Birgina litsey jamoasi yarim milliard soʻmdan ortiq mukofot puli bilan taqdirlandi

09:27 03 Dekabr 2019 Jamiyat
256 0

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Poytaxtimizda “Yilning eng yaxshi fan oʻqituvchisi“ koʻrik tanlovi gʻoliblari, xalqaro olimpiadalarda sovrindor oʻquvchilar va ularning oʻqituvchilari tantanali taqdirlandi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan taʼlim tizimida tarixiy islohotlar olib borilmoqda. Oʻqituvchilar maqomini koʻtarish, ularni har tomonlama moddiy va amaliy jihatdan ragʻbatlantirish choralari koʻrilmoqda. Soʻnggi ikki yil ichida oʻqituvchilar oyliklari koʻtarildi, ularni byurokratiya va majburiy mehnatga jalb etish holatlarining oldini olish boʻyicha ulkan ishlar qilindi. Shunday eʼtiborga yarasha oʻqituvchilarimiz ham oʻz ustilarida ishlab, oʻz sohasida muvaffaqiyatga erishib, kasbiy salohiyatini namoyon etishga intilmoqda.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

“Yilning eng yaxshi fan oʻqituvchisi” koʻrik tanlovi bu borada muhim ahamiyat kasb etyapti. Oʻtgan yillar mobaynida ushbu tanlovda 12 mingga yaqin oʻqituvchilar qatnashgan boʻlsa, bu yilgi tanlovda 100 mingga yaqin ustoz-muallimlar ishtirok etish istagini bildirdi. Tanlovga arizalar onlayn tarzda qabul qilindi.

Bu yilgi tanlov avvalgilaridan bir qator yangiliklari bilan ajralib turdi. Jumladan, joriy yildan shaffoflikni taʼminlash maqsadida tanlov nizomiga bir qator oʻzgartirishlar kiritildi. Bu yilgi tanlovda oliy maʼlumotli, kamida uch yillik pedagogik stajiga hamda ikkinchi va undan yuqori malaka toifasiga ega boʻlgan oʻqituvchilar ixtiyoriy ravishda qatnashdi. Tanlovni adolatli oʻtkazish uchun hakamlar hayʼati tarkibiga barcha hududlardan teng miqdorda mutaxassislar jalb qilindi. Tanlovning respublika bosqichi ishtirokchilari oʻzlarining “Loyiha taqdimotlari”ni ijtimoiy tarmoq (Facebook) orqali eʼlon qilishdi va elon qilingan taqdimotlar jamoatchilik tomonidan baholandi. Ishtirokchilarning fanga oid bilimini baholashda test materiallariga PISA, TIMSS kabi xalqaro baholash talablari singdirildi.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Respublikamizning barcha hududlaridan taqdirlanish uchun Toshkent shahriga yetib kelgan sovrindor oʻqituvchi-pedagoglar poytaxtimiz maktablarida mahorat darslarini oʻtib berishdi. Ushbu mahorat darslari onlayn tarzda yozib olinib, respublikadagi barcha hududlarga tarqatildi.

Tanlov yakunlariga koʻra eng mahoratli, fidoiy, ijodkor, salohiyatli 34 nafar oʻqituvchi tanlovning respublika bosqichi gʻoliblari safiga kirdi (ularning 12 nafari 1-oʻrin, 12 nafari 2-oʻrin, 10 nafari 3-oʻrin sohiblari).

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Tantanali tadbirda tanlovning respublika bosqichida 1-oʻrinni egallagan oʻqituvchilar 10 mln. soʻm, 2-oʻrinni egalari 5 mln. soʻm, 3-oʻrinni egalari 3 mln. soʻm miqdoridagi pul mukofotlari hamda Xalq taʼlimi vazirligining maxsus sovgʻalari bilan taqdirlandilar.

Shohsupaning eng yuqori qismidan oʻrin olgan mazkur oʻqituvchilarning ish tajribasi hududlarda ommalashtirib, ular tomonidan yaratilgan ilgʻor pedagogik yangiliklar taʼlim-tarbiya jarayonlariga tatbiq etiladi.

Taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan ishlarning yana bir muhim yoʻnalishi oʻquvchilarning fanlarga boʻlgan iqtidorini yuzaga chiqarish, ularni respublika va xalqaro darajadagi olimpiadalarga tayyorlash hisoblanadi.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Jumladan, joriy yilda Oʻzbekiston terma jamoasi Xalqaro olimpiadalarda jami 8 ta medallarni qoʻlga kiritdilar.

2019-yil 11-22-iyul kunlari Buyuk Britaniyaning Bat shahrida boʻlib oʻtgan 60-Xalqaro matematika olimpiadasida (IMO) Oʻzbekiston jamoasi 1 ta bronza medali(2018-yilda medal olinmagan) va 3 ta diplomni qoʻlga kiritdi.

2019-yil 14-21-iyul kunlari Vengriyaning Seged shahrida boʻlib oʻtgan 31-Xalqaro biologiya olimpiadasida (IBO) Oʻzbekiston jamoasi

2 ta bronza medalni (2018-yilda medal olinmagan) qoʻlga kiritdi.

2019-yil 21-30-iyul kunlari Fransiyaning Parij shahrida boʻlib oʻtgan 51-Xalkaro kimyo olimpiadasida (IChO) Oʻzbekiston jamoasi 2 ta kumush va 2 ta bronza medalni(2018-yilda 2 ta bronza medali) qoʻlga kiritgan.

Bugungi tantanali tadbirda Prezidentimiz qaroriga asosan, yuqoridagi xalqaro olimpidalarda kumush medallarni qoʻlga kiritgan oʻquvchilar 66 mln. 900 ming soʻm, ularning oʻqituvchilari 55 mln. 750 ming soʻm pul mukofotlari bilan, bronza medallarini qoʻlga kiritgan oʻquvchilar 44 mln. 600 ming soʻm ularning oʻqituvchilari 33 mln 450 ming soʻm pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Mazkur oʻquvchilar oliy taʼlim muassasalariga kirish imtiyoziga ega boʻldi. Bundan tashqari 8 nafar xalqaro olimpiadalar gʻoliblari iqtidorli oʻquvchilar zaxirasiga kiritildi.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

- Oʻtgan 11 yil davomida taʼlim muassasamiz oʻquvchilari turli xalqaro olimpiadalarda 58 ta turli darajadagi medallarni qoʻlga kiritgan, -- deydi Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi direktori Ortiqboy Eshonqulov. -- Lekin hozirgidek ragʻbatni koʻrmaganmiz. Shu yil xalqaro olimpiadada gʻolib boʻlgan 8 nafar oʻquvchining 5 nafari bizning litsey oʻquvchilaridir. Prezidentimiz qaroriga koʻra ushbu oʻquvchilar va ularning oʻqituvchilariga yarim milliard soʻmdan ortiq mukofot puli ajratilmoqda. Shu vaqtga qadar birgina litseyga shuncha pul mukofot tarzida berilganmi? 40 yildan ortiq pedagogik faoliyatim davomida bunday jarayonni koʻrgan emasman. Davlatimiz rahbarimizning bunday gʻamxoʻrligi bizni yangi marralarga undaydi.

Dilshod Karimov,
“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?