Biriga “Treker”, ikkinchisiga “Jentra”

17:36 21 Iyun 2019 Iqtisodiyot
529 0

Yoʻq, bu safar bu mashinalar teleoʻyinda yutib olinmadi.

Xonadonda uchta farzand tugʻilgani sababli Prezident sovgʻasi ham emas!

Lekin... Prezident Shavkat Mirziyoyevning qishloq xoʻjaligida amalga oshirayotgan islohotlari sabab boʻldi bunga.

Siz suratda koʻrib turgan mazkur 61 yoshli yigitcha biratoʻla ikkita avtomobil olgan aka-ukalarning otasi – Xolboy Shukurov. U Jizzax viloyati Zarbdor tumani “Yuksalish” SIU mahallasida yashaydi. Shu hududda tugʻildi, voyaga yetdi, uylandi, uch nafar oʻgʻil koʻrdi, ularni voyaga yetkazdi. Sovet davrida shu hududdagi “Udarnik” sovxozida texnika injeneri, bosh injeneri edi. Keyin fermerlashtirish boshlanib, mavjud texnika tarqatildi. Xolboy ham el qatori shu hududdagi fermerlardan biriga aylandi. Imkon qadar oʻziga olib qolgan texnikalarni ishlatib, qaddini tiklashga urindi. Ammo... bu jarayon uzoq davom etdi.

...judayam uzoq davom etdi.

To 2019-yil 18-iyunga qadar...

Avvaliga uch oʻgʻilni ham dalachilikka oʻrgatdi. Ular otasining fermer xoʻjaligida ishlab, voyaga yetishdi. Keyin har biri oʻziga bittadan fermer xoʻjalik ochib oldi. Keyin... 2019-yil yanvarida fermer xoʻjaliklarni optimizatsiya qilish boshlanganda ota bolalar toʻrtta fermer xoʻjalikni kattalashtirib, ikkitaga aylantirishdi. Xaritada Sharof Shukurovga tegishli “Yuksalish zavqi” va Bobur Shukurovga tegishli “Sohibkor gulshani” fermer xoʻjaliklari qoldi.

Xolboy asli texnika injeneri emasmi, hamisha fermer xoʻjaliklarning texnik bazasini yaratishga intildi.Har bir oʻgʻliga fermer xoʻjalik ochilganda uni birinchi navbatda kultivatsiya traktori bilan taʼminlash payida boʻldi. Bank kreditiga, lizingga sotib oldi.Eski “Udarnik” sovxozidan merosga esa bitta eski “Belarus” va goʻng sepishga moslashtirilgan telejka va bir qancha taqir-tuqur qolgan edi. Ular faqat yomon kunga yarov vazifasini oʻtab berdi.

Xullas...2015-yili bank kreditiga biratoʻla ikkita “KLAAS” nemis gʻalla oʻrish kombayni oldi. Oʻsha yili Sharof oʻgʻliga namunali kottej ham olingan edi. 2016-yili kombaynlar uchun berilgan bank kreditini toʻlay olmay, namunali kottejni sotib yuborishga majbur boʻlishdi. Shuning evaziga kombaynlarning biri oʻzlarida qoldi. Ikkinchisini esa... bank baribir tortib oldi.

2018-yil yanvarida Xolboy mahalliy MTP dan eskirgan, - 1997-yili Zarbdorga AQSHdan keltirilgan ulkan “MAGNUM” haydov traktorlaridan biratoʻla ikkitasini sotib oldi. Bittasini olti oy davomida taʼmirlab, yangi ehtiyot qismlar uchun 50 mln. Soʻm sarflab, kuzda oyoqqa turgʻizdi. Mana, sakkiz oyki ushbu traktor xoʻjalikka, oilaga daromad keltiryapti. Har kuni 10 ga yer haydasa ham oʻrta hisobda har kuni bir million soʻm foyda keltiradi. Eng asosiysi, oʻz yerlariga zarur paytda, hech kimga yalinmay, zarur darajada ishlov bera oladilar.

Xolboy Shukurov 2017-yili ham gʻalla rejasidan 50 tonna oshirib hosil topshirgani uchun “Neksiya” avtosi bilan mukofotlangan edi. Ammo oʻsha “Neksiya” ham keyinchalik “MAGNUM” traktori xarajatlariga “yedirildi”. Oila ixtiyorida 2018-yili gʻallani oshirib bajargani uchun olingan mukofot “Kobalt” qolgan edi xolos. Mana endi...

2019-yili gʻalla oʻrimi oldidan hukumat qarori eʼlon qilindi. Unda aytildiki, bu yil gʻalla hosili uchun tabaqalashtirilgan tarzda toʻlov amalga oshiriladi. Gektariga 25 sentner topshirganning har tonnasiga 700 000 soʻmdan, 30, 40.., va nihoyat 50 sentner topshirganga esa 1500 000 soʻmdan va puli toʻliq holda, bir hafta ichida fermerning hisob raqamiga tushiriladi. Va... fermerning xohishi va imkoniyatiga qarab, “Spark”dan “Malibu”ga qadar mukofot beriladi.

