Respublika mahallalar kengashi, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi,“Nuroniy” jamgʻarmasi va “Oila” markazi faollarining MUROJAATI

17:00 29 Oktyabr 2019 Jamiyat
285 0

Hurmatli yurtdoshlar!

Muhtaram otaxon va onaxonlar!

Qadrli yoshlar!

Jonajon Oʻzbekistonimiz milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari komil ishonch bilan katta yoʻlga chiqdi. Mamlakatimizning barcha hududlarida amalga oshirilayotgan islohotlar har birimizning farovonlikda, hayotdan rozi boʻlib yashashimizga qaratilgani ayni haqiqatdir! Shu sababli ham oramizda islohotlarning faol ishtirokchilari koʻpayib borayotir.

Biroq buning oʻzi yetarli emas. Har birimiz oʻzimizga savol beraylik: bizning mana shu shiddatli oʻzgarishlarga daxldorligimiz qanday? Bu ulkan bunyodkorlik, yaratuvchanlik harakatida oʻz oʻrnimizni topa oldikmi? Shukronalik ila bu ishlarga munosib hissamizni qoʻsha olyapmizmi?

Nega ayrim oilalarda mehr-oqibat, hamjihatlik yoʻqolib, oʻzaro munosabatlarga manfaat, tama qoʻshilayotir? Nega oʻz bolasining tarbiyasiga loqayd ota-onalar koʻpayib borayotganiga indamay qarab turibmiz?! Axir Vatan kelajagi – farzandlar tarbiyasi, kamoliga bogʻliq emasmi?

Bizda azaldan ota adolatli fikri, haq soʻzi, ibrati bilan oilaning ustuni, vijdoni boʻlib kelgan. Bejiz xalqimiz “Ota rozi – xudo rozi” demagan. Bugun ayrim oilalarda ana shunday otalar oʻrni, hikmati sezilmayapti. Oilaviy munosabatlarda maʼnaviy-axloqiy muvozanatning buzilayotgani, oilaviy ajralishlar, jinoyatlar, mulkiy mojarolar koʻpayib borayotgani hammamizni tashvishlantiradi.

Er xotiniga, xotin eriga qasd qilishi bilan bogʻliq holatlarga nega befarq qarab turibmiz? Farzand ota-onasi, aka-ukasiga qoʻl koʻtarishi biz uchun nomus va uyat emasmi?! Bu holatdan unday oilalarning yetti pushtiga tavqi-laʼnat kelmaydimi? Oʻz bolasini sotmoqchi boʻlgan ayrim nomunosib ayollar Ona degan buyuk nom, buyuk mehr va qadriyatni oyoq osti qilmayaptimi? Eng yomoni, biz bunday ayanchli manzaralarga tobora koʻnikib borayotganimizda!

Turmush qurayotgan yigit-qizlarimiz mustaqil hayotga tayyormi? Oila yuki, masʼuliyatini his qila olishyaptimi? Tobora oshib borayotgan ajrimlarning soni nega bizni bezovta qilmayapti?

Azizlar adashganlarga ergashmaylik!

Biz asrlar davomida aql-zakovati, yuksak maʼnaviyati, insoniy qadriyatlari bilan boshqalarga ibrat va namuna boʻlib kelgan xalqmiz. Afsuski, bugun toʻy-hasham, marosimlarimizda ham bemaʼni orzu-havaslar, ota-bobolarimiz amal qilgan urf-odatlarga hurmatsizlik, maʼnaviy mezonlardan yiroq, ortiqcha rasm-rusumlar, dabdababozlikka koʻr-koʻrona ergashish koʻpayib bormoqda.

Qachondan buyon mehr-oqibat, odob-axloq tushunchalari bizga begona boʻlib qoldi? Ayrim yoshlarimizdagi befarqlik, masʼuliyatsizlik, mehnatdan qochish kabi illatlarga qachongacha tomoshabin boʻlish mumkin?! Baʼzi ota-onalarning bolasi qayerda,
kim bilan, nima qilayotganiga qiziqmasligi Yaratganning oʻzi bergan neʼmatga noshukrlik emasmi?!

Bu illatlarga barham berish mahallalardagi har bir iymon va vijdon sohibining fuqarolik burchidir.

Aziz vatandoshlar!

