Bir odam oʻzgalarning 190 million dollarini qanday qilib goʻrga olib ketdi?

17:05 25 Fevral 2019 Dunyo
641 0

Illyustrativ foto

Jerald Kotten oʻtgan yilning 9 dekabr kuni Hindistonda vafot etdi, rafiqasi unda Quadriga birjasiga kirish uchun kalit soʻz yoʻqligini aytmoqda.

Soʻnggi yillarda kriptovalyuta mavzusi keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Aksar odamlar bu sohaga pul tikishning katta tavakkalchilik talab qilishi va xatarli ekanini taʼkidlaydi. Ana shunday xavotirli holatlardan biri yaqinda Kanadada yuz berdi, deb yozadi BBC.

Mamlakatda eng yirik boʻlmish Quadriga kriptovalyuta birjasiga sarmoya kiritgan odamlar bir kechaning oʻzida $190 million - jumladan $50 million naqd pul - mablagʻi ustidan nazoratni qoʻldan chiqardi.

Bunga kalit soʻzni biladigan yagona insonning olamdan koʻz yumgani sabab boʻlgan. 

Kompaniya ixtiyorida mavjud boʻlgan “kriptotangalar“ va sarmoyalarni nazorat qilish imkonini beruvchi “kalit” oʻtgan yilning dekabr oyida Hindistonda 30 yoshida vafot etgan Jerald Kottenning yolgʻiz oʻziga maʼlum boʻlgani aytilmoqda.

Kompaniya berayotgan maʼlumotga koʻra, mablagʻlar boshqaruvi ustidan bor masʼuliyat mutlaq Kottenga tegishli boʻlgan.

Quadriga kompaniyasi 31 yanvar kuni Kanada sudiga raqamli pullarni topa olmay qolganini bildirgan.

Maʼlumki, kriptovalyuta raqamli yoki virtual pul birligidir.

Kottenning bevasi Jennifer Robertson marhum turmush oʻrtogʻi biznes ishlarini yuritgan noutbukning “kodlangani va kalit soʻzni bilmasligi”ni iddao qilgan.

Orqaga ketgan biznes

Bundan besh yil muqaddam tashkil etilgan Quadriga kompaniyasi oʻtgan bir yil davomida katta moliyaviy muammolarga botib qolgan edi.

Kanada televideniyesi kompaniyada likvidlik bilan muammolar yuzaga kelgani haqida xabar tarqatgan. Joriy yilning boshida esa ushbu birja platformasiga tegishli $20 million mablagʻ muzlatib qoʻyilgan.

Birjaga pul tikkan investorlarning oʻz pulini qaytarib olishdagi kechikishlardan noroziligi kuchayib borgan.

Quadriga kompaniyasida professional investorlardan tortib shunchaki biroz pul ishlab olish niyatida boʻlgan odamlardan iborat, taxminan, 115,000 mijoz mavjud.

Endilikda, moliyaviy mutaxassislar fikricha, ularning oʻz pulini qaytib olish imkoniyati deyarli yoʻq.

“Odamlar menga maktub yoʻllab va qoʻngʻiroq qilib, nafaqa uchun yigʻib qoʻygan oxirgi pulidan ham ayrilganidan shikoyat qilmoqda,” degan huquqshunos Kristin Duhaym CBC telekanaliga.

“Menimcha Quadriga ancha vaqt faoliyat yuritib, Kanadadagi eng katta birja boʻlganidan odamlar unga ishonishgan.“

Kottenning vasiyatnomasi

Xabar qilinishicha, ichak yalligʻlanishi xastaligidan azob chekib kelgan Kotten oʻlimidan atigi ikki hafta oldin oʻz vasiyatnomasini rasmiylashtirgan.

Hujjatda u rafiqasini butun mol-mulkining boshqaruvchisi etib tayinlagan.

Ammo vasiyatnomada Quadriga platformasidagi raqamli mablagʻlarni qanday qaytarib olib mumkinligiga toʻgʻrisida hech narsa deyilmagan.

Chuv tushgan mijozlar

Shaxsi oshkor etilmagan manbaning maʼlum qilishicha, Quadriga, hatto, Kottenning oʻlimidan soʻng ham foydalanuvchilardan depozitlar qabul qilishda davom etgan. Robertson xonimning oʻzi bu iddaoni sudda tasdiqlagan.

Hozirda kriptotangalarni tiklashning deyarli imkoni boʻlmayapti.

7 fevral kuni kompaniya “raqamli hamyonda saqlangan kriptopullarni topish va ularni muhofazalash“ masalasi ustida ish olib borayotgani haqida xabar tarqatgan.

Qayd etish joiz, soʻnggi vaqtlarda kriptovalyutalar bilan tez-tez muammolar yuzaga chiqmoqda.

Masalan, ehtimol, dunyodagi eng mashhur kriptovalyuta boʻlmish Bitcoinʼning narxi 2017 yilning dekabr oyida $20,000 edi. Biroq bu raqamli valyutaning bir “tangasi” hozirga kelib, atigi $3,500 ga baholanmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?