Bir quchoq gul

09:20 30 Yanvar 2019 Madaniyat
263 0

Bir kuni bir guruh shoira qizlar — shogirdlari yoʻqlab Halima Xudoyberdiyevaning uyiga borishgan edi.

— Koʻcha darvozasi qoʻngʻiroq tugmasini bosganim zahotiyoq uning eshikchasi darhol ochila qoldi, — deydi ulardan biri, oʻsha voqeani hali-hanuz hayajon bilan eslab. — Shundoq roʻparamizda jilmaygancha opaning oʻzlari turardilar. Qoʻllarida bir quchoq gul. Yanayam esankirab-dovdirab qoldik. Bizni atay kutayotgandek edilar-da! “Kelinglar, — dedilar Halima opa dilga taskin beruvchi bosiq ovozda, — men ham hozirgina xalq xoʻjaligi institutidan, adabiy uchrashuvdan qaytuvdim, qaranglar, birga borsak boʻlarkan”.

Shunday deb, Halima opa bizni

ichkariga undagancha quchoqlaridagi gullardan bitta-bitta guldasta chiqarib bera boshladilar. Hammaga yetib, ortib ham qoldi. Oʻsha kuni ustozdan hayot, jamiyat, adabiyot haqida, ijodkor vijdoni va masʼuliyati toʻgʻrisida bir umr yodda qoladigan soʻzlar eshitdik. Maktabda oʻqib yurgan kezlarida viloyat gazetasida chop etilgan sheʼrlari Sirdaryoga xizmat safari bilan borgan Sharof Rashidovning nazariga tushib qolgani, u kishi viloyat rahbarlariga, “shu qizchaga eʼtibor beringlar, u oʻqishga borishi kerak, ota-onasi bilan gaplashinglar”, deganlarigacha eslab, u mahallarda qishloqlarda qizlarni shaharga oʻqishga yuboravermasliklarini aytgan edilar.

Halima Xudoyberdiyeva iqtidorli ijodkor ekanligidan tashqari, bir muddat masʼuliyatli rahbarlik lavozimlarida faoliyat koʻrsatib, muqaddas bitiklarda qayd etilgani kabi odamlarni toʻgʻri yoʻlga boshlash uchun, avvalo, fahm-farosatlilik, xushmuomalalik, halollik, sobitqadamlilik va ilmga chanqoqlik kerakligini unutmadi. Qayerda boʻlmasin, toʻgʻrilik, fidoyilik, jasorat singari fazilatlar shoira tabiatining magʻz-magʻziga singib ketganini adabiy davralarda eʼtirof etishadi.

Davlatimiz rahbarining adabiyotga, kitobga ijobiy munosabatda boʻlish lozimligi haqidagi koʻrsatmalari, bu borada amalga oshirila boshlangan xayrli saʼy-harakatlar Halima Xudoyberdiyevaga yangicha kuch-gʻayrat bagʻishladi. Jamiyatimiz hayotiga kirib kela boshlagan toza havo, toza nafas uning Shaxs va Ijodkor sifatida yillar davomida chekkan iztiroblarini, ranj va alamlarini ortga chekintirdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 3 avgust kuni mamlakatimiz ijodkor ziyolilari vakillari bilan oʻtkazgan uchrashuvda milliy madaniyatimiz, adabiyot va sanʼatimizni rivojlantirish bilan bogʻliq dolzarb masalalar, ularni hal etish yoʻllari, bu borada ijodiy uyushmalar va davlat tashkilotlari oldida turgan muhim vazifalar haqida atroflicha fikr almashdi.

Oʻzbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva bu tadbirda soʻz olib, adabiyotning jamiyat hayotida tutgan oʻrni haqida toʻlqinlanib soʻzladi. Bu nufuzli anjumandan soʻng davlatimiz rahbari istagan va kutgan, Oʻzbekiston xotin-qizlari minbariga aylanadigan “Dugonalar” jurnali nashr etilishiga bosh-qosh boʻlib, uning dunyo yuzini koʻrishi uchun astoydil harakat qildi. Zero, Prezidentimizning “Ayolni, onani rozi qilsak hamma ishlarimiz yaxshi boʻladi!” degan ezgu gʻoyasi oʻzini ham toʻlqinlantirib yuborganini, buni roʻyobga chiqarish uchun birgalikda harakat lozimligini Halima opa tez-tez tilga olib, buni hayotga tatbiq etishning yoʻl-yoʻriqlari haqida oʻylardi, yaqinlari bilan mashvaratlar oʻtkazardi.

