Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov xotirasiga yuksak ehtirom

12:01 02 Sentyabr 2018 Siyosat
232 0

Eng ulugʻ, eng aziz bayram – Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligi keng nishonlanayotgan shu kunlarda xalqimizning tarixiy yutugʻi boʻlmish istiqlol shukuhi barchamizning qalblarimizga munavvarlik baxsh etmoqda.

Mustaqillik yillarida mamlakatimiz erishgan barcha yutuq va marralar Islom Karimov nomi va faoliyati bilan bogʻliq. Birinchi Prezidentimiz mamlakatimiz mustaqilligini qoʻlga kiritishdan tortib, uning taraqqiyoti, jahonda oʻz oʻrni va soʻziga ega davlatga aylanishi yoʻlida yuksak fidoyilik koʻrsatib mehnat qildi. Uning tengsiz jasorati va uzoqni koʻzlab yuritgan dono siyosati tufayli Oʻzbekiston tarixan qisqa davrda izchil rivojlanish yoʻlini bosib oʻtdi, mamlakatimizni dunyo tanidi.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasi, 2 sentyabr. Bu yerga Oliy Majlis Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, hukumat aʼzolari, jamoatchilik vakillari oʻzbek xalqining ulugʻ va ardoqli farzandini xotirlash uchun yigʻilgan.

Mahzun musiqa sadolari ostida davlatimiz bayrogʻi hilpiraydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev majmuaga tashrif buyurib, Birinchi Prezidentimiz haykali poyiga gulchambar qoʻydi. Uning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Buyuk Yoʻlboshchimiz serqirra siyosiy faoliyati, olijanob insoniy fazilatlari bilan Vatanimizning koʻp asrlik tarixida oʻchmas iz qoldirdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 25 yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdugʻaniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish toʻgʻrisida”gi qarori xalqimizning oʻzining buyuk farzandiga cheksiz hurmat va sadoqatining amaliy ifodasi boʻldi. Qarorga muvofiq, Birinchi Prezidentimiz nomini abadiylashtirish boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

U kishi koʻp yillar davomida faoliyat olib borgan Toshkent shahridagi Oqsaroy qarorgohi Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasiga aylantirildi, mamlakatimizdagi qator nufuzli muassasalar, Toshkent shahri va viloyat markazlaridagi koʻchalarga Islom Karimov nomi berildi. Toshkent, Samarqand, Qarshi shaharlarida buyuk Yoʻlboshchimizning haykali oʻrnatildi.

Buyuk davlat va jamoat arbobi tugʻilib oʻsgan Samarqand shahrida Islom Karimov xotirasiga atab maqbara majmua bunyod etildi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 27 noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdugʻaniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq joriy yil yanvar oyida Islom Karimov tavalludining 80 yilligi mamlakatimizda keng nishonlandi. Ushbu qarorga binoan har yili Birinchi Prezidentimiz tavallud topgan sana – 30 yanvar kunini keng nishonlash, 2 sentyabr kunini Xotira kuni sifatida yod etish belgilandi.

Yodgorlik poyiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, jamoatchilik nomidan ham gullar qoʻyildi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?