Bir necha yillar oldin Oʻzbekiston sayyohlik salohiyatini Rossiya bozorida ilgari surishda qandaydir “jimjitlik” kuzatilgan

18:46 28 Fevral 2019 Jamiyat
327 0

Illyustrativ foto

Mamlakatimizning Moskvadagi elchixonasida Rossiyaning yetakchi sayyohlik kompaniyalari, ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-akademik va ishbilarmonlik doiralari vakillari ishtirokida ishchi seminar tashkil etildi.

Uchrashuvni Oʻzbekistonning Rossiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Botirjon Asadov ochib berdi. U bugungi kunda yurtimizda turizm tarmogʻini yanada rivojlantirish, xizmatlarni diversifikatsiya qilish va sifatini yaxshilash, infratuzilmalarni takomillashtirish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini alohida taʼkidlab oʻtdi.

Muloqot tashkilotchilaridan biri boʻlgan Rossiya turoperatorlari uyushmasi ijrochi direktori Mayya Lomidze Oʻzbekistonning Moskvadagi diplomatik missiyasining mamlakat sayyohlik salohiyatini Rossiya yoʻnalishida ilgari surish boʻyicha saʼy-harakatlari sezilarli darajada faollashganini eʼtirof etdi. Uning fikricha, elchixonada oʻtkazilgan tadbir Rossiya turizm jamoatchiligi bilan hamkorlikni kengaytirish, oʻzaro foydali qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish hamda roʻyobga chiqarish yoʻlidagi birinchi qadamga aylandi.

“Ushbu seminar sharofati bilan bizda oʻzaro hamkorlik boʻyicha aniq tasavvur shakllandi. Biz mavjud muammolarni belgilab, ularni hal etish yoʻllarini muhokama qildik, Oʻzbekistonga sayyohlar oqimini koʻpaytirish boʻyicha oʻzaro hamkorlikdagi faoliyatimizning ustuvor yoʻnalishlarini aniqlab oldik. Xususan, oʻzbek turoperatorlari Rossiya bozorini yanada yaxshiroq oʻrganishlari, u uchun eng muhim va afzal boʻlgan narsalarni tushunishlari, maqsadli auditoriyani aniqlashlari lozim. Binobarin, Moskvada ikki davlat turizm jabhasi vakillari oʻrtasida B2B formatida uchrashuv oʻtkazishni maqsad qildik. Bundan tashqari, yaqin vaqt ichida Oʻzbekistonga mamlakatni yanada puxta oʻrganish uchun maxsus ekspertlar guruhini yuboramiz. Safar yakunida mutaxassislarimiz Rossiyada talabgir boʻladigan mazmunan qiziqarli va narxi qulay sayyohlik mahsulotlarini ishlab chiqish boʻyicha aniq tavsiyalar berishadi”, dedi Mayya Lomidze.

Oʻz navbatida, voqeiy turizm milliy uyushmasi prezidenti Oleg Alekseyev turizm biznesidagi hamkorlikning muhim yoʻnalishlari belgilab olinadigan bunday uchrashuvlarni oʻtkazish vaqti kelganini qayd etdi.

“Tan olish kerak, bir necha yil oldin Oʻzbekiston sayyohlik salohiyatini Rossiya bozorida ilgari surishda qandaydir “jimjitlik” kuzatildi. Oxirgi yillarda ushbu tendensiya yoʻqqa chiqqanini koʻrish quvonarli. Oʻzbekistonda madaniy-dam olish, sport, koʻrgazma va boshqa ommaviy tadbirlarning yagona milliy taqvimi ishlab chiqilayotgani haqidagi yangilik biz uchun ham yoqimli boʻldi. Bundan buyon respublika boʻylab turistik yoʻnalishlarni ishlab chiqishda ushbu grafikka tayanamiz”, dedi Oleg Alekseyev.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?