Bironta ham bola qayd etilmay qolmasligi kerak

09:58 20 Iyun 2018 Siyosat
546 0

Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish davlatning muhim vazifasidir. Bu aholi tabiiy harakatlanishi statistikasini yuritishning eng yaxshi manbasi bo‘lib, o‘z navbatida, davlat xizmatlarini samarali ko‘rsatish ustuvorliklari yuzasidan qarorlar qabul qilishda poydevor vazifasini o‘taydi.

Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tizimi davlat boshqaruvi va inson huquqlarini izchil amalga oshirish sohasida muhim rol o‘ynaydi. Ishonish qiyin, biroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, hozir dunyoda o‘lim holatining uchdan ikki qismi va tug‘ilishning 40 foizi qayd etilmayapti, bu esa, jiddiy ijtimoiy muammolarning eng birinchi sababiga aylanmoqda.

FHDYO organlarida qayd etiladigan tug‘ilish, nikoh tuzish, uni bekor qilish, otalikni belgilash, ism o‘zgartirish kabi voqealar har bir insonning qalbida iz qoldiradi. Kishining fuqarolik holatiga qarab davlat uni huquqiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini, huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashni belgilab oladi. Shu munosabat bilan shaxs huquqlarini himoya qilish darajasi, ijtimoiy va boshqa sohalar samarali faoliyat ko‘rsatishi fuqarolik holati dalolatnomalarining uzluksiz va sifatli qayd etilishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq.

O‘zbekistonda FHDYO organlari tuzilmasi yaratilgani tufayli tug‘ilish, o‘lim, nikoh qurish, nikohni bekor qilish kabi eng muhim voqea va faktlarni qayd etish imkonini beradigan yaxlit tizim yaratildi. Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bugun mamlakatimizda 231 ta FHDYO bo‘limi faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘tgan yil mobaynida ular tomonidan 1 million 200 dan ortiq fuqarolik holati dalolatnomasi qayd etildi.

Ayni vaqtda bir qator jiddiy kamchiliklar tizimga bugungi kun talablariga muvofiq kelish imkonini bermayapti. Bu maxsus huquqiy bazaning yo‘qligi, AKTni joriy etishning past darajasi, idoralararo hamkorlikning sustligi, samarali nazorat mexanizmining yo‘qligi va boshqa sabablar bilan izohlanadi.

Mazkur sohani tubdan takomillashtirish Harakatlar strategiyasida ustuvorliklardan biri sifatida belgilab qo‘yilgan. Prezidentimizning 2018 yil 13 apreldagi Farmoniga muvofiq, joriy yilning 1 iyulidan boshlab FHDYO organlari tumanlar (shaharlar) hokimliklari tasarrufiga o‘tkaziladi. Huquqni qo‘llash amaliyotini muvofiqlashtirish, uslubiy ta’minlash, “FHDYO yagona elektron arxivi” axborot tizimini yuritish va FHDYO arxivlarini boshqarish vazifalari Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi zimmasiga yuklangan.

2018 yil 12 iyun kuni davlatimiz rahbari mazkur sohani tubdan modernizatsiya qilishga doir galdagi chora-tadbirlar dasturini tasdiqlagan qarorni imzoladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2019 yil 1 yanvardan boshlab FHDYO organlari bilan tug‘ilish va o‘lim to‘g‘risida elektron ma’lumotlar almashishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, tug‘ilish va o‘lim haqida yagona noyob kodli unifikatsiyalangan elektron ma’lumotnoma taqdim etishning yagona tartibini joriy qilish topshirildi.

2019 yil 1 yanvarga qadar fertil yoshidagi ayollarni hisobga olish va homiladorlikning erta bosqichidan chaqaloq tug‘ilguniga qadar hisobini olib borishning avtomatlashtirilgan axborot tizimi yaratilib, u “FHDYO yagona elektron arxivi” axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi.

Joylarda tumanlar (shaharlar) hokimlari boshchiligida hududiy komissiyalar tuzilib, ular 2019 yil 1 iyulga qadar qayd etilmagan tug‘ilganlik, o‘lim holatlarini aniqlash uchun to‘liq xatlovdan o‘tkazadi, uning natijalari bo‘yicha tug‘ilganlik, o‘lim holatlarining qonun hujjatlariga muvofiq aniq maqsadda qayd etilishi ta’minlanadi. “Bironta ham bola qayd etilmasdan qolishi mumkin emas” va “Tug‘ilganlikning qayd etilishi — bola huquqlarini ro‘yobga chiqarilishining va fuqarolik bo‘lmasligini oldini olishning huquqiy asosidir”, degan g‘oyalar komissiyalar faoliyatining prinsiplariga aylanishi kerak.

Davlat xizmatlari agentligi 2022 yil 1 yanvarga qadar “FHDYO yagona elektron arxivi” axborot tizimiga birlashtirish uchun FHDYO organlarida saqlanayotgan fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlarini raqamli ko‘rinishga o‘tkazishni yakunlashi, FHDYOning yagona elektron arxiv fondini shakllantirishi lozim. 2019 yil 1 yanvardan boshlab bola tug‘ilganligi haqidagi guvohnoma qayd etilishida chaqaloqlarga jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami berilishi amaliyotga joriy etiladi.

Tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturining aniq amalga oshirilishi mamlakatni ildamlik bilan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalariga javob beradigan fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etishning zamonaviy va eng samarali modelini yaratish imkonini beradi.
Komila KAVLANOVA,
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati a’zosi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?