Bir uyning “oqava” tarixi yoxud ziqna ikki marotaba toʻlaydi!

13:34 15 Avgust 2019 Jamiyat
78 0

Illyustrativ foto

Insonning yashash jarayonida, turmush kechirish tarzida oqava tizimi qanday muhim ahamiyatga ega ekanligi, uning holati esa insonga maishiy qulaylik yaratishi hammaga maʼlum. Bularning hammasini Yangiyoʻl shaharidagi “Fayzli” mahallasida joylashgan koʻp qavatli uyda istiqomat qiluvchi aholi bir necha yillardan beri sinab kelmoqda. Masalaga oydinlik kiritamiz.

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasiga ushbu manzilda istiqomat qiluvchi fuqarodan (M. Gʻanixoʻjayeva) murojaat kelib tushgan. Murojaatda aytilishicha, oxirgi ikki yil mobaynida u istiqomat qilayotgan koʻp qavatli uyning oqava tizimi talab darajasiga javob bermaydi. Murojaatni oʻrganish maqsadida koʻrsatilgan manzildagi koʻp qavatli uyga kelgan mutaxasisslar arizada “talab darajasiga javob bermaydi” degan soʻzlar ularning koʻz oldida namoyon boʻlgan manzaraga nisbatan juda “yumshoq” qoʻllanilganga guvoh boʻldilar.

Shunisi eʼtiborliki, yuzaga kelgan vaziyat toʻgʻrisida shu uyda yashovchi fuqarolar “Suvoqava” DUKning Yangiyoʻl boʻlinmasiga juda koʻp marotaba murojaat qilganlar. ENDI DIQQAT: oʻtgan ikki yil mobaynida “Suvoqava”ga ushbu uyda yashovchi fuqarolardan hammasi boʻlib 150 ta ariza kelib tushgan, lekin boʻlinma tomonidan arizada keltirilgan holatlar boʻyicha hech qanday choralar koʻrilmagan, murojaatlar javobsiz qoldirilgan.

Hududiy boshqarma mutaxasisslari tomonidan fuqaro murojaati jiddiy oʻrganib chiqildi. Muammoni oʻrganish davomida koʻp qavatli uyning yaqinida kafe ishga tushgan boʻlib, uning rahbari oʻzboshimchalik bilan koʻp qavatli uyning oqava tizimiga ulanib olgani maʼlum boʻldi. Albatta, ushbu holat uyning oqava tizimiga salbiy taʼsir koʻrsatgan va oxirgi ikki yil mobaynida ularning shirin hayotini “zaharlab” kelgan. Yaʼni bitta “ishbilarmon” tadbirkorning oʻz manfaatini koʻzlab qilgan ishi –moddiy tarafdan iqtisod qilish maqsadida belgilangan joydan yaqinroq boʻlgan oqava tizimiga ulanishi, shu ikki yillik sarsongarchiliklarni keltirib chiqargan. Xalqimizning bir hikmatli iborasi bor: “Ziqna ikki marotaba toʻlaydi”.

Hududiy boshqarma tomonidan oʻtkazilgan oʻrganish natijasida, xoʻjalik subyekti koʻp qavatli uyning oqava tizimidan uzildi va avval belgilangan joyga oʻz hisobidan ulandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?