Oʻz xalqini yurak-yurakdan sevgan, uning quvonchu shodliklariga ham, qaygʻu-gʻamlariga ham shu bois parvosiz boʻla olmagan yoniq qalb shoira Halima Xudoyberdiyeva murakkab kechgan hayotining yorqin lahzalari yana iziga tushib, shijoatu ilhomi joʻsh urayotganida bu hayotni tark etdi. U oʻziga ijodiy quvvat, ilhom bagʻishlovchi shoirlar orasida, -ayniqsa, Mavlono Jaloliddin Rumiyni oʻzgacha eʼzozlardi. Mavlononing kamolot kasb etganlarning hayoti nafs yoʻlida xasdek toʻzib ketganlar umriga nisbatan mangu va unutilmas ekani, shu sababli xalq qalbida abadiy yashashi haqida ilgari surgan qarashlari millat shoirasining ham qismatiga evrilib borayotgandek tuyuladi:

Agar oʻlsam, meni aslo

qaro tuproqdan axtarmang,

Yasharmen ahli orif koʻnglini

makon aylab.

Haqiqatan ham, endi shoira uning moʻjizaviy satrlaridan suv ichgan sheʼr ahli, shogirdlari, muxlislari koʻngillari bilan vobasta yaratuvchilik qoʻshigʻini kuylayotganiga shubha yoʻq. U oʻzi hamisha barkamol koʻrishni istagan millatdoshlarining taqdiri bilan payvandlashib ketgani ayriliqdan gʻamboda dillarga taskin-tasalli baxsh eta oladi. Butun ijodida boʻlgani kabi “Daʼvat” deb nomlangan sheʼrida yuragining tub-tubidan otilib chiqqan hayqiriq shoiraning Vatan taqdiri, elu yurt qismatidan hech qachon uzoqlashmaganini, buyuk bobolarimiz taʼlimotlarida aytilgani kabi til va dil birligi yuksakliklaridan sergak nigoh tashlab turganini namoyon etadi.

Kunduz yurib yozdim, tun turib yozdim,

Yozganda koʻksimga tigʻ urib yozdim.

Dardlarimga siyoh kor qilmay qolgach,

Qalamni qonimga botirib yozdim.

Qon asli yorugʻlik. Yorugʻlan, tiz choʻk,

Asl mard Vatanga tiz choʻkib oʻtar.

Qancha qoning boʻlsa — Vatan uchun toʻk,

Qancha shoning boʻlsa — Vatanni koʻtar!

— Shu kunlarga yetib, shu kunlarni koʻrib ketganlarini oʻylaganimizda, ayriliqning alamli taftiga suv sepilgandek boʻladi, — deyishadi oila aʼzolari shoiraning bir quchoq gul koʻtarib tushgan suratiga boqqancha. — Axir “bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor”...

Yorugʻ aʼmol, abadiyatga daxldor ijod sohibasining kurashlarga toʻla hayoti nafaqat yaqinlari, balki oʻzbek xalqi uchun ibrat namunasi sifatida qalblarda abadiy yashaydi. U shogirdlariga peshvoz chiqqani kabi oʻz xalqiga haqiqiy ijodkor sifatida bugun oʻz sheʼrlari, qoldirgan boy ijodiy merosi bilan bir quchoq soʻnmas gullarni taqdim etib turibdi. Bu gullarning iforidan bahramand boʻlganlar esa saxovatli qalb va yuksak isteʼdod hech qachon zavol bilmasligiga, Soʻz manguligiga, Ezgulik boqiyligiga, Adabiyot oʻlmasligiga ishonch hosil qilishadi.

Azim togʻlar ortidan ona yurtning tiniq osmoniga yana quyosh koʻtarilib kelganida, uning har zarrasi oʻz shoirining nomini vasf etadi. Yuksak qoyalar bagʻridan toshdan-toshga urilib oqqan togʻ jilgʻalarining har qatrasi oʻz shoirining nomini kuylaydi. Yana bahorlar keladi, olcha gullari sarrin yellarda oʻz shoirining tabarruk nomini atru iforlarga burkab, olamga sochadi.

Shoyim BOʻTAYEV
(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?