Birinchi Toshkent xalqaro yarimmarafoni — “International Navruz Half Marathon” tadbiri 24 mart kuni boʻlib oʻtadi

18:03 22 Mart 2019 Jamiyat
613 0

Illyustrativ foto

24 mart kuni poytaxtimizda birinchi Toshkent xalqaro yarimmarafoni boʻlib oʻtadi. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasi hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi hamkorligida uyushtirilayotgan mazkur yirik anjuman Toshkent va umuman, mamlakatimiz uchun yangilikka aylanishi kutilmoqda.

Tashkilotchilarning maʼlum qilishicha, sport tadbirida ishtirokchilar ikkita masofaga yugurishlari mumkin boʻladi: 21,097 kilometrli yarimmarafon va 5 kilometrli yoʻldosh yugurish. Oʻzbekistondagi eng yirik yugurish trassasi Yengil atletika federatsiyalari xalqaro assotsiatsiyasi (IAAF) hamda Xalqaro marafonlar va yugurishlar assotsiatsiyasi (AIMS) tomonidan sertifikatlangan. Mazkur tadbirni tashkillashtirishda tarkibiga sertifikatlangan mutaxassislar hamda xalqaro darajadagi hakamlar kirgan xalqaro kompaniya konsultativ koʻmak bermoqda.

Yarimmarafon 24 mart kuni soat 9:00 da boshlanadi va markaziy koʻchalar boʻylab boʻlib oʻtadi. Bu esa, oʻz navbatida, poytaxtimizning asosiy diqqatga sazovor joylarini koʻrish imkonini yaratadi. Start hamda marra chiziqlari Afrosiyob va Beshyogʻoch koʻchalari kesishmasida (“Humo arena” muz saroyi yaqinida) joylashadi.

Yugurishning barcha ishtirokchisi (belgilangan 3 soat ichida ulgurganlar) marra chizigʻida finishga yetib kelganlar uchun moʻljallangan esdalik sovgʻalarni qoʻlga kiritishadi. Gʻoliblar uchun esa alohida sovgʻa jamgʻarmasi taʼsis etilgan. Xususan, yarimmarafon masofasida mutlaq hisobda 1 — 8-oʻrinni egallagan ayollar va erkaklar 3 million soʻmdan 12 million soʻmgacha boʻlgan pul sovrinlari bilan taqdirlanadi. 5 kilometrga yugurishning 1 — 6-oʻrinlar sohiblari esa 500 ming soʻmdan 2 million soʻmgacha boʻlgan pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Ushbu sport bayramida yoshi 15 dan oshgan (yoʻldosh yugurish uchun) hamda yoshi 18 dan oshgan (yarimmarafon masofasida) barcha xohlovchilar qatnashishlari mumkin. Ishtirok etish qiymati — 50 000 soʻm. Butun dunyoda bu kabi tadbirlarda qatnashish pulli boʻlib, tashkilotchilar tomonidan ishtirokchilarga futbolka, kepka, ryukzak va shaxsiy yugurib oʻtgan vaqtini aniqlovchi chip oʻrnatilgan maxsus raqam taqdim etiladi.

Yarimmarafon tashkilotchilar, homiylar va xayriya tashkilotlarining mablagʻlari, shuningdek, qatnashchilardan tushadigan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi. Tadbir bosh hamkori — “Lukoyl Uzbekistan opereyting kompani” kompaniyasi. Rasmiy hamkorlar: “Oʻzelektroapparat”, “Haytera”, “LADA”, “Adrenaline Rush” savdo belgilari.

Xalqaro Yarimmarafonni oʻtkazishdan koʻzlangan maqsad sogʻlom turmush tarzini targʻib etish va poytaxtimiz ahli hamda mehmonlari oʻrtasida yugurishni ommalashtirish, xalqaro doʻstlik aloqalarini va sport turizmini rivojlantirish, Oʻzbekistonning kuchli marafonchilarini aniqlash, Oʻzbekiston Respublikasi poytaxti boʻlmish Toshkent shahrini tuzilishi ommaviy sport tadbirlarini oʻtkazishga imkon beradigan zamonaviy shahar sifatida tanitish, yaqin hamda uzoq mamlakatlardan sportchilar va sayyohlarni jalb etishdan iboratdir.

Mamlakatimizdagi qulay iqlim sharoitlari bunday musobaqalarni tez-tez oʻtkazib turish uchun imkon beradi. Xususan, bizda boshqa davlatlardan oldinroq yugurish mavsumini boshlash va kechroq yopish uchun sharoitlar mavjud.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?