Birlashgan Arab Amirliklariga oliy darajadagi tashrif yakunida qabul qilingan kelishuv va bitimlarni amalga oshirish boʻyicha asosiy vazifalar belgilab berildi

22:25 01 Aprel 2019 Siyosat
627 0

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati.

Bugun, 1 aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻtgan hafta boʻlib oʻtgan Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrif doirasida erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni amalga oshirishni tashkil etish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati xabar berdi.

Avval xabar qilinganidek, davlatimiz rahbari Abu-Dabi va Dubay shaharlarida Abu-Dabi Amirligi valiahdi, Birlashgan Arab Amirliklari Qurolli kuchlari Oliy bosh qoʻmondoni oʻrinbosari Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon, BAA Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amiri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum, ushbu mamlakat hukumati aʼzolari va qator yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan sermahsul uchrashuv va muzokaralar oʻtkazdi.

Ikki tomonlama tadbirlar yakunida Qoʻshma bayonot hamda qator muhim kelishuvlar, jumladan, umumiy qiymati 10 milliard dollardan ziyod boʻlgan istiqbolli investitsiya loyihalari va dasturlarini amalga oshirish boʻyicha bitimlar imzolandi.

Ushbu kelishuvlar innovatsiyalar, neft-gaz tarmogʻi, anʼanaviy va muqobil energetika, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, transport va logistika, qishloq xoʻjaligi, turizm, taʼlim kabi oʻzaro hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini qamrab olgan.

Taʼkidlash joizki, tashrif davomida BAAning oliy darajadagi rahbariyati Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan tub islohotlar va yangilanishlarni bir necha bor eʼtirof etib, ularni toʻliq qoʻllab-quvvatladi. Amirliklar ishbilarmon doiralari mamlakatimizga tobora katta qiziqish bildirayotgani Oʻzbekistonga ishonchning ortib borayotganidan dalolat beradi.

Prezidentimiz erishilgan kelishuvlarning oʻz vaqtida va soʻzsiz ijrosini taʼminlash lozimligini qayd etib, samarali usul va mexanizmlarni joriy etgan holda qabul qilingan “yoʻl xaritasi”ni amalga oshirishni darhol boshlash muhim ekanini taʼkidladi.

BAAning yetakchi kompaniya va tashkilotlari bilan birgalikda amalga oshiriladigan ustuvor qoʻshma loyihalar sifatida “Navoiy” quruqlik porti va erkin iqtisodiy zonasini rivojlantirish, mamlakatimizda uglevodorodlar qazib olishni koʻpaytirish va ularni chuqur qayta ishlash, Tallimarjon issiqlik elektr stansiyasi va boshqa mavjud IESlarni modernizatsiya qilish va kengaytirish, quyosh va shamol elektr stansiyalarini, Sirdaryo viloyatida ammiak va karbamid ishlab chiqarish zavodini barpo etish va boshqalar belgilandi.

Bundan tashqari, agrosanoat klasterlarini tashkil etish va mamlakatimiz qishloq xoʻjaligining eksport salohiyatini yuksaltirish, Samarqand shahrida turizm va kommunal infratuzilmani, ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, tadbirkorlik tashabbuslarini, jumladan, Abu-Dabi taraqqiyot fondi ishtirokida taʼsis etilayotgan nizom jamgʻarmasi 1 milliard dollar boʻlgan investitsiya kompaniyasi mablagʻlarini jalb etgan holda qoʻllab-quvvatlash masalalari koʻrib chiqildi.

Yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sohasidagi sheriklikni kengaytirish, “Masdar” kompaniyasi va Al-Xalifa universiteti bilan koʻp qirrali hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish va loyihalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida BAAda oʻz vakolatxonasini ochadi.

Davlatimiz rahbari “yoʻl xaritasi”da belgilangan tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirish boʻyicha aniq topshiriqlar berdi.

Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, tarmoq kompaniyalari rahbarlariga eng qisqa muddatda investitsiya loyihalarining tarmoq jadvalini tasdiqlash va loyihalarni amalga oshirishni boshlash, oliy darajada erishilgan Oʻzbekiston — BAA kelishuvlarining soʻzsiz ijrosini taʼminlash boʻyicha samarali mexanizmlarni joriy etish vazifasi qoʻyildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?