“Bir million daraxt“ shiori ostida daraxt ekish aksiyasiga start berildi

17:40 15 Noyabr 2019 Jamiyat
813 0

Qashqadaryoda “Yuksalish“ umummilliy harakati tashabbusi bilan respublika miqyosida oʻtkazilayotgan “Bir million daraxt” shiori ostidagi aksiya tadbirlariga start berildi.

Tabiatni muhofaza qilish bugungi kunning eng dolzarb muammolardan biriga aylandi. Fan-texnika taraqqiyoti, turli demografik jarayonlar, global iqlim oʻzgarishi kabi bir qator ekologik muammolar bugun jahon hamjamiyatini asosli ravishda tashvishga solmoqda.

Bu borada mamlakatimizda ham keng koʻlamdagi islohotlar amalga oshirilib, yerosti va yer usti boyliklari, oʻsimlik va hayvonot dunyosi Konstitutsiyamizning alohida bandi, shuningdek bir qator tegishli qonunlar bilan davlat muhofazasiga olinib, ulardan oqilona foydalanish, asrab-avaylab kelgusi avlodlarga ham yetkazish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Mavjud daraxtzorlarning kamayib borishi hamda iqlim oʻzgarishi oqibatlariga qarshi kurashish, odamlarni ixtiyoriy ravishda ommaviy birlashtirish orqali qulay atrof-muhitni yaratish, Oʻzbekistonda daraxtlarni saqlash, tiklash hamda koʻpaytirish muammolariga jamoatchilikning eʼtiborini qaratish ushbu aksiyaning asosiy maqsadi qilib olindi.

Qarshi shahridagi “Vatanparvarlar“bogʻida oʻtgan dastlabki tadbirda “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Akmal Burxanov, “UzWaterAware” Markaziy Osiyo hududiy ekologik markazining Oʻzbekistondagi filiali, viloyat hamda shahar hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdilar.

Toshkent axborot-texnologiyalari universiteti Qarshi filiali, Qarshi tumanidagi “Qovchin” MFYdagi akademik litseyida davom etgan tadbirlarda Yevropa ittifoqi tomonidan moliyalashtiriluvchi “UzWaterAware” Markaziy Osiyo hududiy ekologik markazining Oʻzbekistondagi filiali loyihasi tomonidan taqdim etilgan suvni tejovchi “Gidrogel” vositasi yordamida 520 dan ortiq mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekildi.

-Mamlakatimizda ikki marotaba, oktyabrdan dekabrgacha va fevraldan aprelgacha oʻtkazilishi koʻzda tutilgan ushbu loyihada tuman va shaharlarda, mahalla va qishloqlarda, koʻchalar va xonadonlarda daraxt koʻchatlari oʻtqazish, taklif va tashabbuslarni inobatga olib, hududlar, tashkilot va boshqarmalar kesimida daraxt ekish boʻyicha taqsimot ishlab chiqildi, -deydi “Yuksalish“ umummilliy harakati Qashqadaryo viloyat hududiy boʻlinmasi bosh mutaxassisi Rustam Annayev. -Aksiya tadbirlari joriy yilning 20-dekabr kuniga qadar davom etadi.

Ahad Muhammadiyev,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?