BIRDAMLIKDA OʻTAYLIK BU SINOVLARDAN...

12:28 29 Mart 2020 Madaniyat
551 0

Bobolarim kechgan qancha olovlardan,
Qancha yomgʻir, qancha doʻl-u, qirovlardan.
El boshiga ish tushganda chetda turmay,
Birdamlikda oʻtaylik bu sinovlardan!

Zoʻrmiz deya, – yutuqlardan kerilmasdan,
Yeng shimarib kirishaylik , erinmasdan.
Tahlikaga, vahimaga berilmasdan,
Birdamlikda oʻtaylik bu sinovlardan!

Koʻksimizga joylab oru-nomuslarni,
Oʻqib oʻsha, meros qolgan qomuslarni.
Belin bukib, har qanaqa viruslarni,
Birdamlikda oʻtaylik bu sinovlardan!

Ahil boʻlib yashab qolgan, bani odam,
Har tirik jon, bir-biriga boʻlsin malham.
Asraganni asrar derlar, Yaratgan ham,
Birdamlikda oʻtaylik bu sinovlardan!

Tentib yurmang, – koʻcha-kuyda kuyib, yonib,
Betahlika koʻngillarga vahim solib.
Kerak boʻlsa, maʼlum muddat uyda qolib,
Birdamlikda oʻtaylik bu sinovlardan!

Atrofda kim bordir tengdosh, doʻstu-gʻanim,
Hotam boʻling, – qolmasin hech koʻngli yarim.
Sinovlarda sinib qolmang Yurtdoshlarim,
Birdamlikda oʻtaylik bu sinovlardan!

Shu el asli yetishtirgan Sinolarni,
Ilm bilan lol qoldirgan dunyolarni.
Yengib tashlab, boshga tushgan savdolarni,
Birdamlikda oʻtaylik bu sinovlardan!

Azal shunday – haqiqatni degan elmiz,
Mehribonlik , muruvvatni degan elmiz.
Bir mayizni teng boʻlishib yegan elmiz,
Birdamlikda oʻtaylik bu sinovlardan!

Bir begʻubor kunlar kelar, halovatlik ,
Har daqiqa kechar fayzu-farogʻatlik.
Tilloga teng boylik ekan, salomatlik ,
Birdamlikda oʻtaylik bu sinovlardan!

Mahallalar – yoʻllarimiz toza boʻlsin,
Duo qiling, – dillarimiz toza boʻlsin.
Vujudimiz, qoʻllarimiz toza boʻlsin,
Birdamlikda oʻtaylik bu sinovlardan!

Chetga surib, qiyinchilik , azoblarni,
Soʻz demasdan, yolgʻon-yashiq xitoblarni.
Pok tan bilan, yuzga tutib niqoblarni,
Birdamlikda oʻtaylik bu sinovlardan!

Sarson boʻlmay, pastu-baland yoʻllar aro,
Shaharlar-u, qishloqlar-u, choʻllar aro.
Ogoh boʻlsin – hushyor boʻlsin, har fuqaro,
Birdamlikda oʻtaylik bu sinovlardan!

El-yurt uchun, ish oʻrnidan ketmay nari,
Ishlamoqda, yurtning aziz farzandlari.
Tomchilardan yaralgan dengiz singari,
Birdamlikda oʻtaylik bu sinovlardan!

El sogʻligi, – yurt boyligi azal-abad,
Sogʻlom avlod buyuklikka etar jurʼat.
Sabr qilsak yaxshi kunlar kelar albat,
Birdamlikda oʻtaylik bu sinovlardan!

Tangri Oʻzi panohida asrar bizni,
Katta-kichik , yoshu-qari, oʻgʻil-qizni.
Balolardan omon saqlab yurtimizni,
Birdamlikda oʻtaylik bu sinovlardan!
KAMOLIDDIN SHUKUR.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?