Birinchi Xalqaro ziyorat turizmi forumi jahon hamjamiyatida katta qiziqishga sabab boʻlmoqda

17:04 20 Fevral 2019 Welcome to uzbekistan
236 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan joriy yilning 21 — 23 fevral kunlari Buxoro va Samarqandda I Xalqaro ziyorat turizmi forumi boʻlib oʻtadi.

Oʻzbekiston sayyohlik salohiyatini namoyish etish, ayniqsa, uni islom dunyosidagi ziyorat turizmi markazlaridan biriga aylantirish maqsadida tashkil etilayotgan mazkur tadbir jahon hamjamiyatida katta qiziqish uygʻotmoqda. Unda islom dunyosidagi muhim xalqaro tashkilotlar, yetakchi din ulamolari, ilmiy-akademik doiralar, ziyorat turizmi sohasidagi sayyohlik kompaniyalari ishtirok etish istagini bildirgani buning yaqqol tasdigʻidir.

Binobarin, ziyorat turizmi, yaʼni muqaddas joylarni ziyorat qilish ikki asosiy, yaʼni maʼrifiy sayohatlarga yoʻnaltirilgan haj va diniy turizmdan iboratdir. Shu maʼnoda, yurtimizning sayyohlikning aynan ushbu yoʻnalishi boʻyicha salohiyati gʻoyatda yuksak. Islom dunyosidagi eng qimmatbaho Qurʼoni Karim namunalaridan biri — Hazrati Usmon Musʼhafi Oʻzbekistonda ekani, muhaddislar imomi, hadis ilmi olimlarining ustozi Muhammad al-Buxoriy, Naqshbandiya tariqatining koʻplab yetuk izdoshlari bizning zaminimizda kamol topgani va soʻnggi manzillari shu yerda ekanligi, qolaversa, bir qancha diniy markazlarning mavjudligi shundan dalolat beradi.

Ushbu tarixiy va muqaddas qadamjolarga ziyorat hamda sayohat qilish uchun har yili dunyoning turli burchaklaridan minglab sayyohlar tashrif buyurishmoqda.

— Ilk bor tashkil etilayotgan Xalqaro ziyorat turizmi forumi haqidagi xabar jahon hamjamiyatida katta shov-shuvlarga sabab boʻldi, — deydi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati yetakchi mutaxassisi Sherzod Sultonov. — Shu bois tadbirni yoritish uchun Yevropa va Osiyoning koʻplab OAV vakillari yurtimizga kelishmoqda. Ular orasida “EuroNews” (Fransiya) va “Al Jazeera” (Qatar) telekanallari, “Al-Ahram al-Iqtisadi” (Misr) jurnali, “Diplomatic News” (Pokiston), “Kommersant” Rossiya), “Al-Vajxat” (Oʻmon) va “Al Hayat” (Saudiya Arabistoni) gazetalari vakillari borligi eʼtiborga molikdir.

Aytish joizki, joriy yilning 5 yanvaridan Oʻzbekistonning madaniy-tarixiy va diniy maʼnaviy merosi hamda anʼanalarini oʻrganish uchun tashrif buyuruvchi xorijiy fuqarolarga 2 oygacha boʻlgan muddatga ziyorat vizasi joriy etildi. Bu esa mamlakatimizning sayyohlik jozibadorligini oshirish, ayniqsa, ziyorat turizmini rivojlantirish, sayyohlar oqimini sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi.

I Xalqaro ziyorat turizmi forumi ishtirokchilari uch kun davomida yurtimizdagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish barobarida, bu yerda sayyohlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishadilar. Shuningdek, Oʻzbekistonning ziyorat turizmi markaziga aylantirish borasida olib borilayotgan ishlar, hayotga tatbiq qilinayotgan loyihalar haqida qimmatli maʼlumotlarga ega boʻladilar.

Said RAHMONOV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?