“Birinchi avgust”: Test sinovlari, korrupsiya va taʼlim haqida film

12:30 24 Oktyabr 2019 Madaniyat
291 0

Rejissyor Abduvohid Gʻaniyevning “Birinchi avgust” filmi tez kunlarda tomoshabinlarga taqdim etiladi.Bu haqda “Oʻzbekkino” xabar berdi. Premyera yaqin ekan, filmni koʻrishga arziydigan baʼzi jihatlarni qayd etib oʻtamiz:

  • Kartina taʼlimdagi qingʻirliklar, korrupsiya haqida atroflicha ochib berilgan ilk filmdir.
  • Talabaning oliy taʼlim muassasi dargohiga qoʻygan ilk qadamidayoq koʻzboʻyamachilik va adolatsizlik manzarasini koʻrishi, buning taʼsiri tufayli kelgusi hayotida “Qush uyasida koʻrganini qiladi” qabilida ish tutishi mumkinligi koʻrsatiladi.
  • “Test sinovlari oʻyin boʻldi” kabi gaplarni koʻp eshitamiz, “paravoz”, “bunker”, “tanka” kabi jargonlar esa ancha ommalashgan, “Birinchi avgust” badiiy filmida ushbu jargonlar kinovoqelikka koʻchadi, test jarayonlarining qay darajada oʻyin boʻlganligi va oʻyinning tepasida turgan odamlar fosh qilinadi.
  • Filmda korrupsiya aralashmagan syujet liniyasi ham bor: bu bosh qahramonlar Yigitali Mamajonov va Feruza Yusupova oʻrtasidagi muhabbat voqeligi.
  • Ushbu filmda Yigitali Mamajonovni oliy oʻquv yurtlariga kirish testlarida “paravoz”lik qilgan testoman rolida koʻramiz.
  • Kartinada bolalikdan oʻrgatilgan toʻgʻri diniy bilim, shu bilan parallel tarzda chet tillarini oʻrgatib borish yosh avlodning kelgusida halol, eʼtiqodli va dunyoqarashi keng boʻlib ulgʻayishida muhim oʻrin tutishi aks etadi.

Kinoloyiha ijodkorlarining eʼtirofiga koʻra, bu filmda kimnidir yoki qaysidir qatlamni aybdor qilish emas, balki jamiyatdagi shu illatga boʻlgan loqayligi hamda korrupsiyaga yoʻl ochib berilgan notoʻgʻri mexanizm haqida ham fikr yuritiladi.

Film “Oʻzbekkino” Milliy agentligi buyurtmasi bilan “Olov Nur Media” kinostudiyasi tomonidan suratga olindi. Kinokartinada aktyorlardan bosh rollarni Yigitali Mamajonov, Feruza Yusupova, Tohir Saidov, Rayhon Ulasenova, Sobir Otajonov, Muyassar Berdiqulova va epizodik rollarni Samarqand viloyati teatrlarining isteʼdodli aktyorlari ijro etgan.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?