Bir nechta jinoyatlarda ayblangan Fargʻonadagi maktab direktoriga chiqarilgan sud hukmi bekor qilindi

15:35 13 Fevral 2019 Jamiyat
452 0

Illyustrativ foto

Fargʻona viloyati Oʻzbekiston tumanidagi 49-umumtaʼlim maktabi direktori Rustam Hakimovga nisbatan chiqarilgan sud hukmi bekor qilindi. U butunlay oqlandi, deb xabar qiladi OʻzA.

Direktor R. Hakimov 500 ming soʻm ijara pulini foydalanuvchidan naqd pul tarzida olib, davlat manfaatiga jiddiy ziyon yetkazgan deb Jinoyat Kodeksining 205-moddasi bilan, 2005-2012 yillarda 1 million 579 ming soʻm ijara pulidan 789 ming 900 soʻmini mahalliy byudjetga oʻtkazmasdan maktab manfaati uchun sarflab, davlat manfaatiga jiddiy ziyon yetkazgan deb 206-moddasi bilan, rasmiy hujjatlarni takroran soxtalashtirgan deb 209-moddasi bilan, guruh boʻlib, takroran 5 ta epizodda davlatning jami 4 million 185 ming soʻmlik mulkini talon-toroj qilgan deb, 167-moddasi bilan sudlangan edi.

Jinoyat ishi kassatsiya sudida direktor R. Hakimov va himoyachining shikoyati asosida koʻrib chiqilib, sud hukmi bekor qilindi. Ish boʻyicha jinoiy hodisa yuz bermagani va harakatlarida jinoyat tarkibi boʻlmagani sababli maktab direktori aybsiz deb topildi.

Aniqlanishicha, maktab maʼmuriyati 2011 yil 1 sentyabrda maktab bufetini oyiga 62 ming 920 soʻm evaziga ijaraga bergan. Maktab pedagogik kengashi tomonidan 2011 yil 11 noyabrdan boshlab, ijara puli 650 ming soʻm qilib belgilangan. Ijarachi va maktab maʼmuriyatida shartnoma tuzish, oʻzgartirish va bekor qilish yuzasidan yetarli huquqiy bilim boʻlmagani oqibatida nizo kelib chiqqan. Ijarachi mazkur nizo yuzasidan tegishli sudga murojaat qilish oʻrniga, huquqni muhofaza qiluvchi organga ariza bilan murojaat qilib, direktor 62 ming 920 soʻm oʻrniga 650 ming soʻm ijara toʻlashni talab qilayotgani uchun unga nisbatan chora koʻrishni soʻragan. Arizaga asosan tezkor-tadbir oʻtkazilib, direktor R. Hakimov S. Marajabovdan 650 ming soʻm ijara toʻlovi hisobidan 500 ming soʻm olgan vaqtda (pora olgan deb) ushlangan.

Quyi sud, ijarachi ijara pulini maktab hisobchisi, xoʻjalik ishlari mudiri, direktor oʻrinbosari yoki direktoriga har oy naqd pul tarzida berib kvitansiyalarni toʻliq olib kelgani va pedagogik kengashda ijara puli 650 ming soʻm qilib belgilanganidan xabardorligi, tezkor tadbirda direktor olgan 500 ming soʻm ham ijara toʻlovi ekani, direktor 500 ming soʻm ijara pulini naqd olib buxgalteriyaga kirim qildirish orqali davlat yoki ijarachi manfaatiga jiddiy ziyon yetkazilmagani aniqlangan boʻlsa-da, direktorning ushbu harakatini Jinoyat Kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan oqlash oʻrniga, mansabini suiisteʼmol qilgan deb 205-moddasi (mansabini suiisteʼmol qilish) bilan asossiz ayblagan.

Yana direktor ixtisoslashtirilgan qoʻshimcha sinf oʻquvchilarining oziq-ovqati uchun ota-onalardan 21 million 37 ming soʻm naqd pul yigʻib, asossiz sarflab, ularni manfaatiga juda koʻp miqdorda ziyon yetkazgan deb ayblangan edi.

Yuqori sudda, ushbu pullarni ota-onalar yigʻilishining qaroriga asosan ota-onalar ixtiyoriy yigʻib oʻzlari sarflashgani, unga direktorning daxli boʻlmagani, ota-onalarning oziq-ovqat uchun pul yigʻishi natijasida na davlat va na ota-onalar manfaatiga koʻp miqdorda zarar yetkazilmagani aniqlandi. Bundan tashqari, rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirib, byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirgan deb, Jinoyat Kodeksining 167 va 209-moddalari bilan ham ayblangan edi.

Yuqori sudda, talon-toroj jinoyatiga daxldor yoki guvoh deb topilgan barcha shaxslar soʻroq qilindi. Jinoyat ishi yuzasidan toʻplangan barcha hujjatlar sinchkovlik bilan xolisona oʻrganib chiqildi. Ammo direktorning davlat mulkini talon-taroj qilgani aniqlanmadi.

Shu sababli maktab direktoriga sud muhokamasi oʻtkazilgan mazkur ishning ayrim epizodlari boʻyicha jinoiy hodisa yuz bermagan (u tomonidan qoida buzilgan boʻlsada, jinoyat emas) va ayrim epizodlari boʻyicha direktorning harakatlarida jinoyat alomatlari yoʻq (u tomonidan qonunga zid harakatlar qilinmagan) deb topilib, oqlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?