Oʻzi ishlab topgan pulga, albatta!

Tekinga emas!

Xullas, “Yuksalish zavqi” fermer xoʻjaligi 22 ga bugʻdoyzordan jami 56 tonna hosil topshirishi rejalashtirilgan edi.

118 tonna topshirdi!!!

Har bir tonnasini 1500 000 soʻmdan hisoblang. Bu Moliya vazirligi beradigan mablagʻ. Bundan tashqari “Oʻzdonmahsulot” ham buning ustiga mukofot tarzida har bir tonnaga 250 000 soʻmdan qoʻshimcha toʻlov qilar ekan.

Xarajatlar-chi?! – dersiz.

Yerni oʻz traktorlarida haydashdi.

Oʻz traktorlarida turli ishlovlar berishdi.

Oʻz kombaynlarida gʻalla oʻrishdi!

Oʻz traktorlarida tevarak atrofdagi tovuqxonalardan 100 telejka atrofida goʻng tashib kelishdi.

Mineral oʻgʻit sotib olingan albatta!

Neft mahsulotlari olingan, albatta!

Soliqlar toʻlanadi, albatta!

Ish haqiga esa... bugʻdoy beriladi. Fermer xoʻjalikning oʻz ixtiyorida bu kabi xarajatlar uchun yana 25 gektar oʻrilmagan gʻalla qoldi.

225 000 000 soʻmlik “Treker”ni esa gʻalla bajarilgan kuni Xolboy Shukurovning uyiga keltirib berishdi. Negaki, uning va uch nafar oʻgʻlining hali bosh qashishga, biron joyga borishga vaqtlari yoʻq. Negaki, toʻxtovsiz “Sohibkor gulshani”dagi gʻalla oʻrimiga kirishib ketdilar. Bu yerda 130 ga gʻalladan 305 tonna hosil topshirilishi kerak edi. 18-iyun kuni kechgacha Zarbdor elevatoriga 400 tonna bugʻdoy kiritildi va... fermer xoʻjalik egasi Bobur Shukurov yangi “Jentra”ni elevatordan minib chiqib, toʻgʻri dalaga, otasi – Xolboyning huzuriga bordi. Va... maza qilib, yangi avtomobilga dalaning changlaridan, tuproqlaridan surishdi. – Aniqrogʻi tavof qildirishdi...

Xullas, shunaqa gaplar...

Shu gaplarni yozyapmanu, oʻzim gʻalati boʻlib ketyapman. Negaki, shuncha yildan beri fidoyi mehnat qilib, bolalarini dala mehnatiga oʻrgatib, dalani texnika bilan taʼminlab, har yili yuzlab tonna goʻngni dalaga tashib, Xolboy Shukurovning kosasi oqarmayotgan, topgan-tutganini yana qayta dala xarajatlariga sarflab yuborayotgan edi.

Mana, nihoyat... aytish joizki, ilgarilari fermerlar gʻallani elevatorga topshirishdan koʻra uyiga koʻtarishni afzal bilishardi. Negaki, oʻtgan yili ham elevator bugʻdoyni 700 000 soʻmdan olayotgan boʻlsa, bozorda 2 000 000 soʻm edi. Bu yil siyosat oʻzgartirildi. Egiluvchan narx joriy qilindi.Qarangki, kim 50 sentnerlik hosil topshirsa, u qoʻshimchalari bilan 1750 000 soʻm olyapti. Bozorda ham xuddi shu narx. Shu sababli , boshqa fermerlar ham Xolboy Shukurov erishayotgan natijalarni koʻrib, gʻimirlab qolishdi. Topgan-tutganlarini yigʻib-terib, elevatorga topshirish payidalar. Mening koʻz oʻngimda qoʻshni fermer kelib, 5 tonna bugʻdoy qarz berib turishni iltimos qildi. Pulini somon sotgandan soʻng qaytarib toʻlash sharti bilan. Qoʻshimcha besh tonna topshirsa, u ham mashinali boʻlib qolar ekan.

Xolboy Shukurov rozi boʻldi.

Holbuki, mazkur qoʻshni fermer avvalgi yillari imkon qadar gʻallani elevatorga topshirmay, rejani bajarmasdan u yoq-bu yoqqa olib qochish payida yurardi.

Bu ham gʻallani narxlashning yangicha siyosati natijasi!

Yana bir gap:

Xolboy Shukurovni suratga olmoqchi boʻlganimda, ikkilandi,”bir haftadan beri yugur-yugurdamiz, soqol ololmadim, boʻlaveradimi?!”, deb soʻradi va kulib yuborib, oʻz savoliga oʻzi javob berdi: “Shuncha yil mehnat qilib, endi kosamiz oqaryapti. Kosasi oqarganga har qanaqa soqol yarashaveradi. Boʻpti, tushiravering!!!”

Xolboy Shukurovning koʻzlarida gʻiltillagan yoshlar ham bor edi.

Bu yoshlar sevinch yoshlari edi, albatta!!!

Abulqosim MAMARASULOV, Oʻzbekiston Yozuvchilari uyushmasi aʼzosi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?