Birinchi oʻzbek mexanizator ayoli Tursunoy Oxunovaning xotira maydoni obodonlashtirilib, maʼnaviyat maskaniga aylantirildi

16:31 23 Mart 2019 Siyosat
745 0

Navroʻz falsafasi inson qalbidagi ajdodlar ruhiga ehtirom tuygʻusini, obodlik madaniyati va bunyodkorlik salohiyatini tarbiyalaydi. Ayniqsa, sharqona Yangi yil tantanalari oʻzaro mehr-oqibat, saxovat va muruvvat koʻrsatish, oʻtganlarni xotirlash, qadamjolarni obod qilish, hasharlar oʻtkazish kabi savobli amallar bilan yanada fayzlidir. Bu — davrlar va avlodlar oʻrtasidagi mangu maʼnaviy rishtani mustahkamlaydi, asrlar osha yashab kelayotgan qadriyatlarimizga yangicha maʼno-mazmun, yangi hayot baxsh etadi.

Avval xabar berganimizdek, bu yilgi Navroʻz bayrami Toshkent viloyati, Chinoz tumanining Yaxshi niyat mahallasi aholisi qalbida ana shu jihatlari bilan ham bir umr muhrlanib qoladigan boʻldi. Chunki koʻklam avvalida shu qishloqda tugʻilib, kamolga yetgan birinchi oʻzbek mexanizator ayoli, ikki karra Mehnat Qahramoni Tursunoy Oxunova sharafiga koʻp yillar avval barpo qilingan-u, soʻng bir qadar qarovsiz qolib ketgan xotira maydoni davlatimiz rahbari topshirigʻi asosida obodonlashtirilib, goʻzal-fayziyob maʼnaviyat maskaniga aylantirildi. Tursunoy Oxunova byusti restavratsiya qilinib, xotira maydoni qayta qurildi, ancha vaqt qarovsiz qolib ketgan Tursunoy Oxunova muzeyi tiklanib, madaniyat markaziga aylantirildi.

Shu munosabat bilan Chinoz tumanining Yaxshi niyat mahallasidagi mazkur maskanda oʻtgan tadbirda uch avlod vakillari bir nuqtada jam boʻldi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida izchil amalga oshirilayotgan kuchli insonparvarlik siyosati tufayli inson qadri va xotirasini ulugʻlash, el-yurt ravnaqi yoʻlida fidoyilik koʻrsatgan turli soha vakillarining hurmatini joyiga qoʻyish borasidagi ezgu ishlar koʻlami ham kundan-kun kengaymoqda. Mamlakatimizning barcha hududida katta kuch-gʻayrat bilan olib borilayotgan keng qamrovli qurilish-bunyodkorlik ishlari jarayonida tarixiy maskanlar, muqaddas qadamjolar, yodgorliklarni obod qilishga doimiy eʼtibor berilmoqda. Chinoz tumanining olis-chekka qishloqlaridan biri — Yaxshi niyat mahallasida Tursunoy Oxunova xotira maydonining obod manzil-makonlardan biriga aylantirilgani zamirida ham ajdodlarimizdan meros bunyodkorlik salohiyati va insonparvarlik siyosatining oʻzaro uygʻunligi mujassamdir.

Tadbirda Tursunoy Oxunova hayoti va faoliyati bilan bogʻliq ibratli xotiralar yodga olindi. Byust poyi bahoriy gullarga burkandi. Bu hududda shu paytga qadar sayilgoh yoki xiyobon boʻlmagan. Ana shunday xayrli tashabbus natijasida katta hayotga qadam qoʻyayotgan yosh oilalarning unutilmas onlari yanada fayzli oʻtadigan boʻldi.

Oddiy dehqon farzandi Tursunoy Oxunovaga xos mehnatkashlik, fidoyilik, kamtarlik kabi fazilatlar bugungi avlodlar uchun ham ibrat maktabidir.

Mazkur majmuaning yana bir ahamiyatli jihati — bu yerda hududdagi taʼlim muassasalari oʻquvchilari uchun ochiq darslar oʻtkazish uchun ham imkoniyat va sharoit yaratilgani bilan bogʻliq. Bu taʼlim va tarbiyani uygʻun olib borishga xizmat qiladi.

Oʻzlikni anglash tarixni bilishdan boshlanadi. Tursunoy Oxunova muzeyining tiklanishi yoshlar qalbida bobomeros qadriyat — “mehnat insonni ulugʻlaydi”, degan oʻlmas gʻoyani, bunyodkorlik ruhini mustahkam qaror toptirishga xizmat qiladi.

Bu muzey oddiy dehqon farzandining hayot yoʻlidan soʻzlaydi. Birinchi oʻzbek mexanizator ayoli Tursunoy Oxunova mashaqqatli mehnatlari, irodasi, qatʼiyati va kamtarligi tufayli el-yurt hurmatini topdi. Buni tarixga muhrlangan mana bu suratlardan ham bilish qiyin emas.

 

Tiriklik bahordan, hayot mazmuni farzanddan boshlanadi. Yil hosili bahorga bogʻliq boʻlganidek, oilamizning taqdiri, millatimizning kelajagi ham farzandlar tarbiyasiga bogʻliq. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida shu yilning 19 mart kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida ham ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi ishlarni hayotning ana shunday oʻtkir talablaridan kelib chiqqan holda yangi tizim asosida yoʻlga qoʻyish masalalari keng muhokama qilingani yosh avlodning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishni tashkil etishda yangi taraqqiyot bosqichini boshlab berdi.

Davlatimiz rahbari bu borada belgilab bergan vazifalardan kelib chiqib, mazkur maskanni keng qamrovli maʼrifat markaziga — yoshlarni jismonan, maʼnan va aqlan kamolga yetkazadigan yirik majmuaga aylantirish rejalashtirilmoqda. Muzey binosida tez kunda musiqa va shaxmat toʻgaraklari ish boshlasa, koʻp oʻtmay atrofdagi yerlar ham obodonlashtirilib, katta xiyobon, sunʼiy futbol maydoni, moʻjaz kutubxonalar barpo qilinadi.

Inson hayoti ham charxpalakka oʻxshaydi. Yillar oʻtadi, avlodlar almashadi, qadriyatlar evriladi. Biroq har qanday davrda ham inson faqat va faqat peshona teri, mashaqqatli mehnati va bunyodkorligi bilan el-yurt hurmatini qozonishi mumkin. Aslida, bunyodkorlikdan maqsad — obodlik. Bu nafaqat hudud, balki koʻngil obodligi hamdir. Zotan, bunyodkorlik tuygʻusi sogʻlom muhitning, sogʻlom muhit barkamol avlodning, barkamol avlod esa buyuk kelajakning mustahkam asosidir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?