Birinchi qor sakkiz kishini hayotdan olib ketdi

12:05 19 Noyabr 2018 Dunyo
418 0

Foto: USA Today

AQSHning shimoli-sharqiy va markaziy hududlariga oxirgi ikki kun davomida yoqqan birinchi qor kamida sakkiz kishini hayotdan olib ketdi. Bu haqda CBS xabar berdi.

Mahalliy rasmiylarning maʼlumotlariga koʻra, sakkiz kishi qor bilan qoplangan yoki muzlagan avtomobil yoʻllarida roʻy bergan YTH oqibatida qurbon boʻlgan. Uch nafari Arkanzas shtati, ikki nafari Missisipi shtati, bir nafardan Merilend, Ogayo va Indiana shtatida hayotdan koʻz yumgan. Xususan, Missisipida avtobus agʻdarilib ketgan. 46 nafar yoʻlovchi qutqarib qolindi. Biroq ikki ayolning hayotini saqlab qolishning imkoni boʻlmadi.

Qor 80 mln. aholi istiqomat qiladigan keng hududga yoqqan. Ayrim joylarda uning qalinligi 20 sm.gacha yetgan. Natijada koʻp manzillarda elektr uzatish tarmoqlari izdan chiqqan. 300 mingga yaqin amerikalik elektr energiyasisiz qolgan.

Aviakompaniyalar esa 1,6 mingta reysni bekor qilgan. Ularning asosiy qismi Nyu-York tumaniga toʻgʻri keladi. Yana 8 mingdan ortiq parvoz kechiktirilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?