaziru betakroru beminnat moʻjiza koʻzboʻyamachi qalloblarning jinchirogʻi emas, kitobdir.

Uni oching. Va... varaqlang...

Nuriddin EGAMOV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?