Birisi obod,boshqasi barbod etildi

17:15 16 May 2019 Jamiyat
548 0

Shu bois Termiz tibbiyot kolleji jamoasining figʻoni osmonda

Surxondaryo viloyatida 2018 yilga qadar bor-yoʻgʻi bitta - Termiz davlat universiteti faoliyat yuritgan. Sobiq ittifoq davrida, undan keyin ham viloyatda xalq xoʻjaligi uchun zarur mutaxassis kadrlarni tayyorlash uchun yana boshqa oliy taʼlim muassasalarini tashkil etish masalasi shunchaki orzuligicha qolaverdi. Uning yechimi yoʻlida ot surganlarning tarvuzi qoʻltigʻidan tushaverardi. Va nihoyat Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev masalani kun tartibiga olib chiqdi va Surxondaryoda bir yoʻla bir necha oliy taʼlim muassasalarining filiallari ochildi. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 5 martdagi 172-sonli qaroriga binoan Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filiali tashkil etilib,yangi taʼlim muassasasiga Termiz tibbiyot kollejining barcha bino va moddiy-texnik taʼminot bazasi topshirildi. Quvonchli voqeiylik ortidan aynan tegishli mutasaddilarning eʼtiborsizligi tufayli Termiz tibbiyot kolleji goʻyo koʻchaga “irgʻitildi”. Birisi obod, boshqasi barbod etildi. Shu bois mazkur tibbiyot kolleji jamoasining figʻoni osmonda. Masalaga yechim soʻrab qilingan murojaatlar bamisli qumga singib ketgan suvdek – to hanuz javobsiz. Bizni bu mavzuda qogʻoz qoralashga undagan jihat ayni mana shunda.

Mana, qariyb ikki yildirki, Termiz tibbiyot kollejining 87 nafar pedagog-ishchi xodimlari hamda 2442 nafar oʻquvchilari bir necha kollej orasida qatnab, sarson-sargardon. Xususan, ular Termiz ijtimoiy-iqtisodiy kasb-hunar kolleji, Termiz sanoat va transport kolleji, Termiz bank kolleji hamda Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filiali oʻquv binolarida 2-smenada tahsil olishmoqda. Bu albatta oʻziga yarasha qiyinchilikni keltirib chiqarmoqda. Talabalar turarjoylarining keskin qisqarishi, tayin ovqatlanish sharoiti yaratilmagani, turli joyda koʻchib oʻqish kabi tartibsiz jarayon taʼlim sifatiga, oʻquvchilar ruhiyati-yu, pedagogik jamoa faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Chunonchi, pedagogik jamoaning darsdan tashqari vaqtda oʻtirib ishlashi, hujjatlarni rasmiylashtirishi va saqlashi uchun xonalar yetarli emas. Maxsus fanlarni oʻqitish uchun esa umuman sharoit yoʻq.

Shu oʻrinda bir jihatga eʼtibor qaratish lozim. Viloyatda oliy maʼlumotli shifokorlarga ehtiyoj katta. Shifoxonalarda aksariyat oliy maʼlumotli mutaxassisliklar boʻyicha vakant joylar hamon saqlanib turibdi. Bu ehtiyojni toʻldirish uchun tashkil etilgan Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filiali faoliyati qanchalik muhim boʻlsa,viloyat markazi va unga tutash tumanlar uchun oʻrta tibbiyot xodimlari yetishtirib beradigan Termiz tibbiyot kolleji faoliyati ham shunchalik muhim. Shunday boʻlsada, Termiz tibbiyot kollejining 55 yillik faoliyati, yuqori pedagogik salohiyat ega jamoa taqdirini oʻylash uchun mutasaddilarga yo xohish yetishmayapti, yoki... Aks holda, mazkur tibbiyot kolleji jamoasining alohida oʻquv binosi ajratib berishni soʻrab hokimligu, vazirlikka koʻp bora yoʻllagan murojaati inobatga olinishi lozim emasmi?!

Darvoqe, Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari E. I. Basitxonova tomonidan 2018 yil 19 yanvar sanasida Surxondaryo viloyati hokimi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi kasb-hunar taʼlimi Markazi rahbariyatiga xat yoʻllanib, Termiz tibbiyot kollej uchun oʻquv binosini ajratish, zamonaviy tibbiy asbob-anjomlar va jihozlar bilan taʼminlash borasida amaliy yordam soʻralgan. Vazirlikning ushbu aloqa xati qaysi bir amaldorning javonida chang bosib yotgandir, ammo javob yoʻq...

Xoʻsh ushbu masalaning yechimi bormi? Albatta bor! Viloyat hokimligining eʼtibori va adolatli yondashuvi Termiz tibbiyot kolleji jamoasi va oʻquvchilarining ovoragarchiligiga nuqta qoʻyadi. Buning uchun Surxondaryo viloyat hokimligi biror bir boʻsh turgan inshootni aniqlab, undan foydalanish boʻyicha tegishli hukumat qarori loyihasini ishlab chiqishi hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritilish lozim. Bunday deyishimizga ham asos bor. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 16 fevraldagi 122- F-sonli farmoyishining 1-bandida oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi muassasalarining mol-mulki, bino va inshootlari hamda yer maydonlaridan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlarisiz tashkilotlarga berish yoki taʼlim jarayoniga tegishli boʻlmagan maqsadlarda foydalanish qatʼiyan man etilgan.

Demak, masalaga eʼtibor va masʼuliyat bilan yondashilsa, mazkur muammo barham topadi. Aksincha boʻlsa, uzun ichakka oʻxshab choʻzilishda davom etaveradi.

Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?