Bir oʻringa 53 daʼvogar. Prezident maktabi oʻquvchisi boʻlish osonmi?

19:17 02 Iyul 2019 Jamiyat
277 0

Foto: "Xalq so'zi"

Yoshlar kamoli va istiqboliga eʼtibor, ularning intellektual qobiliyati va salohiyatini yuzaga chiqarish, isteʼdodli oʻgʻil-qizlarning yuksak marralarni zabt etishlariga qanot baxsh etish maqsadida Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Prezident maktablariga qabul imtihonlarining dastlabki bosqichi boʻlib oʻtdi.

Namangan viloyatida Prezident maktabiga barcha fanlardan aʼlo baholarga oʻqiyotgan 7742 nafar oʻquvchi hujjat topshirdi. Maʼlumot uchun, bu yerda ochiladigan 12 ta sinfga hammasi boʻlib, 144 oʻquvchi qabul qilinadi.

29-iyun kuni Namangan shahri markazidagi “Barkamol avlod” majmuasida Prezident maktabiga qabul imtihonlari boshlandi. Jarayonlar yuksak tashkiliy tayyorgarlik bilan yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, oʻquvchilar uchun barcha qulaylik va imkoniyatlar yaratilgan. Tartibga koʻra, imtihonlar ikki bosqichda boʻlib oʻtadi. Talabgorlar uch kun davomida oʻtkazilgan birinchi bosqichda matematika fanidan 30 tadan test savollariga javob berdilar.

Imtihon jarayonlarini Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi hamda Buyuk Britaniyaning Kembridj universiteti vakillari kuzatib bormoqdalar. Ota-onalar va ustozlariga farzandlarining test sinovlari jarayonidagi ishtirokini onlayn kuzatib borish imkoniyati yaratib berilgan. Bu xolislik, haqqoniylik va qabul jarayonlarining shaffof hamda adolatli oʻtayotganining yorqin ifodasidir.

Talabgorlar gʻoyat koʻp boʻlgani uchun kuchli raqobat muhiti vujudga kelganligini taʼkidlash oʻrinlidir.

-Oʻquvchilar tomonidan javoblari belgilangan test savollari varaqalari baholash uchun Kembridj universitetiga yuborildi,-deydi viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi axborot xizmati rahbari Mardon Esonboyev.- Birinchi bosqichdan muvaffaqiyatli oʻtgan oʻgʻil-qizlar 22 – 24-iyul kunlari oʻtkaziladigan navbatdagi imtihonda ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritadilar. Ikkinchi bosqich sinovlari mantiqiy fikrlash, axborot tahlil qilish hamda ingliz tili boʻyicha boʻlib oʻtadi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?