Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatmaganlik uchun ma’muriy jazo belgilanmoqda

17:52 19 Iyul 2018 Siyosat
334 0
Illyustrativ foto

...Kutilmaganda yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi. Og‘ir jarohat olgan yo‘lovchining hayoti xavf ostida qoldi. Uni zudlik bilan eng yaqin tibbiyot muassasasiga, deylik, ko‘z kasalliklari shifoxonasiga yetkazishdi. Biroq u yerda bunday bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatilmasligini aytib, boshqa shifoxona manzilini berishdi...

Bemorni aytilgan shifoxonaga yetkazilgunga qadar uning ahvoli og‘irlashib, joni uzildi...

Bunday hollarda qanday yo‘l tutish kerak? Jarayonning huquqiy asoslari bormi? Bemorga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishdan bo‘yin tovlagan shifokor uchun qonuniy jazo belgilanganmi?

Parlament quyi palatasida Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan barcha partiya fraksiyalari a’zolari ishtirokida o‘tkazilgan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ayni masala xususida so‘z yuritildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 25 yanvardagi “Shoshilinch tibbiy yordam tizimini jadal takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida mamlakatimizda shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam barcha tibbiyot muassasalarida aholiga bepul ko‘rsatilishi, hayot uchun xavf tug‘diruvchi holatlarda shoshilinch tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan shaxslarga malakali yordam ko‘rsatishni rad etish taqiqlanishi belgilangan edi.

Ushbu qaror talablaridan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga tegishli qonun loyihasi kiritildi. Loyiha bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimchalar kiritish orqali tibbiyot muassasalari rahbar va mas’ul xodimlarining mazkur muassasalar tomonidan shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam ko‘rsatishni asossiz ravishda rad etilgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortish ko‘zda tutilgan.

Yig‘ilishda qo‘mita a’zolari va barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari vakillarining fikr-mulohazalari tinglandi. Hukumat tomonidan kiritilgan qonun loyihasini tahrirdan o‘tkazib, so‘ng parlament quyi palatasi majlisiga birinchi o‘qishga tayyorlash haqida kelishib olindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?