Millatni chalgʻitayotgan, mamlakat taraqqiyotiga toʻgʻonoq boʻlayotgan illatlarga jamoatchilik nazoratining tanqid nayzasi bilan biz – oʻzimiz chek qoʻymas ekanmiz, yemirilgan oilalar, yetim qolgan goʻdaklar, koʻchada qolgan mushtipar onalarning koʻnglidagi jarohatlari, bir qorindan talashib tushgan aka-uka, opa-singillarning turmush jinoyatlarini yoʻqotib boʻlmaydi.

Azizlar!

Bolalarimiz baxtini isrofgar toʻy, sarpo, togʻoralarga almashmaylik! Xalqimiz “Epli kelin-sepli kelin” deya bejiz aytmagan. Baxt - mol-mulk bilan oʻlchanmaydi. Oilalarda arzimas ikir-chikirlardan boshlanib, ajralish bilan tugaydigan, norasida goʻdaklarni “tirik yetim” qiluvchi janjallarga sababchi boʻlib qolishdan toʻxtaylik!

Toʻylarni davrimizga, yuksak milliy madaniyatimizga mos, maʼrifatli, ortiqcha dabdabalarsiz, isrofgarchiliksiz, ixcham qilib oʻtkazaylik. Mehnat bilan topgan mablagʻlarimizni yelga sovurmaylik, tejab, bolalarimiz kamoli, kelajagi yoʻlida sarflaylik!

Kelinglar, oila, maktab va mahalla hamkorligini amalda yoʻlga qoʻyaylik. Hammamiz birlashib, “Bir bolaga yetti qoʻshni
ota-ona” 
ekanligini amalda koʻrsataylik!

Ulugʻ bobomiz Alisher Navoiyning

Ilm ila olam yuzin obod qil,

Xulq ila olam elini shod qil!

degan soʻzlari yoshlarimiz uchun mayoq vazifasini oʻtaydigan vaqt keldi.

Aziz mahalladoshlar!

Qabristonlarga eʼtiborsizlik – ota-bobolarimizga hurmatsizlik sanaladi. Shunday ekan, xayrli va savobli ishlarga har birimiz vijdonan hissa qoʻshaylik! Qilgan ishlarimizni bu olamni tark etgan boboyu buvilarimiz,
ota-onalarimiz, yaqinlarimiz tirikligida qilgan xizmatlarimizning davomi boʻlsin, deb niyat qilaylik!

Har birimiz mana shunday xayrli, savob ishlarda ishboshi, bir-birimizga yelkadosh boʻlaylik! Bu yoʻlda
qoʻni-qoʻshnilarimiz, kasbdoshlarimiz, jamoadoshlarimiz,
mahalla-koʻyga ibrat boʻlaylik!

Vatanimiz milliy yuksalish sari qatʼiy qadam qoʻydi. Biz ishonamiz, Oʻzbekiston 2030-yilga borib, albatta dunyoning rivojlangan davlatlari qatoridan joy oladi. Buning uchun har birimiz jonkuyar, fidoyi va Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishimiz lozim. Bu haqiqatni jahonning taraqqiy etgan davlatlari tarixi ham tasdiqlab turibdi.

Uyimiz, mahallamiz, xatto ijtimoiy tarmoqlarda ham maʼnaviy poklik, goʻzal qadriyatlar bardavomligi uchun kurashaylik! Hushyor, ogoh, ahil boʻlaylik!

Tinchligimiz, xotirjamligimizni, milliy birligimizni, sogʻlom oʻzbekona maʼnaviy muhitimizni koʻra olmaydigan har qanday buzgʻunchi kuch va taʼsirlarga qarshi murosasiz kurashaylik!

Bugun har bir jamoat tashkiloti oʻz faoliyatini tanqidiy tahlil etib, hamkorlikning yangi, amaliy bosqichiga chiqishi zarur. Buning uchun jamoat tashkilotlarining, avvalo, eng quyi boʻgʻinlarni uygʻotishimiz shart. Bunda albatta, siz, ijtimoiy faol vatandoshlarimizning fidoyiligingizga tayanamiz.

Unutmaylik!

Oʻzimiz ahil boʻlib, bir yoqadan bosh chiqarib, muammolarni yechmasak, hech kim chetdan kelib ularni hal qilib bermaydi. Oʻzbekiston qutlugʻ xonadonimiz, bu xonadon obodligi, tinchligini taʼminlashga, shaʼni-shavkatini saqlashga har birimiz masʼulmiz


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?